O‘zbekiston qanday hujumdan himoyalanmoqchi?

Image copyright ferghana.ru
Image caption Toshkentga kiraverishdagi yangi ulkan tekshiruv majmualari yonida merganlar yashirinadigan hujraga o‘xshash pastqam inshootlarni ham ko‘rish mumkin

Toshkentda kiraverishdagi tekshiruv maskani yonida qurilgan pastqamgina bir necha g‘alati "ko‘zli" pastqam inshootlar suratkashlar e‘tiborini tortgan.

Ushbu suratlarni e‘lon qilgan ferghana.ru xabar agentligiga ko‘ra, ular xuddi merganlar yashirinishi uchun mo‘ljallangan himoya inshootiga o‘xshaydi.

Yoki aksincha, bu inshootlarda yashirinib, tashqaridagilarni o‘qqa tutish imkoni ham katta bo‘lishi mumkin.

Aftidan, harbiy tahlilchilar ham bu inshootlarning merganlarga mo‘ljallangani ehtimolini qayd etishsa-da, ammo uzoqqa mo‘ljallangan himoya inshooti uchun o‘ta muvaffaqiyatsiz chiqqanini urg‘ulashgan.

Mutaxassislar shuningdek, biron strategik muhim ob‘ekt bo‘lmagan yerlarda, bir viloyatdan boshqa viloyatga yoki katta shaharga kiraverishdagi postlarda bu kabi merganxona tiklanishini sabablarini tushunmasliklarini aytishgan.

"Biz hali bu inshootlardan asl maqsad nimaligini to‘liq bila olmadik va shu bois ham aniqroq ma‘lumot uchun jamoatchilikka ham murojaat etganmiz" - deydi ferghana.ru muharriri Daniil Kislov.

Viloyat yo davlat chegarasi?

So‘nggi paytlari O‘zbekistonning ichkarisida, bir viloyatdan boshqasiga o‘tadigan DAN maskanlari yonida ulkan tekshiruv majmualari barpo etilmoqda.

Bu maskanlar avtomobillarni to‘xtatish, ularni muayyan muddat tutib turish va odamlarni tekshirishni kuchaytarishni ko‘zda tutadi.

Merganlar yashirinadigan himoya inshootlari ham aynan ana shunday usti yopiq tekshiruv maskanlari yaqinlarida tiklanmoqda.

Image copyright ferghana.ru
Image caption So‘nggi paytlari O‘zbekiston o‘z fuqarolarining ichkarida harakatlanishini tekshirishni ham kuchaytirgan

"Yangi bahaybat tekshiruv postlari xuddi ikki davlat o‘rtasidagi chegara o‘tish maskanlariga o‘xshaydi" - deydi O‘zbekistonda bo‘lib qaytgan xorijlik sayyoh.

Darhaqiqat, O‘zbekiston nafaqat chegara o‘tish nuqtalarida, balki ichkarida ham aholi harakatlanishini qattiq nazorat ostiga olmoqda.

Hali barcha viloyatlarda usti yopiq tekshiruv maskanlarini qurish nihoyasiga yetmagan. Ammo ishga tushirilganlarida ba‘zan turnaqator mashinalar tizilib ketishi aytiladi.

Mustaqillik bayrami oldidan esa Toshkentga kirish amrimahol. Shahar ichida ham O‘zbekistonning o‘z fuqarolari tekshirilib, bozor joylarni mardikorlar va ko‘chalarni tilanchilardan tozalash ishlari kuchaytiriladi.

Prezident Karimov Rossiyada og‘ir ishlarni qilib, bola-chaqasini boqayotgan o‘zbeklarni "dangasalar" deb atab, O‘zbekistonda "qo‘lini uzatib turgan gadoy qolmaganini" iddao qilganidan beri, ko‘plab militsiya xodimlari mardikor hamda tilanchi "oviga" safarbar etilayotgani kuzatilmoqda.

Viloyatlar o‘rtasida va katta shaharlarga kiraverishda davlat chegara maskani kabi ulkan tekshiruv nuqtalari va merganlar yashirinadigan hujralar qurilayotgani esa chetdan qaraganda, mamlakat jiddiy xavf ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rmayaptimi, degan fikrlarni uyg‘otishi mumkin.

"Bayram paytlari shundoq ham mamlakat ichkarisida yurish qiyinlashadi va DAN postlariga qurollilar ham tashlanadi" - deydi Toshkentga tez-tez qatnovchi janublik tijoratchi ayol.

"Endi qo‘riqchilar uchun usti yopiq ayvonlar va yashirinadigan hujrachalar kurishayotgandir-da. Biz bunaqa choralarga ko‘nikib qolganmiz".