"Keniya savdo markaziga hujumda Norvegiya fuqarosi bosh qo‘shgan"

Image copyright Reuters
Image caption Hali hujumlarning o‘lim yoki tirikligi ma‘lum emas

Norvegiya politsiyasi Keniyadagi Westgate savdo markaziga hujum bo‘yicha gumondorning ismini oshkor qilgan.

BBC Nyusnayt (BBC Newsnight) dasturiga ma‘lum bo‘lishicha, ushbu shaxs asli Somalidan Norvegiyaga kelib fuqarolik olgan Hasan Abdi Zuhulovdir.

23 yoshli Hasan Abdi Zuhulov hujumni rejalash va amalga oshirishga ko‘maklashishda gumon qilinmoqda.

BBC Newsnight uning Norvegiyadagi qarindoshi bilan suhbatlashgan. Suhbatdan ayon bo‘lishicha, Hasan Abdi Zuhulov 2009 yil Larvik shaharchasidan Somaliga qaytib ketgan.

Nayrobida "Al-Qoida"ga aloqador "Ash-Shabab" islomiy jangari guruhi amalga oshirilgan hujum 67 insonning umriga zomin bo‘lgan. Hodisalar 21 sentyabr shanba kuni boshlanib, to‘rt kun davom etgandi.

O‘tgan hafta Norvegiya Josuslik xizmati Westgate savdo markaziga hujumda o‘z mamlakati fuqarosi bosh qo‘shgani borasidagi xabarlarni tekshirish uchun Keniyaga zobitlarini yo‘llagan.

Hozirgacha savdo markazida yuz bergan amaliyotda qancha sondagi jangari ishtirok etgan noma‘lum qolmoqda.

Boshida politsiya savdo majmuasi ichkarisida 10-15 nafar hujumchi borligini taxmin qilgandi. Biroq, keyinroq Keniya rasmiylari savdo markazi ichkarisidagi videokameralarda tushgan tasvirlarni oshkor qilgan, ularda faqat 4 kishi ko‘rinadi.

Keniya va Norvegiyadagi manba‘larning BBC Newsnight dasturiga aytishlaricha, Hasan Abdi Zuhulov ana shu to‘rt odamdan biri ekaniga ishonilmoqda.

Hali hamon Westgate savdo markazi vayronalari ostidan dalillar izlanmoqda. Ammo, hali biron bir jasadning shaxsni aniqlangani yo‘q va hujumchilar o‘lik yoki tirikligi ham qorong‘u qolmoqda.

Hasan Abdi Zuhulov

Zuhulov Somalida tug‘ilgan. U oilasi bilan 1999 yil Norvegiyaga qochoq sifatida borgan.

Nomi sir qolishini istagan qarindoshlaridan biri Zuhulov 2009 yil Somaliga qaytib ketganini aytgan.

Qarindoshining aytishicha, Zuhulov oilasiga kamdan-kam hollarda qo‘ng‘iroq qilgan, oxirgi bor yozda bog‘lanib, boshiga ish tushgani va uyga qaytmoqchiligi haqida aytgan.

U savdo markazi ichkarisidagi videokameraga tushgan yozuvlarga qarab: "Nima o‘ylashni, o‘zimni qanday his qilishni bilmayman... agar shu u bo‘lsa, uning miyasini aynitishgan", deydi.

Nyusnayt uchun tayyorlagan xabarida Gabriel Geythouz Oslodan 120 chaqirim uzoqda joylashgan Larvik shaharchasiga safar qilgan.

Shaharchada Hasan Abdi Zuhulovning oilasi yashab keladi.

Sobiq qo‘shnilardan biri Zuhulovni bir necha yildan beri ko‘rmaganini aytadi.

"U o‘ta qiziqqon edi, Norvegiyadagi hayotni yaxshi ko‘rmasdi... tashvish orttirardi, urushardi, otasi doim undan xavotirda edi", deydi Morten Henriksen ismli qo‘shni Zuhulovning o‘smirligi haqida gapirarkan.

Shuningdek, u videotasvirdagi hujumchilar ichidan qora ust-bosh kiygani Zuhulov bo‘lishi mumkinligini aytadi.

"Ikki madaniyat o‘rtasida"

Norvegiyadagi Xavfsizlik va siyosiy Islom bo‘yicha markaz mutaxassisi Stig Hansenning Nyusnaytga aytishicha, u Norvegiya fuqarosi hujumga bosh qo‘shgani haqida eshitib hayron bo‘lmagan.

Janob Hansenga ko‘ra, hozirgacha 20-30 norvegiyalik "Ash-Shabab" guruhiga qo‘shilish uchun Somaliga ketgani ma‘lum.

"Eng katta muammo - "1.5 avlod" nomini olgan o‘smirlar. Ular Norvegiyada tug‘ilmaganlar, anchayin yosh paytlari kelib qolishgan. Ushbu yoshlar ikki madaniyat o‘rtasida qolishgan", deydi u.

"Ash-Shababga Somali haqida u qadar ko‘p bilmaydigan odamlar kerak. Bu hol guruh manfaatiga xizmat qiladi. Ayni shu holat "Ash-Shabab" kun tartibiga xalqaro tus beradi. Shu bilan birga, ular bu yoshlarni xatarli odamlarga aylantirishlari mumkin".

"Ash-Shabab"ning keniyalik rahbarlaridan biri ham Norvegiyada ma‘lum muddat bo‘lgani haqida xabarlar chiqqandi. Amerika maxsus kuchlari Somalida uni tutish uchun reyd o‘tkazgan, ammo bunga muvaffaq bo‘lishmagan.

Norvegiya telekanali xabariga ko‘ra, Abduqodir Muhammad Abduqodir 2004 yil Norvegiyaga kelib boshpana so‘ragan, biroq 2008 yil bu borada qaror berilishidan oldin yana mamlakatni tark etgan.

Norvegiya rasmiylari esa, mazkur xabarlarga izoh berishmagan.