Tojikiston: Matbuotning kuchi... Prezidentga ham yetadimi?

Image copyright none

"Prezidentga yaqin insonlar uni obro‘sizlantirish bobida musobaqa qilishmoqda", " Saylov shaffof o‘tadi deyish mushkul", "Xayr, Prezident kursisi", "Tojik militsiyasi kimni qo‘riqlaydi", "Muxolifat keskin chora ko‘rishga shaylanmoqda"... Bularning bari bugungi Tojikiston gazetlaridan olingan sarlavhalardir.

Bu sarlavhalarning o‘ziyoq bir ma‘noda Tojikistondagi matbuotning bugungi holatini yaqqol namoyon etadi.

Rost, Tojikistondagi ijtimoiy siyosiy hayot o‘tgan o‘n kunlar ichida anchayin qizib qoldi.

Ammo, bu turdagi sarlavhalar va yo o‘zbek matbuotini o‘qib o‘rgangan ko‘zni "ochib" qo‘yadigan chiqishlar tojik matbuotiga yot emas.

Tojikiston gazetalari, xabar agentliklari, internet nashrlarning asosiy mavzusi, tabiiyki, yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovi bilan bog‘liq.

Ana o‘shalar orasida muxolifatning prezidentlikka nomzodi Oynixol Bobonazarovaning "etarlicha imzo to‘play olmadi" qabilidagi tushuntirish bilan poygadan chetlatilishi edi.

Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar tom ma‘noda "portlab" ketdi.

Gazetalarda esa, saylov komissiyasining qarorini ochiqchasiga tanqidlar, Bobonazarova xonim tarafdorlarining g‘azabini ifodalovchi chiqishlar yoritildi.

Prezidentni nomsiz o‘quvchilar ko‘proq "kaltaklashmoqda"

Image copyright none

Aziya-Plyus nashri o‘z o‘quvchilarining fikrlariga o‘rin berdi.

A‘zo nomli o‘quvchi " Hammasi befoyda, hozirdanoq lozim bo‘lgan nomzod uchun imzo bilan saylov qog‘ozlari tayyor. Muqobil qutilarga solib chiqilgan.Saylovchilar kelmasa ham ular ovoz berishgan va yoki ularning o‘rnidan ovoz berishadi.

Mahalliy hokimlar o‘zlarining "yog‘li "joylaridan ayrilishni istashmaydi", deb yozadi.

Shavkat ismli boshqa bir o‘quvchi esa bu saylov jarayonini Imomali Rahmon ishtirokidagi tsirk deb ataydi. "Muqobil nomzodlarning yuzida prezidentlik kursisi uchun kurash nuqsi yo‘q", deb yozadi.

Ayni nashrning internet sahifasida Prezident Rahmonning mamlakat shimoliga bir oy ichida ikkinchi bor safar qilishi yoritilgan.

Yana o‘z o‘quvchilarining fikrlariga o‘rin berar ekan, aksariyat Prezidentning shimolga safarini savol ostiga oladi, o‘quvchilardan biri "shundoq ham farovonroq bo‘lgan viloyatda nima qilib yuribdi u, Xatlonga borsin, ayrim nohiyalar Afg‘onistonni eslatadi", deya mamlakat rahbari va yo bu yerda mulozimlar va rasmiy matbuoti "Janobi Oliy Mo‘htaram Prezident" deb nisbatlaydigan Imomali Rahmonga dakki beradi.

Oynixol Bobonazarova bilan onlayn suhbatda Sharofiddin nomli o‘quvchi: "Aytinchi, sizning Prezident Rahmondan qanday farqingiz bor?" deb so‘ragan.

Muxolifatning ro‘yxatga olinmagan yagona nomzodi: "Men boshqaman, Rahmondan farq qilaman, o‘z tarbiyam, ta‘lim ko‘rganim, hayotiy tajribam va e‘tiqodim bilan farq qilaman", deb javob beradi.

Ayni javob onlayn suhbatga sarlavha bo‘lganining o‘ziyoq mustaqil nashrlarning ta‘bir joiz bo‘lsa qanchalar mustaqil ekanini ko‘rsatadi...

Matbuot mulozim va uning ...o‘g‘liga qarshi

Poytaxt Dushanbedagi istalgan taksi haydovchisi bilan gaplashsangiz, aksariyat tunda "katta rahbarlarning" arzandalari poytaxt ko‘chalarida qimmatbaho mashinalari bilan poyga qo‘yishlari haqida hikoya qilishadi.

Image copyright non

Aksariyat taksichilar bu hikoyalarida albatta davlat rahbarlarining nafaqat bunaqa "taltaygan" avlodlarini balki ajdodlarini ham "surishtirishadi".

Tojikiston matbuotining asosiy mavzulari qatoridan o‘rin olgan so‘nggi avtohalokatda ham ana shunday "katta rahbarlar"dan birining o‘g‘li "qahramon".

11 oktyabrda ro‘y bergan avto halokat aybdori Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, mamlakat temir yo‘llar rahbari Amonullo Hukumatulloning 16 yashar o‘g‘li Rasuli Amonullodir.

Ayni avtohalokatda uch kishi qurbon bo‘lishi tojik matbuotini "oyoqqa turg‘azdi".

Aksariyat gazetalardagi maqolalarda Prezident Imomali Rahmondan Amanulloh Hukumatullohning zudlik bilan ishdan olinishi talab qilindi.

Qanday qilib 18 yoshga to‘lmagan o‘spirin mashina haydashga ruxsat olgani so‘roqqa tutildi.

Jurnalistlardan biri esa: "Agar Prezident Rahmon Temir yo‘llar rahbarini ishdan olmasa, uning o‘zi "ishga layoqatsiz" ekanini qisman isbotlaydi", deb yozdi.

Satrlar orasidagi ma‘noga e‘tibor beradigan bo‘lsangiz, bu avtohalokat Tojikistondagi barcha to‘planib qolgan muammolarni "ko‘tardi"...

Qator savollar o‘rtaga otildi.

Nima uchun rahbarlarning hali yoshi yetmagan farzandlariga mashina haydash uchun ruxsat beriladi?

Kim beradi bu ruxsatni?

Ular qimmatbaho mashinalarini qaysi maoshlari hisobiga sotib olishadi?

Nima uchun rahbarlarning yaqinlari aybdor bo‘lishsa ham jinoyatlar uchun jazosiz qolishadi?

Prezidentning bu voqealardan xabari bormi? Bor bo‘lsa nima uchun chora ko‘rmayapti?

Prezidentning bebosh rahbarlar va ularning yaqinlarini tiyib qo‘yishga kuchi yetadimi?

Mustaqil nashrlardan naf bormi?

Bu kabi qaltis savollarning matbuotda paydo bo‘lishi va yoki 65 yoshli taniqli inson huquqlari faoli va jamoat arbobi Bobonazarova xonim muxolifat nomidan nomzodini olg‘a surayotgani Tojikiston hukumatini ancha hushyor torttirib qo‘ygani tayin.

Aks holda, mustaqil jurnalistlarga ko‘ra, Bobonazarova xonimning nomzodidan hukumat cho‘chimagan va uni ro‘yxatga olgan bo‘lur edi.

Ammo, rasmiy nashrlarda ko‘p yillardan beri ishlab kelayotgan jurnalistga ko‘ra, bu kabi tanqidiy chiqishlar kecha paydo bo‘lgani yo‘q.

Oynixol Bobonazarova bilan bog‘liq chiqishlardan esa, naf yo‘q.

Image copyright none

"Nafaqat biz, ya‘ni "rasmiy"lar, balki mustaqil nashrlardagi hamkasblarning ham hafsalasi ancha pir bo‘lgan. Ular yozgani bilan biror narsa o‘zgarib qolmaydi...Keyingi yetti yil Tojikistonga kim prezident bo‘lishi ham tayin. Hamma narsa mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat bilan bog‘liq. Hozircha Rossiya bor bo‘lsin! Muhojirlarimiz pul jo‘natib turishibdi, odamlar nisbatan to‘q, bozorlarda to‘kin-sochinlik va eng muhimi tinchlik...Urushni esa hamma eslaydi. Hech kim u kunlarga qaytishni istamaydi", deydi rasmiy nashrlardan birida ishlaydigan jurnalist.

Har holatda ham Tojikiston matbuotini G‘arbdagi matbuot bilan qiyoslab bo‘lmaydi, ammo qo‘shni davlatlardagi so‘z erkinligi bilan solishtirsak, ayniqsa, o‘zbek matbuotiga qiyosan qaralsa ... farq yer bilan osmoncha.