Buyuk Ipak yo‘li durdonasi - qadim Balx xazinalari

Image copyright none
Image caption 15 asrga tegishli Xo‘ja Porso masjidini ta‘mirlash ishlari

Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatida dunyodagi eng muhim tarixiy ahamiyatga molik nuqtalar mavjud. Qadimiy Balx esa, "Shaharlar onasi" deb tanilgan.

BBC muxbiri Lynne O'Donnell ilk bor Balxga o‘n yildan ortiqroq vaqt muqaddam safar qilgandi. Bu gal muxbirimiz shaharning qadimiy xazinalarini kashf qilishga urinayotgan arxeologlar bilan birga borgan.

Afg‘oniston shimolida esayotgan issiq shamol changu to‘zonni osmonga ko‘taradi. Ayollar burqasi shamolda moviy to‘lqindek mavjlanadi. 40 daraja jaziramada qumtepalar osha haydab o‘tilayotgan qora echkilar ham tinkasi qurigan ko‘rinadi.

Ushbu manzillar - bir paytlar ko‘chmanchilaru o‘troq aholi, sarkardalaru sayyohlar, boringki, masihiylarni-da yetaklab o‘tgan karvon yo‘llari bo‘lgan. O‘tkinchilar o‘zlaridan ko‘plab sir-sinoatlarni qoldirishgan. Arxeologlar esa, hali hamon bu jumboqlarni yechishga urinishadi.

Mintaqa Osiyoning 4, 000 yillik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda diniy tarixi qoq markazi hisoblanadi.

Men Baqtriya tekistliklaridan 2001 yil o‘tgandim. Nyu York va Vashingtonga qarshi 11 sentyabr hujumlari ortidan Britaniya va Amerika kuchlari Tolibonni yeru ko‘kdan nishonga olayotgan payt men Afg‘onistonga O‘zbekiston tarafdan Amudaryo orqali kelgandim.

Image caption Minora 12 asrda bunyod etilgan

12 yil o‘tib, yana dunyoning eng qadimiy, eng nodir va eng buyuk tarixini o‘zida jamlagan hududni ziyorat qilish uchun qaytdim. Bu galgi hamrohlarim afg‘on va frantsuz qadimshunoslari...

Bu manzillar nafaqat Afg‘onistonning o‘tmishi, balki Hindistonu Chin va undan nariyoqdagi sarhadlar tamadduni beshigi hamdir.

Baqtriya tekistliklarida Afg‘onistonning sir-sinoatlarga to‘la tarixi xazinalari bekingan.

Ushbu sahrolarda Buyuk Aleksandr (Iskandar Zulqarnayn) qo‘shin surgan, Balx podshohi Oksiartni o‘ldirib, uning go‘zal qizi Raxshanak (Roksana)ga uylangan.

1, 500 yil keyinroq esa, Chingizxon bu yurtga dahshat solgan, shaharlar kulini ko‘kka sovurgan.

Zardo‘shtlik dini asoschisi Zardo‘sht ham 3, 500 yil muqaddam shu yerda yashab, ehtimolki, hayotdan ko‘z yumgan.

Ulug‘ alloma Jaloliddin Rumiy 13 asrda Balxda tavallud topgan.

Yangi terilga paxtalar ortilgan tuyalar karvonlari qurib qaqshagan cho‘llarni kesib o‘tib, unumdor Balx vohasiga qarab yurishgan.

Frantsiyalik arxeologlar oltiburchakli yirik qal‘ani o‘rab turgan devorlardan namunalar olishmoqda. Qal‘aning shaklu shamoyili faqat sun‘iy yo‘ldosh orqali olingan suratlarda ko‘rinadi. Ushbu inshoot ham himoya va ham suv uchun strategik muhim hisoblangan.

Ular metal naychani tuproqqa to‘ldirish uchun qal‘a poydevorini yanada chuqurroq kovlashadi. Parijdagi olimlar ushbu namunalarga qarab bino tarixini aniqlashga urinib ko‘rishlari mumkin. Hozir ular 2, 500 yillarni taxmin qilishmoqda.

Yaqin-atrofda joylashgan Davlatobod - Zadiandagi kichkina mehmondo‘st qishloqcha. U yerda Tolibon faol bo‘lgani uchun faqat qurolli politsiya hamrohligida borishga muvaffaq bo‘ldik.

Men kameramni ko‘tarishim bilan quduq boshidagi rang-barang ro‘mol o‘ragan qizaloqlar chinqirab qochishadi.

Afg‘oncha ust-bosh kiygan sallali erkaklar esa, bizni qarshilash uchun soyadan chiqib kelishadi.

Ko‘kka qarayman, meni g‘uborsiz osmon, quyoshda pishgan gildan tiklangan minoraning ulug‘vorligi hayratga soladi.

Image copyright none
Image caption To‘qqiz gumbaz masjidi ham qayta ta‘mirlanmoqda

12 asrda bunyod etilgan, Chingizxon va uning mug‘ul bosqinchilari hamda o‘shandan beri dunyoning ushbu nuqtasiga tinimsiz kelib-ketgan o‘tkinchilardan omon qolgan minora hamon nomsiz.

Chashmai Shifo vohasidagi yirik, sandonga o‘xshatib yo‘nilgan oq chaqmoqtosh ushbu hududlarda zardo‘shtiylikka e‘tiqod qilingani yagona dalilidir.

Mehrobning tekistlangan ust qismi chiroq yog‘i uchun quduqcha vazifasini o‘tagan. Ushbu yolqinni esa, butun vodiydan turib ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Frantsuz qadimshunoslari sandon Buyuk Aleksandr Raxshanakka uylangan payti ham shu yerda bo‘lganmikan-yo‘qligiga qiziqadilar.

Frantsuzlar Balxda qariyb 100 yildan beri izlanishlar olib borishadi. Ammo, bu faoliyat urushlaru bosqinlar tufayli bo‘linib turgan.

Qazish ishlari 1990 yillar oxirlarida, tarix faqat 7 asrdan Islom paydo bo‘lishi bilan boshlangan deb ishonuvchi Tolibon qudratga kelishi bilan ham to‘xtatilgandi.

Aslida Afg‘onistonda Islom Buddaviylik o‘rnida barpo etilgan. Tarixni nazar-pisand qilmasligini namoyish etgan Tolibon 2001 yil Bomiyondagi Budda haykallarini vayron qildi.

Bugun arxeologlar taraqqiyot va falsafani dunyoning to‘rt tomoniga tarqatishda Afg‘onistonning roli minglab yillarga borib taqalishini tasdiqlamoqdalar.

Image caption Mana bu chaqmoqtosh otashparastlarga tegishli bo‘lgani taxmin qilinadi

Ular nazarida, o‘tmishning buyukligi kelajak uchun namuna bo‘lishi kerak.

Asl Balx tarixdagi eng qadimiy va buyuk shaharlardan biri bo‘lgan.

Bugun undan qolgani - chang-to‘zonli dalalar, mashaqqatli qazish ishlaridan so‘ng bo‘y ko‘rsatib qolgan ulug‘vor devorlar... 7 yil ichida poydevorlarning 20 metrlik qisminigina qazishga muvaffaq bo‘lindi.

Devorlar osha esa, zamonaviy qishloq hovlilari... kir yoyiladigan dorlar, itlarini ta‘qib qilayotgan bolakaylar, arava tortib borayotgan eshaklar, chang uyurmalarini ko‘kka ko‘tarayotgan issiq shamol...

Keyingi hodisalar qay tomonga o‘zgarmasin, urushlar tugab, kelasi yil xorij kuchlari chiqib ketganidan so‘ng, Balx yana Afg‘onistonning uzoq yillik tarixi qa‘riga singib ketishiga shubha yo‘q.