Deportatsiya qilingan 15 yoshli qizga Frantsiyaga qaytish taklif qilindi

Image copyright AFP
Image caption Leonarda sinfdoshlari ko‘zi o‘ngida olib ketilgan

Frantsiya Prezidenti Fransua Olland o‘quvchilar avtobusidan chiqarib olinib, oilasi bilan deportatsiya qilingan Roma lo‘li qiz o‘qishini tamomlash uchun Frantsiyaga qaytishi mumkinligi, biroq uning oilasiga ruxsat yo‘qligini aytdi.

15 yoshli Leonarda Dibrani besh aka-ukasi, opa-singillari va ota-onasi bilan birgalikda oy boshida, boshpana arizalari qondirilmagach, deportatsiya qilingandi.

Mazkur ish mamlakat bo‘ylab talabalar guruhlari tomonidan norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi.

Shanba kuni chop qilingan hukumat tergovi deportatsiya qonunni buzmagan deya xulosa qilgan.

Biroq, tergov maktab o‘quvchilariga qarshi deportatsiya choralari o‘quv soatlaridan tashqarida amalga oshirilishi kerakligini tan olgan.

Dibranilar oilasi besh yil avval Kosovoni tark etib, Frantsiya sharqidagi Dubs viloyatida yashab kelishayotgandi. Ular Kosovoda lo‘li bo‘lganlari uchun kamsitilishlarini da‘vo qilib boshpana so‘raganlar.

Image copyright AFP
Image caption O‘quvchilar Leonardaning deportatsiya qilinganidan norozilik bildirib politsiya bilan to‘qnashdilar

Ularning boshpana arizasi qondirilmagach, mamlakatdan chiqarib yuborilishlari haqida qaror qabul qilingan. Ikki marta kechiktirilishi ortidan deportatsiya nihoyat oktyabr oyiga mo‘ljallangan. Oilaning otasi boshqa shaharda qo‘lga olinib, 8 oktyabrda mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Leonarda tun osha o‘z dugonasining uyida qolgan va politsiya oilani deportatsiya qilish uchun kelganida uyida bo‘lmagan.

Politsiya so‘ngra uni sinfdoshlari bilan bir kunlik safarga chiqqan vaqti maktab o‘quvchilari oldida olib ketgan. Butun oila o‘sha kuniyoq Kosovoga uchirilgan.

Janob Olland Frantsiya televideniyesi orqali chiqish qila turib: "Agar u Frantsiyada maktabni davom ettirishni istasa va buni so‘rasa, unga ruxsat beramiz", - deb aytdi.

Ayni damda u bu taklifnoma faqat Leonardaning o‘ziga qaratilganini urg‘uladi.

Leonarda oilasisiz yakka Frantsiyaga qaytmasligini bildirdi.

"Oilamni tashlab ketmayman. Maktabga borishi kerak bo‘lgan odam yakka men emas, aka-ukalarim va opa-singillarim ham bor", - deb aytgan u AFP xabar agentligiga.

Your contact details
Disclaimer