Uzwebiston: Gulnora Karimova oila mashmashasiga onasini ham tortgan

Image copyright none
Image caption Gulnora Karimova oila mashmashasiga onasini ham tortgan

Gulnora Karimova internetdagi Instagram va Twitter sahifalarida onasining "jodugarlik" bilan shug‘ullanayotganidan xavotirda ekanini bildirgan.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi bu haqida o‘tgan payshanba kuni yozgan, biroq kechga borib Twitter sahifasini butkul yopib qo‘ygan, Instagramda yozganlarini esa o‘chirgan.

21 oktyabr kechga borib Gulnora Karimovaning Twitter sahifasi yana ochilgan va unda ayni yozuvlarni hali ham ko‘rish mumkin.

15 oktyabrda Prezident Karimov rafiqasining jiyani Akbar Abdullayevga "Davlat mulkini talon-taroj qilish" hamda "Soliqlardan bosh tortish" moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani va u hibsga olingani xabar qilingandi.

Bunga munosabat bildirgan Gulnora Karimova o‘z xolavachchasining yonini olgan va o‘z oilasining bir qismini jodugarlar bilan do‘stlashishda ayblagandi.

"Oilaning bir qismi (ota) "ta‘minlash" bilan, boshqa qismi esa bu ta‘minotlarni yo‘qotish va jodugarlar ila do‘stlashish bilan ovora... Ba‘zida esa Toshkentdagi Xlebushkina nomidagi bolalar uyi peshtoqidagi "Bismillohu Rahmoni Rahim" degan yozuvlarni o‘chirish bilan", deb yozgan u Instagramdagi sahifasida.

Payshanba kuni esa uning folloverlaridan biri: "Jodugarlar hali ham bor ekanmi? Ularni axir inkvizitsiya ko‘p asrlar ilgari yoqib yuborgandi-ku?" - deya Gulnora Karimovaga savol berdi.

Bunga javoban Karimova xonim shunday javob bergan: "Aftidan, yo‘q :) Garchi onam Bismillohu Rahmoni Rahim degan muqqaddas yozuvlarni olib tashlashni buyurayotgan bo‘lsa va buni shahar markazida kuppa-kunduz kuni olomon va mulla oldida qilishayotgan bo‘lsa..."

Bu Gulnora Karimovaning onasiga qarshi ijtimoiy muloqot saytlarida qilayotgan ilk chiqishi bo‘lmoqda.

Gulnora Karimova so‘ngra bu mavzuni o‘z Twitter sahifasiga ko‘chirgan.

Image copyright none
Image caption Gulnora Karimova onasini "jodugarlikda" ayblagan

"Mana bunday g‘alati marosim haqida kim nima biladi: shamlar yulduz va uchburchak shaklida qatorga terib chiqiladi va yoqiladi, va nimadir qayta-qayta aytiladi? Onam uchun xavotir olayapman, bu nima?" - deya savol qo‘ydi.

Unga javob bergan folloverlaridan biri: "Dahshatli. Bu satanizm", - deya javob berdi.

Yana bir folloverining savoliga Gulnora Karimova onasi haqida mana bularni yozdi: "Tayoqchalar, toshchalar, eshiklarga esa quruq tayoqchalarni osib chiqayapti. Peshtoqlardagi Bismillohi Rahmoni Rahim degan yozuvni olib tashlashni buyurayapti?"

Image copyright none
Image caption Bu yozuvlarni Gulnora Karimova keyingi kuni o‘chirib tashlagan

Avvalroq AFP agentligi va qator G‘arb nashrlari Gulnora Karimovaning "jodugarlar" haqidagi ayblovlari o‘z singlisi Lola Karimova-Tillayevaga qaratilgan deya xabar tarqatgandi, chunki ayni tvitida Gulnora Karimova singlisi rahbarlik qiladigan “Sen yolg‘iz emassan” jamg‘armasini tanqid qilgan edi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning oilasidagi ziddiyat va bo‘linish avvaliga davlat boshining kenja qizi Lola Karimova-Tillayevaning BBC bilan yozishmalaridan ayon bo‘ldi.

Sentyabr oxirida BBC saytida chop chilingan yozishmalarda Lola Karimova-Tillayeva o‘z opasi bilan 12 yildirki gaplashmasligi, va uning prezident bo‘lib saylanish imkoniyatlarini past deb baholashini aytgandi.

Prezidentning ikki qizi O‘zbekistonda xayriya faoliyati bilan shug‘ullanadilar. "Sen yolg‘iz emassan" xayriya jamg‘armasining rahbari Lola Karimova-Tillayevaning o‘z tashkiloti tuzilishi bosqichida "ba‘zi kuchlar" to‘sqinlik qilgani haqidagi so‘zlarini matbuot opasi Gulnoraga qaratilgan deya talqin qilgan.

Gulnora Karimova tepada keltirilgan yozuvlar xususida, yo-da uning Twitter va Instagramdagi sahifalari xakerlar tarafidan o‘g‘irlangan-o‘g‘irlanmaganligi haqida qo‘shimcha hech narsa demagan yo e‘lon etmagan.

Ayni payt Toshkentda Gulnora Karimova boshqargan Fond Forum homiyligi ostida o‘tadigan "Oltin Gepard" kinofestivali boshlangan.