Eronda dorga osilib omon qolgan tutqun "yana dorga osiladi"

Image caption Eronda dorga osilib omon qolgan tutqun "yana dorga osiladi"

Xalqaro Amnesty tashkiloti Eronda dorga osilishi ortidan omon qolgan mahbusning qayta qatl etilmasligini so‘rab chiqqan.

Alirizo M nomli tutqun Eron shimoli-sharqidagi Bojnord shahridagi turmada o‘tgan hafta dorga osilishi ortidan o‘likxonada tirik topilgan.

U endi ikkinchi marta dorga osilishi uchun tibbiy muolaja olmoqda.

"U o‘lim jazosiga hukm qilingandi, shunday ekan yana o‘ziga kelganidan keyin dorga osiladi", - dedi Eron rasmiysi.

Inson haqlari tashkilotlariga ko‘ra, shariya qonunlariga bo‘ysunuvchi Eron qotillik, jinsiy zo‘rlash, josuslik va giyohvand moddalarni sotish kabi ayblovlar uchun o‘lim jazosini qo‘llash bo‘yicha Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

Eron matbuotida xabar qilingan ayri bir hodisada Ilam viloyatida qotillikda ayblangan kishining qarindoshlari turmaga granatalar otib, qatl marosimini to‘xtatishga uringanlar.

Hodisada 30 nafarcha odam jarohat olgan, lekin tutqun baribir dorga osilgan.

"Dahshatli kutish"

37 yoshli Alirizo M 12 daqiqa dorda osig‘liq turganidan so‘ng shifokorlar tomonidan o‘lik deya tasdiqlangan.

Ammo, uning qarindoshlari jasadni olish uchun ertasiga turma o‘likxonasiga borganlarida tutqun hali ham nafas olayotganini ko‘rganlar.

"Uni tirik topdik, ikki qizi juda ham xursand bo‘lishdi", - deb aytgan uning ismi-sharifi keltirilmagan oila a‘zosi.

Tutqun so‘ngra kasalxonaga ko‘chirilgan. Hozirda uni qurolli qo‘riqchilar qo‘riqlayapti.

"Bu odam butun dahshatni boshidan kechirganidan keyin yana dorga osilishini kutishi o‘lim jazosi naqadar shafqatsiz va noinsoniy amal ekanidan darak beradi", - dedi Amnestyning Yaqin Sharq bo‘yicha direktori Filip Lyuter.

U dordan omon qolgan kishini qatl etmaslik va Erondagi barcha qatl amallariga moratoriy o‘rnatilishiga chaqirdi.

Amnestyga ko‘ra, Eronda bu yilning o‘zida 508 odam o‘lim jazosiga hukm etilib, qatl qilingan. Ularning aksari giyohvand moddalar savdosida aybdor topilganlar.