Qozoq mujohidlari oilalari bilan Suriyaga jihodga ketgan

Image copyright none
Image caption Suriyaga jihod uchun kelgan qozoqlarning ayrimlari

7 yosh atrofidagi qozoq bolakay vatanida emas, balki bir necha ming chaqirim olisda, urush kechayotgan Suriya shaharlarining biridan turib she‘r o‘qiydi:

"Mana zamon o‘zgardi, Otlanajak kez keldi. Dilda iymon uyg‘ondi, Nayza qonga bo‘yaldi".

15 oktyabr kuni youtube.com portaliga qo‘yilgan video arabcha so‘zlar bilan "Suriyadagi 150 qozog‘istonlik jihodchi" deya nomlanadi.

Unda oilasi bilan Suriyaga hijrat qilgan qozoq oilalari aks ettiriladi. Tasvirlarda turli yoshdagi kichik o‘g‘il va qizlarni ko‘rish mumkin. Bolalar Qur‘on tilovat qiladi va islomiy she‘rlar aytadi. Ularning soni taxminan 20-30 nafarni tashkil qilishini ko‘rish mumkin. Bolakaylarning jismoniy mashq qilayotgan holat ham ko‘rsatilgan.

Keyin tasvirda 5 nafar erkak paydo bo‘ladi. Ularning ichida soqol va mo‘ylov o‘stirmagan yigit qozoq tilida gapiradi.

"Qur‘onda jihod to‘g‘risida ko‘p oyat va ko‘p hadislar keladi. Alhamdulillah, Shomga Allohning ne‘mati va mehribonligi bilan jihod qilishga keldik. Xudoga shukr, birodarlarimiz ko‘p. Mana shu yo‘lda shahid bo‘lgimiz keladi. Jannatni va Allohning yuzini xohlaymiz, inshaAlloh", - deydi u.

Qolgan erkaklar ham jihodning afzalligi va shahid bo‘lish niyatida Suriyaga kelgani haqida gapiradi. Ular Allohning farzini o‘rinlatish uchun joni va molini tikkanini aytisharkan, jang qilish uchun qurol bilan kelganini aytib qo‘lidagi avtomatni ko‘z ko‘z qilishadi.

Videoda shaharda bomba portlashi va ortidan "Allohu akbar" degan takbir hamda qozoq tilida "Alloh barakamizni ber" degan hayqiriqlar bor.

Jezqazg‘anlik mujohid oilalar

Video 21 oktyabr kuni youtube.com portali tomonidan olib tashlandi. Ammo u haqdagi xabarlar Qozog‘istondagi ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlariga tarqab ulgurdi. Hodisa keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Foydalanuvchilar bir qismi ushbu harakatlarni qoralasa, hijrat qilgan qozog‘istonliklarning yonini oluvchi toifa ham topiladi.

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi ushbu videodan xabari borligini va ayni damda undagi ma‘lumotlar o‘rganilayotganini bildirdi. Qo‘mita matbuot xizmati bu borada tez kunlarda izoh berilishini aytdi.

Qozog‘iston musulmonlar ittifoqi prezidenti Murat Telibekov qozog‘istonliklarning Suriyaga jangga ketgani borasida xabar anonim tarzda ittifoqqa bundan bir oy oldin kelib tushganini aytdi. Xabarda 50 nafar jezqazg‘anlik qozoqning oila va bola-chaqasi bilan Suriyaga ketgani aytilgan.

Image copyright none
Image caption Qozoq mujohidlari o‘zlari bilan Suriyaga olib ketgan yosh bolalarini ham jihodga undashmoqda

"Ular asosan chegarani kesib o‘tish oson bo‘lgan Misr va Turkiya orqali ketishadi. Ushbu manbalarning ta‘kidlashicha, ota onalarining e‘tirozi va ularni ushlab qolish haqidagi iltimosiga qaramasdan mahalliy hokimiyat jihodchilarni to‘xtatishga harakat qilmagan", - deydi Murat Telibekov.

Telibekov janoblari qozog‘istonliklarning issiq uyini tashlab jang maydonlariga oilaviy hijrat qilishini mamlakatda mavjud muammolar majmuasi bilan bog‘laydi.

- Kuch quvvatga to‘lgan yoshlar korruptsiyaga botgan jamiyatda hech qanday istiqbolni ko‘rishmaydi. Ijtimoiy tanazzul va o‘zini kashv qilishga imkoniyat yo‘qligi ularoni mana shunday yo‘llarga kirishga majbur etmoqda.

Mutaxassisga ko‘ra bundan tashqari mamlakatda faoliyat yuritayotgan jihodga tashviqotchilar ham yoshlarning bu kabi yo‘llarga kirib ketishiga asosiy sabablardan bo‘lmoqda.

Ismini oshkor qilishni istamagan Qozog‘iston Musulmon diniy idorasi xodimi jihodga jalb qilish va bunga hissa qo‘shish faqat Qozog‘istonda kuzatilayotgan hodisa emasligini aytadi. Unga ko‘ra yoshlar jihodga iqtisodiy qiynalganidan kirib ketayotgani yo‘q.

"Bu yerda hechqanday iqtisodiy qiyinchilik yo‘q. Bunday holat o‘tgan asrda ham bo‘lgan. Revolyutsiya qanday bo‘ldi. O‘sha vaqti yoshlar buni qo‘llab qurbon bo‘lishdi. Huddi shu kabi bugungi paytda ham ba‘zi bir siyosiy kuchlar o‘ziga o‘zi javob berolmaydigan, fikrni taroziga solib o‘lchay olmaydigan yoshlarni g‘oyasiga ilintirmoqda", - deydi diniy idora xodimi.

Suriyadagi janglarda muxolifat safida jang qilayotgan qirg‘izistonlik va tojikistonlik fuqarolarning borligi haqida rasman aytilgandi.

Mustaqil manbaalar janglarda o‘zbekistonliklar ham borligini da‘vo qilgan. Qozog‘istonliklarning urushda ishtirok etayotgani borasida hozircha rasman xabar qilinmagan.