London irqchilari Youtube "yulduz"lariga aylanishmoqda

Image copyright BBC World Service
Image caption London metrosida boshqa yo‘lovchilarni irqiy haqorat qilgan oq tanli shaxs hibsga olingan

Britaniya Transport politsiyasi bir kishi jamoatchilik tartibini irqiy haqoratlar bilan buzish aybi bilan hibsga olinganini tasdiqladi.

"Biz erkak yo‘lovchi metroning Beykerlu liniyasidagi poyezdda irqchi so‘zlarni ishlatgani tushirib olingan YouTube videosini olganimizdan keyin jinoiy tergov ochdik", – dedi politsiya voizi.

Besh daqiqadan ortiq davom etgan klipda gavdali erkak yo‘lovchi yapon ayolni haqorat qilgani namoyon bo‘ladi.

U o‘zining ikki amakivachchasi Ikkinchi Jahon Urushida yaponlar tomonidan o‘ldirilganini aytib, ayolni "qotil" deb ataydi.

U so‘ngra uni yashirincha videoga olayotgan yigitni so‘ka boshlaydi, hamda Folkland orollari urishi va Shimoliy Irlandiyadagi mojarolarda harbiy xizmat qilganini ro‘kach qilib, uni bir musht bilan yotqizishini aytadi.

Ayblanuvchining ismi-sharifi oshkor etilmagan. U garov asosida ozod etilib, 30 oktyabrda o‘zini politsiyaga topshirishi buyurilgan.

Aybdor topilsa, u qamoq jazosiga yuz tutishi mumkin.

Bu London metrosida yozib olingan ilk irqiy chiqish emas.

Aprelda sharqiy London yashovchisi Jaklin Vudxaus atrofida o‘tirgan barcha yo‘lovchilarning irqiy kelib chiqishlarini haqorat qilgani yozib olingan video omma orasida keng tarqalib ketgandi.

Videoda 42 yoshli Vudxaus xonim o‘zini behosdan turtib yuborgan qora tanli ayolni haqorat qiladi.

U so‘ngra atrofidagi aftidan osiyolik yo‘lovchilarning barchasi noqonuniy ravishda Britaniyada yashayotganlarini da‘vo qiladi.

Bu ham Jaklin Vudxausning birinchi "irqchi nutq"i emas. U avvalroq boshqa poyezdda qora tanli yo‘lovchilarga "Kongoga qaytib ket" deb aytgani uchun mahkama tomonidan aybdor topilgandi.

U o‘z g‘azabnok munosabatiga ichimlik sabab bo‘lganini aytib, qilmishidan afsusda ekanini bildirgan.