Moskva viloyatida 600 dan ortiq muhojir ushlangan

Image copyright Reuters

Rossiya Ichki Ishlar vazirligi reydiga asosan Podmoskoveda 675 mehnat muhojiri hibsga olingani xabar qilinmoqda.

Reyd davomida muhojirlik qonuni buzilganligi haqida 159 ma‘muriy hujjat tuzilgan, ulardan 105 tasi chiqarib yuborishni ko‘zda tutadi, deb bildiradi vazirlik.

Keyingi haftada Moskva shahri va viloyatida noqonuniy muhojirlarni aniqlash reydlari orqasidan yuzlab mehnat muhojirlari hibsga olingan edi.

Bu harakatlar Biryulevo tumanida sodir etilgan tartibsizliklardan so‘ng boshlangan.

Moskva politsiyasi bildirishicha, noqonuniy muhojirlikka qarshi "Signal" amaliyotini har juma kuni o‘tkazish ko‘zda tutiladi.

Ayni paytda Moskva viloyati Dolgoprudniy shahridagi "Vegetta" meva-sabzavot bazasida tekshirish ketyapti.

Federal migratsiya xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i Oleg Molodiyevskiyning aytishicha, Biryulevodagi baza yopilganidan so‘ng yuk va muhojirlar oqimi Dolgoprudniyga qarab yo‘nalgani bunday amaliyot o‘tkazishni taqozo etadi.

Millatchilik harakatlari

Biryulevodagi tartibsizliklar o‘tgan payshanba kuni 25 yashar Yegor Shcherbakovning rus bo‘lmagan bir kimsa tarafidan o‘ldirilishi ketidan yuzaga kelgandi.

13 oktyabr kungi namoyishga chiqqan yuzlab kishilar 25 yoshli Yegor Shcherbakovning qotilini tutishni talab qilganlar.

Rus millatchilari muhojirlar yashab, ishlaydigan joyga bostirib kirishgan. Ular "Rossiya -ruslar uchun, Moskva moskvaliklar uchun" deya shiorlarni aytib qichqirganlar.

Moskva janubida joylashgan Biryulevo mavzesida millatchilik ruhidagi ommaviy tartibsizliklardan bir kun o‘tib politsiya 1200dan ortiq mehnat muhojirini qo‘lga olgan.

Muhojirlarni tartibsizliklar ro‘y bergan meva-sabzavot bazasida ushlashgan.

O‘tgan haftada shuningdek, Moskva politsiyasi Biryulevoda 25 yoshli Yegor Shcherbakovning o‘ldirishda gumonlangan ozarbayjonlik O‘rxan Zeynalovni qo‘lga olganini bildirdi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ko‘plab muhojirlar oxirgi oylarda noqonuniy reydlar qurboniga aylanishmoqda.

Biryulevodagi hodisalar Rossiyada millatchilik kayfiyati tobora kuchayotganini isbotlaydi.