Facebook qatl videolarini ijtimoiy tarmoqqa qo‘yishga yana ruxsat berdi

Image copyright Facebook

Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilarga o‘z sahifalariga insonlarni qatl etish sahnalari tasvirlangan videolavhalarni joylashtirishga yana izn bergan.

Tarmoq rahbariyati ko‘plab shikoyatlar ortidan may oyida bunday lavhalarni nashr etishni vaqtinchalik taqiqlab qo‘ygan edi.

Endi esa, tarmoqning xulosa qilishicha, insonlar qatl etish sahnalari tasvirlangan videokliplarni erkin tomosha va muhokama qilish imkoniga ega bo‘lishlari kerak.

Biroq, Facebook rahbariyatiga ko‘ra, tarmoqdan foydalanuvchilar bunday hodisalarni ma‘qullamasliklari yoki olqishlamasliklari lozim.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi ba‘zi tashkilotlar tarmoq olgan qarorni tanqid qilgan bo‘lsalar, boshqalarari dastaklab chiqqanlar.

"Bunday ochiq lavhalarning insonlarga ta‘siri bir necha soniya davom etadi, biroq bu eng avvalo yoshlar ongida o‘chmas iz qoldiradi", - deydi sobiq psixolog Artur Kassidi.

"Lavha qanchalar ochiq va rangli bo‘lsa, uning buzg‘unchi kuchi shunchalar yuqori bo‘ladi ", - deya ogohlantiradi Kassidi.

Facebook tarmog‘iga yoshi 13 dan yuqori bo‘lgan shaxslar a‘zo bo‘lishlari mumkin.

Insonlar boshi tanasidan judoa etilishi tasvirlangan videolarni internetga qo‘yish, ayniqsa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Lotin Amerikasida mavjud jangari guruhlar orasida keng tarqalgan.

Yangi tartiblar

BBC Facebook siyosatining o‘zgargani haqida o‘z o‘quvchilaridan biri orqali xabardor bo‘ldi.

Manbaning aytishicha, shirkat niqobli erkak bir ayolning boshini tanasidan judo qilgan videotasvirni olib tashlashdan bosh tortgan.

Videoning Meksikada tasvirga tushirilgani taxmin qilinmoqda.

O‘tgan hafta interetga qo‘yilgan video lavhaga: "Chaqiriq. Bu videoni kim tomosha qila oladi?" deya nom berilgan.

"Bu videoni olib tashlang, uni ko‘plab begunoh yosh insonlar tomosha qilishi mumkin!!!" - deya izoh qoldirgan tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

"Bu jirkanch va dahshatli video darhol olib tashlanishi kerak... Men 23 yoshdaman, bir necha soniya tomosha qilgan bo‘lsam-da, juda ta‘sirlandim", - deb yozgan yana bir foydalanuvchi.

BBC aniqlashicha, Facebook o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqib, bundan buyon zo‘ravonliklar aks etgan videomateriallarni joylashtirishga ijozat berishga qaror qilgan.

Ammo, tarmoq ushbu videolarni joylashtirgan shaxs bu amallarni qo‘llab-quvvatlamasligini shart qilib qo‘ygan.

Facebook matbuot xizmati o‘z siyosatining o‘zgarganini hozircha izohlagani yo‘q.