Karimovaning telekanallari nimaga ishlamayapti?

Image caption Telekanallar faoliyatida uzilish Gulnara Karimova katta ishtiyoq bilan kutgan va boshchilik qilayotgan San‘at haftaligi ochilishiga to‘g‘ri kelgan

Gulnora Karimova tegishli deb ishonilgan telekanallar hanuz efirga qaytgani yo‘q. Telekanal xodimlari buni texnik nosozlik bilan izohlamoqda. Toshkent shahrida esa Gulnora Karimova boshchiligida san‘at haftaligi jonli efirsiz ochilmoqda.

ForumTV, TV Markaz, NTT va SofTv kanallari kabel va raqamli kanallar tarmog‘i hamda internet orqali efirga chiqmay qo‘ygan. Tasvirlar 21 oktyabr soat 10 da to‘satdan g‘oyib bo‘lgan.

Ushbu telekanallar rahbariyati hodisa yuzasidan rasman ma‘lumot bergani yo‘q. Ammo xodimlar texnik nosozliklar sababidan uzilib qolganini ta‘kidlashmoqda. Kanallar to‘plamining texnik sababkun davomida uzilib qolishi O‘zbekiston uchun noodatiy holdir.

BBC ForumTV bilan bog‘langanida o‘zini Dilnoza deya tanishtirgan xodim, uzilish sababini texnik nosozliklar deya izohladi.

"Sal kechroq ishga tushib qoladi. Texnik nosozliklar sabab bo‘lgan", - deydi Dilnoza.

Forum TV xodimi nima sababdan texnik nosozlik uzoq davom etgani va qolgan 3 kanalga qanday aloqasi borligini bilmasligini aytdi.

NTT kanali bilan hamkorlik qiluvchi mutaxassisning BBC suhbatda aytishicha, kanallarning nima sababdan birdan o‘chib qolganini xodimlar ham bilmaydi. Telekanallarda ishlar davom etayapti, ammo efirda ko‘rinmayapti.

Mutaxassisning ta‘kidlashicha, NTT, ForumTV va TVmarkaz kanallari poytaxt markazidagi bitta binodan foydalanishadi.

Uchta telekanal Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova egalik qilgan kanallar deya xabar qilingan.

Ushbu televideniyelar Gulnora Karimovaning "Fond Forumi" faoliyatini muntazam yoritgan

O‘zbekiston telekanallari uchun ba‘zan texnik sabablarga ko‘ra rejalangan efirdan uzilishlar tabiiy holat hisoblansa-da, kutilmaganda to‘rtta telekanalning ham biror bir tushuntirishsiz "o‘chib qolishi" noodatiydir.

Ushbu kanallar faoliyatida uzilish Gulnara Karimova katta ishtiyoq bilan kutgan va boshchilik qilayotgan San‘at haftaligi ochilishiga to‘g‘ri kelgan.

Ayni damda Amerikada istiqomat qilayotgan mustaqil kuzatuvchi Suhrob Ismoilov Karimova xonimning telekanallari efiri to‘xtatilishi va Twitter akkauntiga bo‘layotgan hujumlarga bir necha farazlarni olg‘a suradi.

Avvalo, bu kabi hodisalar hukmron oilaning ichidagi ziddiyatlarning aks ta‘siri bo‘lishi mumkin.

"Gulnoraning OAV va xususan internetdagi o‘zini targ‘ib qiluvchi vositalarning yopilib qolishi oilaning ichidagi ziddiyat va kurashning qarama qarshi nuqtalarga chiqayotganini va bu kurashda Gulnora asosiy raqib sifatida ko‘rilayotganidan darak berishi mumkin", - deydi Suhrob Ismoilov.

Ismoilovning ikkinchi taxminiga ko‘ra, ushbu hodisalar oldindan rejalangan va oilaning ichidagi kelishmovchiliklarni bo‘rttirib ko‘rsatish orqali taxt uchun da‘vogarlarni ochiqqa olib chiqish.

- Oilaning ichidagi natijani bo‘rttirib ko‘rsatish natijasida, oiladan tashqari prezidentlikka da‘vogarlarni aniqlab olish, ularni harakat qilishga majbur qilish va shu orqali ularni neytral holatga tushirish yoki zarba berish, - deydi Suhrob Ismoilov.

Kuzatuvchilar Gulnora Karimovaning so‘nggi paytlarda juda faolligi va omma eshitishi kerak bo‘lmagan gaplarni internetga olib chiqishi otasi Islom Karimovga yoqmagan bo‘lishi mumkinligini faraz qilishadi. Karimov tizginni qo‘yib yubormaslik maqsadida Gulnoraning mavqe‘ni biroz pasaytirishga qaror qilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi.