Saudiya Arabistoni: "Hajni rasmiy ruxsatsiz ado etganlar jazolansin"

Image copyright AFP

Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi joriy yilgi Haj ziyoratini noqonuniy ado etgan mamlakat fuqarolari va xorijiylarga qarshi qattiroq choralar ko‘rishga chaqirgan.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, vazirlik mintaqaviy hokimiyatlarga xat yo‘llab, rasmiy ruxsatsiz haj qilgan 120 ming ziyoratchini topish va jazolashni so‘ragan.

Qonunbuzarlardan yakshanba kuni politsiya idorasiga kelish so‘ralgan.

Hajni noqonuniy ado etgan saudiyaliklar jarimaga yuz tutishlari, xorijliklar esa, deportatsiya qilinib, 10 yilgacha mamlakatga kiritilmasliklari mumkin.

Haj marosimlarini kuzatgan BBC muxbirlari rasmiy ruxsatsiz ziyoratni ado etish hollari tez-tez uchrashini aytishadi.

Muxbirlarimizga ko‘ra, ayrim hollarda uzoq yurtlardan Umra ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga borganlar Haj mavsumiga qadar o‘sha yerda qolishadi.

"Ba‘zilar katta mablag‘ sarflab, ming qiyinchiliklar bilan kelishgani, endi biryo‘la Hajni ham ado etib qaytishni niyat qilganlarini aytishadi. Ayrimlar savob uchun beriladigan tekin yotoqxonalarda tunab yurishadi, kimlardir tanish-bilishlarinikidan qo‘nim topishadi", deydi Haj marosimini kuzatgan BBC muxbiri.