Uzwebiston: Chorva mollari uchun zaharli emdori tarqatganlar jazolandi

O‘zbekistonda chorva mollari uchun zaharli emdorilarni tarqatishda ayblangan shaxslarga hukm o‘qilgan.

12uz.com internet sahifasi xabariga ko‘ra, ayblanuvchilar 3-13 yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan.

Jizzax viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha mahkamasiga tayanib xabar qilinishicha, 2012 yil yozi oxirlarida jizzaxlik shaxs qozog‘istonlik jinoiy hamkorlari yordamida O‘zbekistonga 228 mingta chechakka qarshi soxta vaktsina olib kirgan. Va ularni kichik miqdordan o‘z tanish-bilishlari, veterinarlar va chorva mutaxassislariga tarqata boshlagan. Zaharli emdorilar ayni shaxslar tarafidan boshqalarga ham sotilgan.

Jizzax viloyati mahkamasi vakilidan iqtibos keltirilishicha, emdorilar ko‘plab chorva mollari qirilib ketishiga sabab bo‘lgan. Yetkazilgan zarar ko‘lami juda katta ekani aytiladi.

Xabarga ko‘ra, 20dan ortiq deyilayotgan sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bo‘yicha ayblovlarga iqror bo‘lishgan.

O‘tgan yil oxirlarida O‘zbekiston Davlat Veterinariya xizmati avgust oyi oxiri-sentyabr oyi boshida Qozog‘istondan O‘zbekistonga 198 mingta soxta vaktsina kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgani aniqlangani haqida xabar qilgandi.

O‘zbekiston Davlat Veterinariya xizmati mulozimi o‘shanda emdorilar tarkibida Auyeski kasalligi virusi bo‘lgani aniqlanganini aytgan.

Emdorilarda "Qo‘y chechagiga qarshi vaktsina" va "Butunrossiya Veterinariya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot instituti" degan yozuvlar bo‘lgan.

O‘zbekistonning Jizzax, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida 45 mingga yaqin qo‘y ushbu qayerda ishlab chiqarilgani noma‘lum vaktsinalar bilan emlanganidan keyin kasallangani aniqlangan.

Zaruriy choralarni ko‘rish maqsadida chorvachilik mutaxassislaridan iborat guruh tuzilgan va kasallik tarqalgan mintaqalarda tekshiruv olib borilgan. Natijada 75 foiz zaharli dorilar bilan emlangan chorva mollari qutqarib qolingani xabar qilinadi.