Jahon chempionati: "O‘zbekiston keyingi bosqichni naqd qildi deyish mumkin"

Image copyright UFF

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot kotibi Sanjar Rizayevning Fujayradan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida aytishicha, Marokashga qarshi durang natija ham o‘zbekistonlik o‘smirlarning o‘z guruhlaridan chiqishlariga kifoya qiladi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi dushanba kuni guruh bosqich saralash bellashuvlarining 2-tur uchrashuvini o‘tkazgan va guruh peshqadami Marokash bilan 0:0 durang natija qayd etgandi.

Ayni o‘rinda ta‘kidlab o‘tish joiz, ilk uchrashuvida Xorvatiyani yirik hisob bilan mag‘lub etgan Marokash o‘smirlar milliy terma jamoasi o‘z yosh kategoriyasida Afrika qit‘asining eng kuchli jamoalaridan biri sanaladi.

Ammo dastlabki ikki tur uchrashuvini bir g‘alaba va bir durang bilan boshlagan O‘zbekiston marokashlik raqiblari bilan bir xil natija qayd etib turibdi.

Ya‘ni, ham Marokash va ham O‘zbekiston joriy paytda to‘rttadan ochko bilan "C" guruhida peshqadamlik qilib turishibdi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, guruh bosqich saralash bellashuvlarining so‘nggi uchrashuviga qadar bu ikki jamoa keyingi bosqichga chiqish uchun yetarlicha ochko to‘plab bo‘lishgan.

O‘zbekiston 24 oktyabr kuni 3-tur uchrashuvini Xorvatiyaga qarshi o‘tkazsa, Marokash guruh autsayderi Panamaga qarshi maydonga tushadi.

Keyingi bosqichga esa, o‘z guruhida birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan milliy terma jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishadi.

Ammo o‘z guruhida yaxshi ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘rinni egallagan jamoa ham bunga imkonli bo‘ladi.

O‘smirlar o‘rtasidagi bu yilgi jahon chempionati 17 oktyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarida start olgan va 8 noyabrga qadar davom etadi.

Bu galgi jahon birinchiligida Osiyo qit‘asini amaldagi chempion O‘zbekistondan tashqari, mezbon Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Iroq va Yaponiya namoyon etishmoqda.

Jahon chempionligi uchun kurash olib borayotgan 24 milliy terma jamoa orasida MDH davlatlari orasidan faqat birgina Rossiya bor.

Ammo, ta‘kidlash joiz, Rossiya guruh bosqich saralash bellashuvlarining dastlabki ikki uchrashuvidan birorta ham ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lmagan.

Ilk uchrashuvini Yaponiya, keyingisini esa, Tunisga boy bergan.

Joriy paytda qolgan guruhlarda Braziliya, Yaponiya, Italiya, Marokash peshqadamlik qilib turishibdi.

"E" va "F" guruhi vakillari esa, 2- tur uchrashuvlarini bugun seshanba kuni o‘tkazishadi.

Osiyo jamolari orasidan eng yaxshi ko‘rsatkichni ikki o‘yindan 6 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan Yaponiya qayd etib turibdi.

Eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi o‘zi ilk bor ishtirok etgan 2011 yilgi jahon birinchiligida tarixiy natija qayd etib, chorak finalga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Dilshod Nuraliyev esa, Marokashga qarshi uchrashuvdan so‘ng bergan matbuot anjumanida, "agar, har bir o‘yinga to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rilsa, Xudo xohlasa, jahon chempioni bo‘lish niyatini ham amalga oshirishlari mumkin"ligini aytdi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi