Afg‘on ayollari she‘riyati: qalam bilan haqiqat sari

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Afg‘onistonda ayollar yangi qo‘lga kiritgan erkinliklarini himoya qilishga astoydil kirishganlar. BBCning "100 ayol: dunyoning yarmi gapirmoqda" turkumida muxbirimiz Liz Dyuset afg‘on shoiralari bilan uchrashgan. Muxbirimizga ko‘ra, o‘z ichki tuyg‘ularini she‘rga solish uchun bu ayollar hayotlarini xatar ostiga qo‘yadilar - ularga har qadamda o‘lim tahdidi solinadi.

Kobul kinoteatri orqasidagi Bollivud filmlariga oid e‘lonlar bilan yasatilgan kichkina xonada afg‘on shoiralari she‘r o‘qishmoqda.

Adabiyot - ular uchun ham shaxsiy va ham siyosiy yo‘ldagi kurash maydoni. Ushbu afg‘on ayollari she‘riyat qo‘llaridagi qilich ekanini aytishadi.

"She‘r bitish gunoh emas. Siz sof va muqaddas so‘zlarni tanlab, o‘z his-tuyg‘ularingizni ifodalash etasiz", deydi 29 yoshli Pokiza Orzu.

"Bu jinoyat emas. Hech kim menga buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuzimga aytmagan, ammo bilaman, jamiyatimizda she‘r yozish gunoh degan ishonch shakllangan", deya davom etadi u.

Bir necha o‘n ayol o‘z she‘rlarini bir-birlari bilan baham ko‘rish uchun har hafta mana shu mahalla shovqin-suroni va o‘ta an‘anador jamiyat bosimlaridan holi xonada to‘planadilar.

Amil she‘rini shu qadar ifoda bilan o‘qiydiki, barchaning ko‘zi unga qadaladi. Amilning hikoyasi hech kimga begona emas.

"Urush olovi yoqildi, Bunda vatan yonmoqda, Bu o‘tda qalbim yonmoqda, Joni-tanim yonmoqda..."

Mirman Baher adabiy jamiyati ayollarni she‘rlarini bo‘lishish va chop qildirishga ko‘maklashadi.

Jamiyatning Afg‘oniston qator shaharlarida bir necha yuz nafar a‘zosi bor.

"Bu - biz uchun qarshilik ko‘rsatish usuli", deydi parlament a‘zosi va jamiyat asoschilaridan Sahira Sharif.

O‘ta an‘anador afg‘on jamiyatida ayollar har doim tabularga so‘z bilan qarshi chiqishgan.

Savodsizlik keng tarqalgan qishloq hududlarida ayollar she‘r bilan nafaqat qalblari tubidagi his-tuyg‘ularini ifodalashgan, balki erkaklar hukumron hayotlaridan qochishga ham intilishgan.

Image caption "She‘riyat dardlarga malham..."

Xatarlarni pisand qilmay...

Tarixda ham ayol shoiralar yashab o‘tishgan. Mashhur ayol sarkarda va shoira Malalay 1880 yillarda Mayvand jangida Britaniya qo‘shinlariga qarshi kurashi bilan ham tanilgan. IX asr fors adabiyotining ilk namoyandalaridan bo‘lmish Robiya Balxiy ham afsonaga aylangan shoiralardan.

Kobuldagi jamiyat aksar a‘zolari ziyoli, kasbiy faoliyatga ega ayollar. Biroq, ularning ko‘plari taxallus bilan ijod qiladilar. Ba‘zilar bu yerga erkak qarindoshlari hamrohligida kelishgan.

Boshqalar esa, maxfiy yozadilar, ular o‘z ijodlarini oilalaridan ham sir tutishadi.

Bu ayollar jamiyatga a‘zo bo‘lish uchun turli tahdidlarga qarshi borishadi. Ular o‘z she‘rlarini telefon orqali bo‘lsa-da, baham ko‘radilar.

Xona to‘rida telefon qo‘ng‘irog‘i jaranglaydi. Pokiza Orzu uni olishga shoshadi.

Kobul tashqarisidagi qishloqdan maktab o‘quvchisi o‘z muallimasi haqida yozgan she‘rini o‘qiydi.

Orzu ehtiyotkorlik bilan qo‘l telefonini mikrafonga yaqinlashtiradi.

"Men xizmat qilayotgan bo‘lsam, men shifokor bo‘lgan bo‘lsam, agar muxandis bo‘lsam, bu sizning mashaqqatli mehnatingiz mevasi. Bugun men askarman vataniga xizmat qilayotgan, Men sizning og‘rig‘ingiz, azoblaringizni tanimda his qilmoqdaman".

"She‘r o‘qish dardlarimizga malham bo‘ladi", deydi Afg‘on Yozuvchi Ayollari Loyihasi direktori Seta Habibiy. Guruh AQShda yashovchi yozuvchilar ko‘magi bilan tashkil etilgan.

"Biz dardimizni qalam orqali qog‘ozga to‘kamiz va mana shu qog‘ozu qalam bilan o‘z haq-huquqlarimiz kurash olib boramiz", deydi u. "Bir kun kelib g‘alaba qilishimizga umidvormiz".

Tolibon tahdidlari Habibiy xonimni o‘z uyini tashlab chiqishga majbur qildi. U Afg‘oniston g‘arbiy viloyatlaridan biridagi yagona ayol jurnalist edi.

Image caption Karima Shabrang o‘lim tahdidlaridan qochgan

Karima Shabrangning ham taqdiri shunga o‘xshash. U shimoldagi chekka viloyatlaridan biri - Badaxshondan. Qishloq oqsoqollari uning sevgi-muhabbat va ayriliqqa oid satrlari bois axloqsizlikda ayblashgan. .

"Ular meni yo‘q qilish kerakligini aytishdi. Bu meni o‘ldirishni anglatardi", deya eslaydi Karima. U hozir Kobulning qashshoq chekka mavze‘laridan biridagi loysuvoq uyda ikki inisi bilan birga istiqomad qiladi.

Tabu mavzular

"Men seni sog‘indim ...qo‘llarim Kobulning vayronalari osha cho‘zilgan ...men seni lazzatli tutun hidi uchun kulbamga chorlayman ...kelginu bag‘ringdan menga joy ber".

She‘riyat quvg‘indagi hayotga arziydimi?

"Men garovda unsiz yashagandan ko‘ra, sharafli o‘limni afzal ko‘raman", deya javob beradi Karima Shabrang past ovozda, biroq keskin so‘zlar bilan. Uning she‘lari yaqinda Pen klubining Afg‘on bo‘limi tarafidan mukofotlandi.

"Bu mavzular bugungi jamiyatimizda qabul qilinmaydi, lekin men ifodalayotgan his-tuyg‘ular yolg‘on ekanini anglatmaydi.

Qo‘mondonlarni qo‘rqitgan she‘riyat

30 yillik urush girdobidan chiqishga urinayotgan mamlakatda haq gapni aytish oson emas.

Kapisa Yozuvchi va Shoirlar Jamiyati Kobul shimolidan ikki soatlik yo‘lda joylashgan.

Bino devorlariga afg‘on shohlari, prezidentlari va qo‘mondonlarining suratlari yopishtirib tashlangan.

Image copyright BBC World Service
Image caption Ma‘suda xonim: "Qo‘mondonlarga she‘rlarimning haqiqati yoqmaydi"

Biroq, bu Ma‘suda xonimni qurolli erkaklarga qarshi chiqishdan to‘xtata olmaydi.

"Oh Xudovand, jangchilar yana salohlarini ishga solishmoqda, Va urushdan jaraq-jaraq pul ishlashmoqda..." deya bong uradi Ma‘suda xonim.

Mahalliy qo‘mondonlar uni agar chop qilingan she‘rlarini qayta ko‘rib chiqmasa, dahshatli oqibatlar bilan ogohlantirishadi.

Men shoiradan: "Ijodingizning nimasi ularga yoqmaydi?" deb so‘rayman.

"Haqiqati, haqiqati", deya ta‘kidlaydi u.

"Ular Afg‘onistondagi jinoyatlar, qotilliklaru bomba hujumlarini tilga olmasligimizni istashadi".

Lekin, shoiralar bu yo‘lda muvaffaqiyat qozonayotganlariga ishonadilar.

"O‘tgan yil 5 ayol she‘riyat sovrinini qo‘lga kiritdi va ularning oilalari ham she‘r yozish qandaydir ijobiy narsa ekaniga ishona boshlashgan", deydi parlament a‘zosi Doktor Sharif.

"Agar yaqinlari yelkama-elka turishsa, hechqursa bir kun yoki bir soat ular bilan birga bo‘lishsa, bu ularning an‘anador jamiyatga qarshi turishlariga yordam beradi".

Kobuldagi she‘riyat klubida Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzayga atalgan she‘r ham o‘qiladi.

"Men sizning qarshingizda turibman prezident, Talabimga quloq tuting, Holdan toydim, beholman va yaradorman, Sizning jinoyatchilaringiz meni yig‘latdi".

Men keyinroq Prezidentdan bu she‘r haqida bilish-bilmasligi haqida so‘radim.

"Ha", deydi u hozirjavoblik bilan. "Men viloyatga borganimda shoir uni o‘qib bergan".

"She‘r har doim maktubga qaraganda kuchliroq ta‘sir qiladi", deydi Doktor Sharif.

Xullas, Afg‘onistonda o‘tgan o‘n yil asnosidagi yutuqlar qo‘ldan ketishi ehtimolidan xavotirlar osharkan, ayollar o‘z tarixlarini yozishni, kelajakda aytar so‘zlari bo‘lishini va o‘z hayotlarini o‘zlari boshqarishni istashadi.