"O‘zbekiston taekvondochilari jahon chempionligi uchun kurashga tayyor"

Image copyright AP

Bu haqda BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida taekvonda (ITF) bo‘yicha jahon birinchiligi start olgan Ispaniyaning Benidorm shahridan O‘zbekiston terma jamoasi a‘zosi Shahzod Qodirov bildirdi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, o‘zi ham chempionatning oltin medaliga da‘vogarlik qilmoqda:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Judayam kuchli bolalardan yig‘ib kelganmiz O‘zbekistondan. Hamma sportchilar judayam kuchli, yaxshi martabalarga ega, sovrindor. G‘urur bilan shuni ayta olamanki, jahon chempionatiga judayam tayyormiz", - deydi o‘zbekistonlik taekvondochi.

"Ikkita yo‘nalish bo‘yicha ikkita oltin medalga harakat qilayapmiz Xudo xohlasa. Birinchisi yakka kurash bo‘yicha, ikkinchisi jamoaviy kurash bo‘yicha", - deydi u.

Suhbatdoshimiz bu yilgi jahon chempionatida ham dunyo miqyosida juda yaxshi natijalarga erishib kelayotgan mezbon Ispaniya, Argentina va Polshani o‘zlarining asosiy raqiblari sifatida ko‘rishlarini aytadi.

Ammo, unga ko‘ra, Ispaniyadagi jahon birinchiligiga qattiq tayyorgarlik ko‘rishgani bois, raqiblaridan ustun kelishlariga ishonchi komil.

O‘zbekistonlik taekvondochi Ispaniyaning jahon birinchiligiga qanday hozirlik ko‘rganidan ham juda qoniqish hosil qilganliklarini aytadi.

"Judayam zo‘r. Gap bo‘lishi mumkin emas. Biz har yilgi jahon chempionatining xuddi shunday maqomda bo‘lishini xohlardik".

Suhbatdoshimizning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, o‘zbekistonlik taekvondochilar jahon chempionligi uchun bellashuvlarini bugun 23 oktyabrdan boshlashadi.

Ispaniyadagi jahon chempionatida O‘zbekistonni 20 nafar taekvondochisi namoyon etmoqda. Ulardan uchtasi ayol taekvondochilardir.

O‘smirlar va kattalar o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan ushbu jahon birinchiligida 60 dan ortiq davlatlar vakillarining bellashishlari kutilmoqda.

Shu paytgacha Xalqaro Taekvondo Federatsiyasi tasnifida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida buncha katta sondagi mamlakat taekvondochilarining ishtirok etmaganliklari aytiladi.

Musobaqalar Benidormdagi eng yirik va eng zamonaviy "El Palau d'esports llla Benidorm" sport zalida bo‘lib o‘tadi.

Taekvonda O‘zbekistonda mustaqillik yillarida keng ommalashgan sport turli hisoblanadi.

Ammo, shunga qaramay, o‘zbekistonlik taekvondochilar orasida jahon chempionati, jahon kubogi, Osiyo chempionati va turli xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘lgan taekvondochilar oz emas.

O‘tgan 20 yildan ortiqroq vaqt davomida Toshkent ham taekvondo bo‘yicha qator nufuzli musobaqalarga mezbonlik qilgan.

Qisqa vaqtda ommalashib ulgurganiga qaramay, O‘zbekiston taekvondochilari bugungi kunda dunyodagi eng kuchli o‘n jamoadan biri sifatida e‘tirof etiladi.