Style.uzning ochilish marosimiga qiziqish katta bo‘lgan

Image copyright mezon.uz

Toshkentda "Fond Forum" jamg‘armasi homiyligi ostida Style.uz san‘at haftaligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan.

Toshkentda Yoshlar ijodi saroyi o‘ngidagi maydonda bo‘lib o‘tgan marosimni "Forum Fond" rahbari, Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ochib bergan.

Ochilish marosimiga shunchalar qiziqish katta bo‘lganki, chipta egalari qur‘a tashlash yo‘li orqali aniqlangan.

Taklif qilingan ayrim mehmonlar ham ichkariga kira olmay qolganlar.

Rejaga muvofiq, mahalliy va xalqaro san‘atkorlar, rassom va dizaynerlar hafta davomida Toshkentdagi muzey va ko‘rgazmalar orqali o‘z ijod namunalarini namoyishga qo‘yishadi.

BBC Toshkentdagi Style.uz haftaligining ochilish marosimida ishtirok etgan Toshkent yashovchilaridan Nazira Babanazarova bilan suhbatlashdi.

Nazira Babanazarova: Ochilish marosimida ishtirok etishni istaganlar ko‘p edi. Ko‘plar rasmiy ochilish marosimini tomosha qilish uchun kirish joyida turishardi. Yoshlar ko‘p edi. Bunday madaniy tadbirlarga yoshlarning qiziqish bildirishi juda quvonarlidir. Matbuot xodimlari juda ko‘p edi. Ham mahalliy va ham xorijiy matbuot vositalaridan. Rasmiy marosim Toshkentda yangi ochilgan Yoshlar Ijod saroyida bo‘lib o‘tdi.

Image copyright Reuters
Image caption "Russkiy siluet" xayriya jamg‘armasi rahbari Tatyana Mixaylova va Nazira Bobonazarova ochilish marosimi oldidan

BBC: Marosim muhiti qanday bo‘ldi?

Nazira Babanazarova: Marosim fazosi o‘ta do‘stona va shodiyona edi. Bu hodisa haqida ko‘plab maqolalar chiqqani uchun hamma uni orziqib kutayotgandi. Marosimda, shuningdek, ispaniyalik yosh dizaynerlarning liboslari namoyishga qo‘yildi. Sahna bino o‘ngida barpo etilgani uchun namoyish ham tashkarida bo‘lib o‘tdi. Marosim ochilishidan oldin fazodan turib rossiyalik kosmonavtlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri tabrik nomalarini yo‘llaganlari ko‘pchilikni hayratga soldi. Ular O‘zbekistondagi san‘at va moda haftaligi ishtirokchilari va mehmonlarini tabriklashdi.

BBC: Tadbirga taklifnoma bilan kiritishdimi yoki chiptalar sotuvga qo‘yildimi?

Nazira Babanazarova: Faqat taklifnoma bilan bo‘ldi, ammo bu taklifnomalarni olish qiyin emasdi. Bu biletlarni shahar kassalarida va Yoshlar ijodi saroyida sotishdi. Bundan tashqari, chiptalar uchun tadbir tashkilotchilari tomonidan Instagram va boshqa ijtimoy tarmoqlar orqali turli musobaqa va konkurslar uyushtirildi. Ya‘ni, yoshlarda bunday taklifnomalarni qo‘lga kiritish imkoniyati bor edi.

BBC: San‘at haftalari yoshlarga nimasi bilan qiziq deb o‘ylaysiz?

Nazira Babanazarova: Birinchi navbatda, bu yoshlarimizning madaniyat darajasini ko‘taradi. Ular g‘arblik dizaynerlar, stilistlar va san‘atkorlar asarlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishadi.

BBC: Lekin bunday tadbirlar O‘zbekiston obro‘sining oshishiga yordam beradi deb o‘ylaysizmi?

Nazira Babanazarova: Mening o‘ylashimcha, ha, bu bizning imidjimizni oshiradi. Chunki ko‘plarda bizning mamlakatimiz haqida salbiy fikr shakllangan. Go‘yoki bizda madaniyat darajasi past emish va go‘yoki biz taraqqiyotga kam e‘tibor qaratar ekanmiz. Lekin mening o‘ylashimcha, bizda yosh rassomlar, dizaynerlar va san‘atshunoslar juda ko‘p. Oxirgi paytlarda kino san‘atimiz ham rivojlanayotgani insonni quvontiradi.