Muhammadqodir Abdullayev: "Barcha bokschilarimizni finalda ko‘rishni istaymiz"

Image copyright AFP
Image caption O‘zbekiston boks ahlining o‘z bokschilaridan umidi katta

Qo‘shni Qozog‘istondagi jahon birinchiligida O‘zbekistonni turli vazn toifalarida namoyon etayotgan 10 nafar bokschidan teng yarmi chorak finalga chiqishdi.

Jasurbek Latipov (-52 kg), Sanjarbek Rahmonov (-64 kg), Azizbek Abdug‘ofurov (-75 kg), Oybek Mamazulunov (-81 kg) va Rustam To‘laganov (-91 kg)lar jahon chempionligi uchun o‘z kurashlarini davom ettiradigan bo‘lishdi.

Chorak final bahslari 23 va 24 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlab o‘tish joizki, bu - Oybek Mamazulunov va Azizbek Abdug‘ofurovlarning jahon chempionatidagi ilk ishtiroklari bo‘ladi.

Havaskor boksda jahon va Olimpiada chempioni bo‘lgan o‘zbekistonlik dongdor bokschi Muhammadqodir Abdullayev BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida kamida 8 nafar bokschilarining chorak finalga chiqishini kutganliklarini aytadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Mana, Hasanboy Do‘stmatov, keyin Shahriyor bor, yutgan bo‘lgandayam, g‘alabani nohaq boshqalarga berib yubordi", - derkan Muhammadqodir Abdullayev hakamlarning qaroridan mamnun emasligini ta‘kidlaydi.

Muhammadqodir Abdullayev o‘zbekistonlik bokschilarning chorak finalgacha o‘tkazgan janglari o‘ziga yoqqanini ham alohida urg‘ulaydi.

"Oybek Mamazulunov, mana, Azizbek 75 kg vazn toifasida, bu ularning ilk bor jahon chempionatida qatnashishi, ammo birinchi ishtiroklaridayoq chorak finalgacha yetib borishdi. Xudo xohlasa, ular finalgacha borishadi", - deydi o‘zbekistonlik dongdor bokschi.

Suhbatdoshimiz chorak finalga chiqqan boksichlardan umidlari katta ekani, ular barchasining yarim finalga chiqishlariga umid qilishayotganini aytadi.

"Eng avvalo sportda hamma narsa omad kulib boqishiga bog‘liq. Shak-shubhasiz, "falonchi kuchli", deyish, albatta, qiyin. Lekin, omad kulib boqsa, hech kam bo‘lmaymiz", - deydi u.

"Qo‘limizdan kelgan barcha sharoitlarni yaratib berdik, endi, buyog‘i bokschilarimizning o‘zlari qo‘llaridan kelgancha harakat qilishsa, Xudo xohlasa, chempionlar bo‘ladi degan umiddaman".

O‘zbekistonlik bokschilardan Sanjarbek Rahmonov (-64 kg) va Azizbek Abdug‘ofurov (-75 kg)lar birinchi bo‘lib chorak final janglarini o‘tkazishadi.

23 oktyabr kuni Sanjarbek mo‘g‘ulistonlik bokschi Erden Uranchimeg, Azizbek esa, rossiyalik raqibi Artem Chebotarevga qarshi ringga chiqadi.

Rustam To‘laganov ham og‘ir vazn toifasida rossiyalik bokschi Yevgeniy Tishenko bilan kuch sinashadi.

Jasurbek Latipov va Oybek Mamazulunovlar esa, 24 oktyabr kuni yarim final yo‘llanmasi uchun jang olib boradilar.

Havaskor bokschilar o‘rtasidagi bu yilgi jahon chempionati 14 oktyabr kuni Olma ota shahrida start olgan va 28 oktyabrga qadar davom etadi.

Qo‘shni Qozog‘istondagi jahon birinchiligida O‘zbekistonni turli vazn toifalarida 10 nafar bokschisi namoyon etayotgandi.

Ularning orasida so‘nggi London Yozgi Olimpiada O‘yinlari ishtirokchilari, qator mintaqaviy va xalqaro turnirlar sovrindorlari bo‘lgan Sanjarbek Rahmonov, Jasurbek Latipov, Fazliddin G‘oipnazarov va Oybek Mamazulunov kabi nomdor bokschilar bor.