"830 ming ishchi o‘rni yaratilgan bo‘lsa nega millionlab o‘zbekistonlik Rossiyada?"

O‘zbekistonda to‘qqiz oy davomida yana qariyb 1 million yangi ishchi o‘rni barpo etilgan bo‘lsa, nega kamida 2 million o‘zbekistonlik oilasini boqish uchun Rossiyaga borgan?

O‘zbekiston hukumatining yangi bayonotiga ana shunday munosabat bildirilmoqda.

O‘zbek matbuoti xabar qilishicha, 22 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan hukumat majlisida 2013 yil boshidan buyon 833400 yangi ishchi o‘rni tashkil qilingani aytilgan.

Hozir Shveytsariyada istiqomat qiladigan taniqli iqtisodiy tahlilchi Alisher Taksanov ushbu raqamning haqiqatga to‘g‘ri kelishini shubha ostiga olgan va Facebookda bu borada o‘z mulohazalarini e‘lon qilgan.

Alisher Taksanovning fikricha, O‘zbek hukumati aytayotgan ishchi o‘rinlari O‘zbekiston sharoitida ishlaydigan kishi va uning oilasi ehtiyojini qondiradigan maosh bilan ta‘minlaydigan o‘rinlar emas.

Bu o‘rinlar faqat qog‘ozdagina bo‘lishi mumkin, deya taxmin qiladi Alisher Taksanov.

BBC Alisher Taksanovdan, nega siz O‘zbekistonda 833 ming ish o‘rni yaratilganiga ishonmaysiz, deb so‘radi.

"Sababi, mana qarang, biz Vazirlar Mahkamasining majlisida har yili 960 mingdan 1 milliontagacha yangi ishchi o‘rni yaratilgani haqida eshitamiz. Agar 10 yil davomida har yili 1 milliondan ish o‘rni barpo etilsa, 10 millionni tashkil qiladi. Xalq xo‘jaligida esa rasman e‘lon qilinishicha, qariyb 12 million aholi band. Agar O‘zbekistonda ish bilan band aholi 12 millionni tashkil qilsa, har yili yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish nimaga kerak? Balki bu e‘lon qilinayotgan ishchi o‘rinlarining o‘zi yo‘qdir, deb aytayotganim sababi shuki, Rosstat qo‘mitasi va Federal Migratsiya xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, Rossiyada qonuniy ishlayotgan o‘zbekistonlikning sonining o‘ziyoq 2 milliondan ziyod. Yana noqonuniy muhojirlar soni qancha? Agar vatanida ular uchun yangi ish o‘rinlari tashkil qilingan bo‘lsa, nega ular Rossiyaga ketib qolishgan? Men bunaqa statistik hisobot ma‘lumotlarini tushunmadim. O‘zbekiston statistikasiga qarasangiz, har yil bandlik ko‘rsatkichlari yaxshilanib borayapti. Hayotda esa biz Rossiya, Qozog‘iston va dunyoning boshqa mamlakatlariga gastarbayterlarning oqimi to‘xtamayotganini ko‘rayapmiz. Shuning uchun men Vazirlar Mahkamasining ma‘lumoti haqiqatga to‘g‘ri kelishini shubha ostiga oldim", deydi iqtisodiy tahlilchi.

O‘zbekiston rasmiylariga ko‘ra, har 2 yilda o‘quv muassasalarini bitirib, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarning soni 1 millionni tashkil etayapti.

Davlat oldida bu yoshlarni ham ish bilan ta‘minlash vazifasi ko‘ndalang bo‘lmoqda.

Alisher Taksanov aytishicha, O‘zbekistonda ma‘muriy resurslarni ishga solib shirkatlarni ish o‘rinlari barpo etishga majburlamoqdalar.

"Men shunday fikrga keldimki, bu ish o‘rinlari tashkil qilingan bo‘lsa ham ular kam maosh to‘lanadigan ishlardir. Misol uchun bir shirkat faoliyatini olaylik. Bu shirkat egasi 200 dollar maosh to‘lab, 5 kishini ishga yollayman va biznesimni yuritaman, deb rejalashtiradi. Biroq hokimlik bu shirkatga yana 2 ish o‘rnini ochishni buyuradi va bu shirkat yangi ish o‘rinlarini qolgan 5 xodimining maoshini kamaytirish evaziga tashkil qiladi", deydi Alisher Taksanov.

Image copyright RIA Novosti
Image caption Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining aniq sonini hech kim bilmaydi

Nafaqat Alisher Taksanov, balki boshqa qator tahlilchilar fikricha, O‘zbekiston amaldorlari odamlarni ish bilan ta‘minlashdan ko‘ra, o‘z shaxsiy manfaatlarini ustun qo‘yishlari mamlakat iqtisodiga sezilarli ta‘sir ko‘rsatgan.

Sho‘rolar zamonida 10 minglab kishini ish bilan ta‘minlagan Toshkentdagi TAPOICH yoki "Tashselmash" zavodlaridan nega voz kechishga qaror qilingani bugungi kungacha ham jamoatchilikka oshkor etilgani yo‘q.

Poytaxt aholisi va Toshkent mehmonlari bu ulkan ishlab chiqarish korxonalarining o‘rni tekislanib, gullar ekib tashlanganini biladilar, xolos.

"Biz ko‘plab zavod-fabrikalarning binolarida savdo korxonalari ochilganini bilamiz. Tsexlar buzib tashlanib, ularning o‘rniga do‘konlar tashkil qilindi. Ya‘ni mamlakat mahsulot ishlab chiqaradigan emas, "olginda-sot" mamlakatiga aylandi. To‘g‘ri, yirik sanoat korxonalarini ushlab turish ham qiyin edi. Shuning uchun 40-50 ta odamni ish bilan band qiladigan kichik korxonalarni tashkil qilish afzal edi. Lekin biz shu ishni ham qilmadik. Yuqori malakali professionallar esa mamlakatni tark etib ketishga majbur bo‘ldilar. Ish o‘rinlari tashkil qilish uchun sarmoyalar kerak, ishlab chiqarish quvvatlari kerak. Biz bu narsalarni ko‘payayotganini emas, kamayyayotganini ko‘rayapmiz", deydi Alisher Taksanov.

O‘zbekistonda uyida o‘zining chorvasini boqish bilan shug‘ullanadigan kishilarni ham ish bilan band kishilar sifatida qayd qilish boshlangan.

"Bu yangi ish o‘rinlari barpo etish yoki aholini ish bilan ta‘minlash yaxshilanayotganini ko‘rsatish uchun qilinadigan "qulog‘idan tortib yuqoriga olib chiqilgan" faktlar. O‘z molini boqadiganlarni ham band qilish ro‘yxatga olish - statistika organlarining vaziyatni chiroyli qilib ko‘rsatish maqsadidagi ko‘zbo‘yamachiliklaridir", deydi iqtisodiy tahlilchi.

Mamlakatning poytaxti Toshkent va yirik shaharlarda mardikor bozorlari tashkil qilingan, oddiy odamlar davlatning ish bilan ta‘minlovchi idoralariga murojaat qilishdan ko‘ra, mardikor bozorga chiqib daromad topish yo‘llarini afzal biladilar.