Bangladesh fojeasi: Rana Plaza fabrikasi ishchilari yordamga muhtoj

Image copyright bbc
Image caption 17 kun vayronalar ostida qolib ketgan Reshma Begim "hozirgacha qo‘rqinchli tush ko‘raman" deydi

Bangladeshdagi tikuv fabrikasi halokatidan olti oy o‘tib, 94 foiz jabrlanganlarning 94 foizi hali ham yordam puli kutmoqda, deb aytadi Action Aid xayriya tashkiloti.

Action Aid tashkilotiga ko‘ra, ko‘pgina kishilar olgan jiddiy jarohatlari tufayli ishga qaytishmagan.

Xayriya tashkiloti qurbonlarning qarindoshlari va tirik qolganlarning uchdan ikki qismi bilan gaplashgan.

Aniq bo‘lishicha, so‘ralganlarning 94 foizi fabrika xo‘jayinlaridan hech qanday yordam puli yoki huquqiy yoda tibbiy ko‘mak olishmagan ekan.

Shuningdek, tirik qolgan ishchilarning 92 foizi ishga qaytishmagan, ulardan 63 foizi nogiron bo‘lib qolgani va tanasida qattiq og‘riqlardan azob chekayotganini aytgan.

Ular jiddiy yordam va qarovga muhtoj ekanligi ma‘lum bo‘lgan.

Action Aid ma‘lumotlariga ko‘ra, Primark shirkati jabr ko‘rganlardan 3300 kishiga 190 dollardan yordam puli tarqatgan.

Shirkat vakilining bildirishicha, yana uch oy mobaynida jabrdiyda fabrika ishchilariga oylik to‘lab turiladi.

Biroq xayriya tashkilotining bildirishicha, fabrika ishchilari moddiy qiyinchilikka duch kelganlar. Ularning qariyb 90 foizi o‘zlarining jamg‘armalari bo‘lmaganini aytganlar.

Ovro‘po Ittifoqi va AQShning Bangladeshda zavodlari bo‘lgan shirkatlari fabrikalarda aprel oyidan boshlab mehnat sharoitlarini yaxshilash borasida mas‘uliyatni o‘z zimmalariga olganlar. Lekin hali mehnat tashkilotlari bilan bu borada kelishuvlar amalga oshirilmagan.

Seshanba kuni Bangladesh hukumati Xalqaro mehnat tashkiloti bilan fabrika va zavod binolaridagi xavfsizlik sharoitini yaxshilash va yong‘inlarning oldini olishni muhokama qilgan.

Britaniya va Hollandiya hukumatlari uch yil davomida 24 million dollar moliyaviy ko‘mak beradi.

Dakkadan BBC muxbiri xabar qilishicha, Xalqaro Mehnat tashkiloti fabrikalardagi ish sharoitini yaxshilashga qaratilgan vazifalarni qo‘ygan.

Biroq tikuv fabrikasida shu oy boshida kelib chiqqan yong‘in ishchilar hali ham xavfli sharoitlarda ishlayotganidan darak beradi.

Bangladesh dunyoda tayyor kiyimlarni eksport qilish bo‘yicha Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

Oxirgi hisoblarga ko‘ra, Bangladeshning bu yilgi eksport hajmi 21,5 milliard dollarni tashkil qiladi.