"Diniy aybi isbotlanmagan tutqun qiynab o‘ldirilgan"

Image copyright none
Image caption O‘zbekiston qamoqxonalaridagi mahkumlarga shafqatsiz munosabat haqida butun dunyo biladi

O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi xabar qilishicha, O‘zbekiston qamoqxonasidan diniy ayblovlar bilan qamalgan yana bir mahbusning qiynoq izlari ko‘rinib turgan jasadi Toshkent shahridagi oilasiga qaytarilgan.

35 yoshli Samariddin Salohiddinovning jasadi u tutqunlikda ushlab turilgan Zarafshondagi jazoni ijro etish muassasasidan 21 oktyabr kuni militsiya karvoni bilan Toshkent shahrining Shayhontohur tumanidagi uyiga olib kelingan.

Inson haqlari Tashabbus guruhiga ko‘ra, O‘zbekistonda bundan oldin ham kuzatilganidek, mahkum jasadini olib kelgan militsiya xodimlari mayitni tezlik bilan dafn etishni talab qilib, Samariddin Salohiddinovning oilasi a‘zolariga bosim qilganlar.

Samariddin Salohiddinovning jasadi 22 oktyabr kuni "Zax Ariq" qabristoniga ko‘mishgan, deb xabar qiladi Tashabbus guruhi.

Yaqinlari bu haqda xabar berishganidan keyin O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi vakillari marhum xonadonida bo‘lishgan.

Qarindoshlari mahkumning shafqatsiz qiynoqlar oqibatida vafot etganini tasdiqlashdi, deb xabar qiladi inson haqlari guruhi.

Yaqinlarining aytishicha, Samariddin Salohiddinovning qo‘l va oyoqlari sindirilgan, boshi shishib ketgan va badani ezib tashlangan.

O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi ma‘lumotlariga ko‘ra, har yili O‘zbekistondan kasallik va qiynoqlar tufayli 250 tagacha mahkum hayotdan ko‘z yumadi va mamlakat hokimiyati bu haqdagi xabar qamoqxonadan tashqariga chiqmasligi uchun qo‘llaridan kelgan hamma ishni qiladilar.

Yaqinda O‘zbekiston hukumati BMT Inson huquqlari kengashi oldida hisobot berdi.

Hisobotni taqdim qilgan O‘zbekiston Inson huquqlari Milliy markazi rahbari Akmal Saidov mamlakatda qiynoqlar mavjudligini inkor etdi.

Janob Saidovni xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari "har doimgi uyatsiz yolg‘onini takrorlaganlikda" aybladilar, O‘zbekiston hukumatini mamlakatga BMTning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisini kiritmay kelayotgani uchun tanqid qildilar.

Ushbu hisobot muhokamasi paytida O‘zbekistonda dindor tutqunlarga hammadan ham ko‘ra shafqatsiz muomala qilinishi yana bir bor ta‘kidlandi.

O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi xabar qilishicha, Samariddin Salohiddinov maktabni a‘lo baholar bilan bitirib, Toshkentdagi Islom institutida tahsil olgan.

Institutni qizil diplom bilan tugatgan 1999 yili noqonuniy "Hizbut-tahrir" diniy firqasiga a‘zolikda gumon qilinib hibsga olingan.

O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi dastlabki tergov va mahkama paytida ayblanuvchining diniy ayblovlari isbotlanmagani, biroq u shafqatsiz qiynoqlargu tutilib, ayblov hujjatlariga qo‘l qo‘yishga majburlangani haqida xabar qiladi.

U 17 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan va qamoq muddatining aksarini mahkumlarga noinsoniy muomalasi bilan dunyoga tanilgan "Jasliq" turmasida o‘tagan.