"Ayollar erkaklarga yaqinlashib qolishdi"

Agar, Jahon Iqtisodiy Forumi tashkiloti xulosalariga tayanilsa, Islandiya gender notenglikning qanchalar kam kuzatilishi bobida ketma-ket besh yildirki qolgan barcha davlatlardan oldinda bormoqda.

Bu - islandiyalik xotin-qizlarning dunyodagi qolgan barcha jinsdoshlariga qaraganda ta‘lim va sog‘liqni saqlash tizimidan eng ko‘p bahramand ekanliklarini anglatadi.

Boshqa tomondan, islandiyalik ayollar mamlakat siyosiy va iqtisodiy hayotida ham eng faollari bo‘lib chiqishibdi.

Xalqaro Global Notenglik to‘g‘risidagi hisobotda Islandiyadan keyingi o‘rinlarni Finlandiya, Norvegiya va Shvetsiya egallashibdi.

Umuman olib qaraganda ham bu yil butun dunyo bo‘ylab ayollar va erkaklar orasidagi notenglik anchayin qisqaribdi.

Jahondagi 133 davlatdan 86 tasida gender notenglik bilan bog‘liq ahvol o‘nglanibdi.

Ammo, hisobot mualliflariga ko‘ra, o‘zgarishlar juda sekinlik bilan amalga oshmoqda.

E‘tiboringizga havola etilayotgan maxsus xarita orqali esa, siz davlatlardagi vaziyatning qiyosiy tahlilini bilib olishingiz mumkin:

Jinslar orasidagi farq

Ovro‘podagi yetti mamlakat eng yuqori o‘nlikni egallagan. Buyuk Britaniya 18-, AQSh 23-o‘rinda. 5-o‘rinni egallagan Filippin Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori reytingga erishgan. 10-o‘rindagi Nikaragua Amerika qit‘asidagi ko‘rsatkichi eng baland mamlakat bo‘lgan.

Eng yuqori o‘nlikka "Yirik 20 lik" davlatlarining ham, Yaqin Sharq va Afrikadan ham birorta mamlakat kirmagan.

Yetakchi mamlakatlar 1. Islandiya 2. Finlyandiya 3. Norvegiya 4. Shvetsiya 5. Filippin 6. Irlandiya 7. Yangi Zelandiya 8. Daniya 9. Shveytsariya 10.Nikaragua

Sog‘likni saqlash

Jahon Iqtisodiy Forumiga ko‘ra, gender tengligi bu sohada yaxshi saqlangan. Farq 96 foizni tashkil etadi. Solishtirishda ikki omilga e‘tibor qaratilgan: sog‘lom umr ko‘rish uzunligi va chaqaloqlar orasidagi o‘g‘il va qiz bolalar nisbati.

Odatda xotin-qizlarning umr ko‘rishi erkaklarnikidan baland bo‘ladi. Biroq Pokistondagi ko‘rsatkich aksincha. Bu mamlakatda erkaklar ayollarga nisbatan o‘rtacha bir yil umr uzoq yasharkan. Jahon Iqtisodiy Forumi ma‘lumotlariga ko‘ra, Xitoy va Hindistonda tug‘ilgan chaqaloqlar orasida o‘g‘il bolalar qizlardan ko‘proqni tashkil qiladi.

Maorif

Jinsiy tafovut haqida so‘z borganda "ta‘lim olish muhim rolni egallaydi", deydi Saadiya Zohidiy. Jahon Iqtisodiy Forumiga ko‘ra, maorif sohasidagi tenglik 93 foizni tashkil etadi.

Zohidiyning qo‘shimcha qilishicha, Ovro‘po va Shimoliy Amerika mamlakatlarida boshlang‘ich va o‘rta maktablardagi jinsiy tenglikka erishilganiga bir necha o‘n yil bo‘ldi, oliy ta‘lim olishda esa ayollar ustunlikka ham erishib ulgurganlar.

Iqtisodiyot

Iqtisodiyotda turlicha manzara ko‘zga tashlanadi. Ayrim mamlakatlarda iqtisodiyotda band bo‘lgan ayollarning soni ko‘pligiga qaramasdan, xotin-qizlarning yuqori lavozimlarni egallashlari kam uchraydi. Bunday mamlakatlar sirasiga Braziliya va Xitoyni kiritish mumkin.

Ko‘plab mamlakatlar, xususan Yaman va Mavritaniyada aholining ish bilan band qatlami orasida ayollar juda ozchilikni tashkil qiladi. Jahon Iqtisodiy Forumi ma‘lumotlariga qaraganda, jahon mamlakatlari iqtisodiyotidagi gender tenglik ko‘rsatkichi 60 foiz atrofida.

Siyosat

Jinslar orasidagi eng katta farq siyosatda. "Butun dunyoda xotin-qizlar siyosatdagi boshqaruv lavozimlarining atigi 20 foizini tashkil qiladi", deydi Saadiya Zohidiy.

"Gender masalasida eng ilg‘or mamlakatlar Shimoliy Ovro‘po mamlakatlaridir. Bu mamlakatlarda jinsiy farq 50 foizdan oshib ketgan. Bunday ro‘yxatda eng past o‘rinlarni egallagan Qatar va Saudiya Arabistonidek mamlakatlarda tafovut hech ham kamaymayapti".

INTERAKTIV

Yalpi Sog‘likni saqlash Maorif Iqtisodiyot Siyosat