Uzwebiston: Eng yaxshi paxtakorlarga "navbatsiz" mashina sotib olish huquqi berildi

Image caption O‘zbekistonda eng ilg‘or paxtakorlarga navbatsiz mashina beriladigan bo‘ldi

Olam.uz yangiliklar portalining 23 oktyabr kuni tarqatgan xabarida yozilishicha, O‘zbekistonda yaxshi paxta hosili olgan fermerlarga imtiyozlar beriladi.

Qishloq xo‘jaligi va suv resurslari, Moliya va Iqtisod vazirliklari chiqargan qo‘shma qaror paxtadan ko‘p hosil olgan fermerlarni taqdirlash tartibini tasdiqlagan.

Qarorga ko‘ra, eng yaxshi fermerlarga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar navbatsiz sotib olish uchun sertifikat beriladi, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Xabarda shuningdek eng yaxshi fermerlarni aniqlashning uzun va murakkab tartibi berilgan.

Qarorga muvofiq, gektaridan kamida 40 tsentnerdan paxta ko‘proq paxta yetishtirib olgan fermer xo‘jaliklarga sertifikat berilishi mumkin.

Bundan tashqari ilg‘or fermerlarga qishloq joylarida qurilayotgan uylardan birini olish huquqi berilgan.

Ushbu xabarga munosabat bildirgan web foydalanuvchilarning ko‘pi hukumat qarorini "uyat" deya baholashgan. Ba‘zilarga ko‘ra, bu qaror, hukumat inkor etsa-da, mahalliy mashinalarga katta navbat borligini ko‘rsatadi.

"Anonim" foydalanuvchi "Fermerlarni usiz ham tinkasi qurigan", deb yozgan.

Yana bir foydalanuvchi "har qanday inson navbatsiz mashina olishi kerak", deya qo‘shimcha qilgan.

O‘z ismini qoldirishni istamagan yana bir web foydalanuvisi: "Demak, Siz avtomobil sotib olish uchun navbat borligini tasdiqlaysiz ekanda?!" deya fikr bildirgan.

Web sahifada fikr qoldirgan yana bir o‘quvchi: "O‘ylab topgan narsalarini qaranga! Bunday mukofotni o‘ylab topgan odam - mamlakatni butun dunyo o‘ngida sharmanda qildi!" deb yozgan.

"Bu sharmandalikdan boshqa narsa emas", deya fikr bildirgan yana bir web sahifa o‘quvchisi.

Avvalroq Olam.uz portali orqali namoyish etilgan videoda Toshkentdagi avtosalonlardan biriga kirish uchun "ur-yiqit sahnasi" tasvirlangandi.