Boks: Jasurbek Latipov jahon chempionatining kumush medalini oldi

O‘zbekiston boks jamoasi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan bu yilgi jahon chempionatini bitta kumush va bitta bronza medali bilan yakunladi.

Jasurbek Latipov final jangini juda kichik hisobdagi farq bilan rossiyalik raqibi, amaldagi jahon chempioni Misha Aloyanga yutqazdi.

Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan chorak final janglari ortidan, Jasurbek Latipov (-52 kg) va Oybek Mamazulunov (-81 kg)lar Qozog‘istonda bo‘lib o‘tayotgan jahon birinchiligining yarim finaliga chiqishgandi.

Ammo Oybek Mamazulunov yarim final jangini mezbon qozog‘istonlik bokschi Adilbek Niyazimbetovga yutqazdi va bronza medali bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.

Bu - Oybekning havaskor boksdagi karerasida ilk bor jahon birinchiligida ishtirok etishi edi.

Oybek yarim finalga qadar mo‘g‘uliston, bahrayn va gollandiyalik bokschilarni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgandi.

London Olimpiada O‘yinlarining chorak finalchisi bo‘lgan Jasurbek Latipov esa, 2011 yilgi jahon chempionati bronza medali sovrindori bo‘lgan bokschidir.

Jasurbek Ozarbayjon poytaxti Bakuda bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatida aynan kecha o‘zi yengan britaniyalik raqibi Endryu Selbiga yutqazib, yarim finaldan ortga qaytishga majbur bo‘lgandi.

Yakuniy bosqich bellashuvlarida ja‘mi to‘qqiz davlat vakillari oltin medal uchun o‘z kurashlarini davom ettirishadi.

Final bosqichiga qadar yetib kelgan olti nafar bokschisi bilan mezbon Qozog‘iston yana qolgan hamma ishtirokchilarni ortda qoldirgan.

O‘zining boks maktabini bilan butun dunyoga tanilgan Kubani esa, final janglarida bor-yo‘g‘i 3 nafar bokschisi namoyon etadi.

Rossiya ham xuddi shuncha sondagi bokschilari bilan eng yuqori sovrin uchun bellashadi.

So‘nggi MDH davlati vakili bo‘lgan Ozarbayjondan esa, jahon chempionligi uchun ikki nafar bokschisi ringga chiqadi.

Jazoir, Irlandiya, Italiya va Braziliya esa, bittadan bokschisi bilan final bahslarida qatnashadi.

Final janglari Toshkent vaqti bilan soat 13:00da boshlanadi.

O‘zbekiston bu yilgi jahon chempionatida ja‘mi 10 nafar bokschisi bilan qatnashgandi.

Ulardan teng yarmi chorak finalga chiqishga muvaffaq bo‘lishgan, ikki nafari esa, yarim finalgacha ko‘tarilishgandi.

Rasmiy xabarlarda bu galgi jahon chempionatida dunyoning 116 davlatidan olti yuzga yaqin bokschining ishtirok etishi aytilgandi.

Ular 10 vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib borishmoqda.

Bungacha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida buncha ko‘p sondagi bokschi ishtirok etmagan.