Qamoqdagi bitiklar: Mamadali Mahmudov. Oy nuri - ikkinchi qism

Image caption "Qamoqda meni yozuvchiligim asrab qoldi", deb aytgandi adib BBC bilan suhbatida

BBC O‘zbek Xizmati atoqli adib Mamadali Mahmudovning qamoqxonada yozilgan turkum asarlarini e‘lon qilishni rejalagan. E‘tiboringizga havola qilinayotgan "Oy nuri" romanini adib 2012 yilda, Chirchiqdagi jazo muassasasida yozib tugatgan.

(Voqeiy roman. Ikkinchi qism)

– Shunday desam ham bo‘ladi, Oynur opa. Men eshitganlarimni o‘zimcha "siqib-siqib, suvi"ni chiqarib, "qolip"ga solganman. Yo‘qsa, u bir qissa bo‘ladi. Chunki uni har kim har xil talqin etadi. O‘zidan qo‘shib-chatib hikoya qilganlar ham bor. Ammo mohiyat degani bir xil.

– Bu voqea ta‘sirida, Oynur, Kantning ushbu so‘zi esimga keladi: "Iztirob chekmaganlar hayot sirlarini to‘laligicha tushuna olmaydilar". Endi bildim, Oynur, Lochin og‘a bejiz tabib bo‘lmagan ekan. Lochin tabibda bir xislat bor. Uning kechinmalari – buning isboti. Hu, boya, so‘rida Lochin tabibning so‘zlaridan so‘ng menda ishonch uchqunlari paydo bo‘luvdi. Endi bu uchqunlar alanga olayotganday. Men sog‘ayishni his etayotgandayman, Oynur.

– Sen yaqinda hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketasan, Lola.

Oynurning ishonch ruhi bilan sug‘orilgan so‘zidan Lolaning yonoqlari loladay yondi.

– Tilingga bol, azizim! – u Oynurning o‘ziga o‘xshash qizg‘ish nurlar bilan to‘yingan qo‘ng‘iroqgulrang yuziga kuydirguvchi dudoqlarini bosdi. Keyin mendan so‘radi:

– Senam ishonasanmi, Evril?

– Yuz foiz, Lola opa.

Lola meni o‘tli bag‘riga bosdi, manglayimdan o‘pdi. Men undan Oynurnikidek bo‘yu haroratni tuydim.

Qandoq laziz o‘xshashlik!

Odamni o‘ziga sehrlovchi o‘xshashlik!

Oynurni bilmadimu men Lolaga "yuz foiz" desam ham, bu so‘zimga o‘zim uncha ishonmadim. Zotan, bunga Oynur yo mening emas, Lolaning ishonchi muhim. Shu ishonch uni sog‘aytiradi. Oynur bilan men uni ruhan qo‘llaymiz. Bu Lolaga tayanch bo‘ladi. Men shunday fikrdaman. Fahmimcha, Oynur ham.

30

So‘qoq suv tegirmoniga kelib taqaldi. Biz beixtiyor to‘xtadik. Tegirmonning sirli, mungli, horg‘in g‘ir-g‘irlari chakalakning (soyning so‘l tomonida) bo‘g‘iq guvullashlariga qotilaroq sukunatni buzmoqda va o‘zlari ham zulmatga qorilib bormoqda.

– Evril, bu yer menga qo‘rqinchli ko‘rinayapti, – Oynur mening o‘ng qo‘limdan tutdi, – shitir-shitirlarni eshitayapsanmi?

– Ha, o‘zi tunda bu yerda hamisha shunday. Shamolda o‘tlar chayqaladi, shitirlaydi. Tulkilar ham kezadi...

– Meni ham vahm bosyapti. Anavi qorong‘ilikdan, – Lola chakalakka ishora qildi, – xuddi iblislar chiqib kelishayotganday.

– Tegirmon ostida ham jodugar yurganday, – vahima qildi Oynur. – Har tarafimizda qandaydir sharpalar izg‘ib yurganga o‘xshayapti.

Shu on, kutilmaganda, uy bilan tegirmon va soyni bog‘lovchi tik, tor so‘qmoqdan Chingizon chopib endi. Bunday aytganda, zulmatdan uchib chiqdi. Va o‘ziga xos mardona ovozda:

– Shaharliklarga shunday tuyuladi-da, – dedi. So‘ng g‘ilofdan po‘lat xanjarni chiqararkan, qo‘shimcha qildi. – Bu yerda hamma maxluq mendan qo‘rqadi.

Qizlar bu sodda ko‘ngil, botir bolaning samimiy maqtanishidan yayrab kulishdi. Aslida, Bek bu so‘zni maqtanish uchun emas, qizlarni xotirjam qilish uchun aytdi. Men buni ilg‘adim. Yana shuni tuydimki, qizlar Bekdagi g‘ayritabiiy kuch, g‘ayritabiiy shijoatni hali fan o‘rganmagan sezgi bilan sezdilar. Men bunday quvondim.

Chingizxon meni quvvatlash uchunmi, tag‘in gap tizginini tutdi:

– Evril mening yaqin do‘stim ham uzoqroq qarindoshim bo‘lgani uchun Sizlar "qo‘rqinchli" deb o‘ylayotganingiz: bu qutlug‘ yerlar menga aziz. Hozir "Erksiz zamon" deb atalayotgan u eski zamonda bu chakalakzor, yong‘oqzor, olmazor, o‘rikzor, tutzor... lar hamda o‘nlab botmon ekinzorlar Evrilning ota-bobolarining mulklari bo‘lgan. Mana bu tegirmon ham. Uni Evrilning ulug‘ otasi Ahmat Oqsaqol toshdan qurgan. Hozir "Hur zamon" deb atalayotgan bu zamonda bu mulklar Sovet hukumatiniki. Kirov sovxoziniki...

Qizlar bir so‘z demadilar. Oraga noqulay jimlik cho‘kdi. Shunga Chingizxon hazilomuz ohangda gap yo‘nalishini burdi:

– Ko‘rayapsizlarmi, huv yuksakda ikki yulduz yonma-yon porlab turibdi, – u uy yoqqa xanjarini nuqdi.

– Yulduz emas, shekilli, – ishonqiramadi Lola.

– Fonuslarmi, Bek? – so‘radi Oynur.

– Ha, fonuslar, Oynur opa.

31

Tik so‘qmoqdan hallolslab yuqoriga – uyga o‘rladik. Supaga sholcha to‘shalgan. O‘rtada g‘arib xontaxta. Supa chetiga ikkita yig‘ma karovat (raskuladushka) qo‘yilgan. O‘choqda o‘t tutayapti. Bular tut og‘ochi shoxiga ilingan fonuslarning (ko‘chma chiroqlar) xira yog‘dularida xira ko‘rinmoqda.

Shunday boshimizda g‘uj-g‘uj yulduzlar sayr qilmoqda.

Tiniq yulduzlar.

Yorqin yulduzlar.

Odamzotga sirli yulduzlar.

Shamolda yaproqlar shitirlaydi.

Go‘yo ko‘zga ko‘rinmas qo‘l tebratayotgandek.

Shox-shabbalar, fonuslar tebranadi. Dev-dev ko‘lankalar xuddi alvastilardek odam ko‘ngliga qo‘rquv solib, lopillab o‘ynaydi.

Qizlar junjikadilar. Buni sezgan Chingizxon "O‘rol" qutisidan kichik "bo‘g‘cha" va Lolaning ulkan jomadonini olib keldi. tugunchadan ikkita choyshab oldi va ularni qizlarning yelkalariga tashladi. Qizlar rahmat aytishdi.

– Men hozir choy damlab kelaman, Oynur opa, – Bektemir o‘choq sari yo‘naldi.

– Havo ancha salqin, Bek, qahva ichaqolaylik, – Lola Oynur o‘rniga javob qaytardi.

Shu kecha Bek va men umrimizda ilk daf‘a bir piyoladan qahva ichdik. Bundan o‘zimizni kiborlardek his etdik. Sevindik. Qizlarning ham ruhiyatlari ko‘tarildi. Qahva ta‘sirida hammamiz qizidik.

Lola chaman-chaman yulduzlarga

Suqlanib boqdi.

Entikib boqdi.

Hayratlanib boqdi.

So‘ng beqiyos hayajon bilan so‘zladi:

– Birgina bizning galaktikamizda yuz milliard yulduz bor, Oynur!

Yuz milliard!..

Aql bovar qilmaydi.

Bu yulduzlar taqriban o‘n besh milliard yildan beri olamga nur sochib turibdi.

O‘n besh milliard yil!..

Har bir yulduz yerimizdan million-million marta katta. Va yuz millionlab chaqirim uzoqda suzayapti.

Lekin, qara, Oynur, bu yulduzlar shunday boshimizda porlayapti.

Munchalar yaqin!

Men hech yerda yulduzlarni bunday yaqin ko‘rmaganman. Hech yerda, Oynur. Qanday go‘zal, qanday betakror manzara! Sezayapsanmi, bundan qalbim qanchalar yayrayapti.

Qanchalar lazzat olayapti!

Oynur qarindoshining bolalarcha sevinganidan benihoya quvondi. Bek bilan men ham.

Shu soniya mening xayolimdan o‘z-o‘zidan ushbu so‘zlar kechdi: "Yuragi toza odamgina tabiatdan shunday ta‘sirlanadi, shunday zavqlanadi".

Lolaning esiga bir nima tushdimi, yuz-ko‘zlarida qandaydir besaranjom, ammo mardona ifodalar keza boshladi. U o‘ylanib qoldi. Aftidan ko‘ngliga kelgan gapni aytish, aytmaslik ustida bosh qotirardi. Lahzalar kechdi. Yorildi:

– Bu aylanuvchan ochun, Evril.

Lola nima uchun mening otimni aytib so‘z ochdi? Men bundan hayron bo‘ldim.

– Ha, bu aylanuvchan ochun, – takrorladi u. – Mana shu yulduzlar, sayyoralar, Oy, Quyosh, umuman butun osmon jismlari Tangri Qonuniyati asosida aylanadi.

O‘zgarmay aylanadi.

Yer ham shunday.

Biroq... biroq... Yer ustida odam tuzgan, to‘qigan Saltanatlar, Qonunlar, firqalar, oqimlar, dinlar o‘zgarib aylanadi.

Hatto millatlar ham...

Bir-birini inkor qilib aylanadi.

Bir-birini bulg‘ab aylanadi.

Bir-birini yanchib aylanadi.

Bir-birini aldab aylanadi.

Bir-birini yeb aylanadi...

Qani Iskandar va yoki Chingizxon saltanatlari?

Qani butparast va yoki o‘tparast dinlari?

Hech bir imperiya, partiya abadiymas.

Vaqtincha...

Bunga tarix shohid.

Daryoni to‘sish mumkin.

Vaqtincha.

So‘ng yana oqadi.

To‘siqlarni buzib oqadi.

Tangri Qonuniyati asosida:

O‘z O‘zanida oqadi.

Lola o‘z fikrini to‘sma[1]ga o‘rab-chirmab bayon etsa ham, men uni uqdim. Bekning tegirmon oldidagi gapiga javob edi bu.

– Senga sovg‘am bor, Evril, – Lola jomadonini ochdi. Undan akademik Lev Gumilevning rus tilida yozilgan "Xunlar", "Oq xunlar", "Turk hoqonliklari", "Ko‘k turklar" kitoblarini oldi va menga uzatdi. – Bek bilan birga o‘qinglar. Bularda millatimiz kechmishi bitilgan.

Men bundan bir ko‘za oltin topgan kimsa misol quvondim:

– Rahmat, Lola opa!

Bek ham sevinchga lim-lim ovozda unga minnatdorchilik bildirdi.

– Bu kitoblar Sizlarning ichki dunyolaringizda to‘ntarish yasaydi, deb o‘ylayman, – dedi jiddiy ohangda Oynur. – Kechmishimiz nechog‘lik ulug‘ligini bilib olasizlar. Sizlarda soxta g‘oyalarga qarshi beqiyos nafrat uyg‘onadi.

Oynur xiyol tin oldi. So‘ng qo‘shimcha qildi:

– Loladan ham ko‘p narsa o‘rganasizlar.

Biz (Bek va men) kitobga havoday tashna edik. Ba‘zan yumushlardan qochardik, og‘och shoxlari, butoqlar oralari va yoki qabriston xilvatgohlarida, xususan, O‘g‘irtosh[2]kavaklarida kitoblar o‘qirdik.

Bek O‘g‘uzxondek buyuk inson bo‘lishni orzu qilardi. Temur hoqon saltanati tiklanishi to‘g‘risida o‘ylardi. Chingizxonni havas etardi. Lekin men kabi dard, alam, maqsadlarini (to‘smaga o‘rab) qog‘ozga to‘kmasdi. Hech bir kas yoki hayvondan cho‘chimaydigan Bek chamasi zamondan qo‘rqardi. Menimcha, qamoqdan ko‘proq. Qo‘rqishini yashirardi. Uning eng mo‘rt joyi ham shunda edi. Shunga iste‘dod tug‘yonlari ichida qaynab, ichida so‘nardi. Balki bu o‘tkinchi holdir? Balki men yanglishayotgandirman? Bu mening nisbiy fikrim, albatta.

Lola O‘g‘uzxon (Mate – Botir Tangriqut) haqida uzoq so‘zladi. U o‘gay onasidan jabr ko‘rgani, tuman Tangriqut (otasi) uni (xotinining gapiga kirib) Ulug‘ Yovchilar Yurti hukmdoriga garov sifatida bergani, Mate u yerdan Buyuk Sahro (Tangriqum) orqali qochgani va Tumanbaliqqa (Xun davlati boshkenti) zo‘rg‘a yetib kelgani to‘g‘risida so‘zladi. So‘zlaganda ham Lola achinish aralash hayajon bilan so‘zladi.

U nafasini rostlash uchun bir daqiqa tin oldi. Biz (Bek, men) bo‘ronli qissa davomini eshitishni orziqib kutdik. Lola chumoma gulli oq, nafis ro‘molchasi bilan quyoshrang dudoqlarini ohista-ohista artdi va so‘ng faxr tuyg‘usiga to‘la ovozda yana gap tizginini tutdi. Ya‘ni:

Ota-o‘g‘il o‘rtasida kechgan jangda (eradan oldingi 210 yil) Botir Tangriqutning qo‘li baland kelgani, shundan keyin u o‘nlab mamlakatlarni, jumladan, Xitoyni ham bo‘ysundirgani, Markazlashgan Buyuk Xun Saltanatiga (Imperiyasiga) asos solgani, Boyko‘ldan (Baykal) Ulug‘ Dengiz (Tinch okeani)gacha Yer uning qamrovida bo‘lgani, bu cheksiz hududda biz bo‘ri surati aks ettirilgan tug‘ hilpirab turgani, qaram davlatlar yuz yillar mobaynida unga o‘lpon to‘lagani, u (O‘g‘uzxon) 36 yil (210–174 yy.) saltanatni boshqargani xususida gapirdi.

Lola O‘g‘uzxonning o‘limini ichki bir dard bilan hikoya qilganda, Bekning ko‘ziga yosh qalqdi. Mening yuragim ezildi. Men ixtiyorsiz bir tarzda, odam urug‘iga noma‘lum kuch, yanglishmasam, qandaydir "Osmoniy undov"da Oynurga qaradim. Shunda uning mungli ko‘zlaridan: "O‘g‘uzxondek beqiyos daho bizda yana tug‘iladimi?" degan savolni o‘qidim.

Lola bu ifodani ilg‘adimi, yo‘qmi, bilmadim. Lekin xuddi ilg‘aganday dedi:

– Bizning qonimizda bor: daholar, dohiylar tug‘iladi:

Chingizxon,

Saljuq,

G‘aznaviy,

Temur,

Bobur...

Ilmda ham shunday:

Xorazmiy,

Beruniy,

Tarobiy,

Sino,

Ulug‘bek...

Lola O‘g‘uzxonni o‘g‘li Kunxon (Kun – Quyosh) to‘g‘risida endi og‘iz ochganda bo‘rilar uvlab qoldilar. Lola seskandimi, xavotirli ovozda mendan so‘radi:

– Bu yaqin atrofda sizlarnikidan boshqa uy ham yo‘q shekilli, Evril?

– Yo‘q, Lola opa, qishloq bizdan ancha uzoqda. Onamning aytishicha, bobom Ahmat Oqsaqol shu ovloqni yaxshi ko‘rarkan.

– Bo‘rilar...

– Qo‘rqmang, Lola opa, – Bek uning so‘zini bo‘ldi, – bo‘rilar yorug‘likka yo‘lamaydilar. Buning ustiga Chingizxondan ham o‘lguday qo‘rqadilar.

– Chingizxonning "hidi"ni sezishsa, qochishadi, – men hazilomuz ohangda do‘stimni quvvatladim. – "Chingizxon bizni yeb qo‘yadi", deb tiraqaylab qochishadi.

Qizlar guldek supa o‘rtasida yig‘ma karavotlarda yotdilar. Bek va men supaning ikki tomoniga – sholcha ustiga to‘shalgan ko‘rpalar orasiga sho‘ng‘idik. Toshdek qotibmiz. Quyosh supani qizdirayotganda uyg‘ondik. Soyda yayrab yuvindik. Shundagina chinordek ulkan, kishi belidek yo‘g‘on-yo‘g‘on shoxlari atrofni tutgan yong‘oq ostida o‘tirgan Oymomoga ko‘zimiz tushdi. Uni kuttirib qo‘yganimizga xijolat chekdik. Lola undan uzr so‘radi.

Oynurning taklifi bilan shu yong‘oq[3]ostiga joy qildik. Bek va men tosh o‘choq yasab, choy qaynatdik. Bungacha Oymomo Lolani (bizning uyda) emladi. Soyga qaytib enishgach, Oymomo tugunchasidan to‘rtta non va bir banka qaymoq olib, tergiga qo‘ydi. Bundan qizlar qizardilar.

– Odamni...

– Osh bo‘lsin, bolalarim, – Oymomo Lolani so‘zlashga qo‘ymadi va ochiq yuz bilan bizlarni tergiga undadi.

32

Nonushtadan keyin Oynurning topshirig‘i bilan biz (Bek va men) tuman markazidagi bozordan bozor qilib qaytdik. Qizlar tushlikka osh qilishdi. Pomidor, bodring, piyoz, kashnich, tuz, qalampirlardan achchiq-chuchuk hozirlashdi. Yana qizilcha, karamni qirg‘ichdan o‘tkazishdi, uni uksus bilan qorishtirishdi va ustiga ip-ip qilib to‘g‘ralgan piyoz sepib, salat tayyorlashdi.

Lochin tabib bilan Oymom gapimizni yerda qoldirishmadi. Oshga yetib kelishdi. Soy bo‘yiga, yong‘oq ko‘lankasiga yastandik. Ikki lagan palov yedik. Achchiq-chuchuk bilan salatni ham paqqos tushirdik. Er-xotin tergiga fotiha o‘qib qalqisharkan, qizlarni olqishlashdi:

– Qo‘llaringiz dard ko‘rmasin!

– Oshmisan osh bo‘libdi!

Osh taraddusi: yugur-yugur bilan terga pishganimiz uchun Bek va men qora qoya ila chakalakni oralab oqayotgan xilvatgohda yayrab cho‘mildik. So‘ng qizlarga ham kishi ko‘zi tushmas bu ovloqni ko‘rsatdik. O‘zimiz yong‘oq ostida ochunni unutdik.

Ko‘zimizni ochganimizda kech kirayotganini payqadik. Qizlar ko‘rinmadilar. Shoshilinch uyga o‘rladik. "Egizak"lar tut tagida, yig‘ma karavotlarda orom olardilar. Bizning oyoq tovushimizdan uyg‘ondilar. Men o‘choqqa o‘t yoqdim. So‘ng hammamiz soyga endik. Yuz-qo‘llarimizni yuvib, izimizga qaytdik. Shokolad bilan qahva ichdik. Shu orada qovoq idishni boshida ko‘targancha Oymomo ko‘rindi. Biz uni o‘rnimizdan turib qarshi oldik.

– Men sizlarga, bolalarim, makka go‘jasi olib keldim, – dedi u sodda, muloyim ovozda qovoqni tergi chetiga chayqaltmasdan sekin qo‘yarkan, – uni to‘ng‘ich qizim O‘g‘uljon o‘g‘irda tuyib, pishirgan. Go‘ja issiqni kesadi ham bir havasakda, bolalar.

Qizlar xijolat chekdilar. Alvon tusga kirdilar.

Oymomo Lolani "timsoh" yog‘i va talqoni bilan emlaguncha, biz (Bek, men) qovoqni soy chetiga, sokin oqimga qo‘yib qaytdik.

– Ertalab mensiz nonushta qilmanglar, bolalar, – deya Oymomo biz bilan xayrlashdi. Chingizxon uni "O‘rol"da uyiga kuzatib, qaytdi.

Tun cho‘kayotganda qalampir sepib, bir kosadan muzdek go‘ja ichdik. So‘ng Lola alla-pallagacha Kunxon to‘g‘risida hikoya qildi. U otasi O‘g‘uzxondek adolat bilan El-yurtni boshqargani, davlat chegaralarini kengaytirgani, budun[4]ga ro‘shnolik bergani haqida to‘lib-toshib so‘zladi.

Oynur va menga Oymomo bilan nonushta qilish nasib etmadi. Biz erta tongda ishga jo‘nadik. Oynur:

– Har shanba, bozor kunlari kelib turamiz, – dedi Lolani o‘pib, – agar ish bo‘lmaganda, sening oldingdan bir qadam ham jilmasdim, azizim!

Chingizxon bizni "O‘rol"da Uchqulochga tashlab, tez ortiga qaytdi.

33

Shu kuni jizg‘anak cho‘lda tush chog‘i muzdek ayron icharkanmiz. Men chindan ham (o‘zimcha nom qo‘yganim) "Osmoniy undov" bor, yo‘qligini bilish maqsadida Oynurdan so‘radim:

– O‘tgan kuni tunda O‘g‘uzxonning o‘limidan o‘kinganingizda, nimani o‘yladingiz?

Oynur javob berdi:

– O‘g‘uzxondek beqiyos daho bizda yana tug‘iladimi?

Balki Oynurning ko‘nglidan kechgan bu fikr Lolaga ham "Osmoniy undov" orqali yetgandir? Bu menga qorong‘i. Bu yolg‘iz Tangriga ayon.

Suhbatimiz endi qiziyotganda qarshimizga yengil mashina (Vils) kelib to‘xtadi. Undan uzun-uzun bo‘yli uch o‘ris tushdi. Biri juvon. Salom-alikdan keyin o‘zbek tilida, shirin, yumshoq ovozda:

– Oynur xonim, Sizni bir minutga bezovta qilaman, uzr, – dedi nazokat bilan.

Men Oynurning ko‘zlariga shubha oralaganini, yuzlari oqarganini sezdim. Sezdim-u ko‘nglimdan shu so‘z o‘tdi: "Bular bejiz kelishmagan... Bular... bular... KGB!.."

Shunda juvonning mulozamati soxtadek, uning tagida ilon o‘rmalayotgandek tuyuldi menga.

Juvon va Oynur saksovulzor oralab yurishdi.

Uzunlar menga bir lahza ko‘z qirlari bilan qarab turishdi. So‘ng og‘zi katta, boshi taqir o‘ris iljayib, meni savolga tutdi:

– Ruschani bilasanmi?

– Eplayman.

– Komsomolmisan?

– Ha, – dedim yolg‘ondan va nogahon onamning o‘guti esimga tushdi: "O‘zini senga yaqin oluvchi, shu yo‘l bilan ichingga kirib oluvchi kimsalardan qo‘rq. Kim bilan bo‘lmasin, o‘g‘lim, har bir so‘zni o‘ylab so‘zla. Hech kimga ichingni ochma".

– Molodets! – dedi taqir bosh ko‘zimdan ko‘zini uzmay, – ota-onang bormi?

– Otam urushdan qaytmagan.

– Onang nima ish qiladi?

– Supuruvchi.

– Proletarman degin.

– Shunday.

– Bu ish senga og‘irmasmi?

– Og‘ir, ammo bundan o‘zga mavsumiy ish topmadim.

– Yordam beraymi?

– Endi kech, ikki oydan keyin maktab.

– O‘qish qalay?

– Uch...

– Bu bolakayga ko‘maklashmaymizmi, Pasha? – so‘radi og‘zi katta, siyrak qoshli, och ko‘k ko‘zli, afti-angori kelishgan sherigidan.

– Savob bo‘lardi, Dima, – u sochilgan sariq sochlarini o‘ng qo‘li bilan tekisladi.

Bu so‘z menga og‘ir botsa ham, damimni ichimga yutdim.

– Bizdan Oynur xafa bo‘lmasmikan?

– Buning o‘zi nima deydi, Pasha?

Men Oynurga yaqinligimni sezdirmaslik uchun javob qaytardim:

– Agar yengilroq ish bo‘lsa, yana maoshi...

– Yengil ish, – gapimni bo‘ldi Dima, – puli ham ikki baravar ko‘p.

– O‘! – dedim jo‘rttaga hayajonlangan ohangda.

– Tag‘in bir o‘ylab ko‘r, bolakay, biz ham o‘ylab ko‘ramiz, – Dima Pashaga ma‘noli qaradi.

Shu asnoda juvon bilan Oynur qaytishdi. Juvonning "moyil..." degan so‘zi qulog‘imga chalinganday bo‘ldi. Men unga sezdirmay razm soldim. Juvonning kulrang ko‘zlarida sezilar-sezilmas sovuq nurlar yiltiramoqda. Bu oq-sariqdan kelgan dilbar husniga bir qadar putur yetkazayotgandek tuyuldi menga. Yelkasiga yoyilib tushgan sochi makka ko‘pigi rangida qizg‘ish. Negadir mening ko‘nglimdan: "Uning tabiiy sochi qoramtir tusda", degan gap kechdi.

Juvon menga boshdan-oyoq sinchiklab qaragan holda murojaat etdi:

– Oynur xonim, biz bir soatga qolmay qaytamiz. Hozirlik ko‘rib turarsiz.

Oynur boshini egib, ko‘tardi. Vils shuvoqzor oralab Xonbandi[5]tomonga ketdi.

– Bundayda odamning qo‘li ishga bormaydi, – dedi Oynur beixtiyor o‘ziga-o‘zi alamli ovozda. Keyin aytgan gapidan pushaymon yedi, shekilli, "xatosini" tuzatgan bo‘ldi. – Men nimalar deb valdirayapman o‘zi?

Saksovul ko‘lankasiga behol o‘tirdik. Men kechgan "hangoma"ni oqizmay-tomizmay Oynurga aytdim.

– Mening ziyrak do‘stginam! – Oynur yuzimdan o‘pdi. – Agar sezgim aldamasa, seni menga ayg‘oqchi qilib qo‘yadi.

Men o‘tli, totli bo‘sadan yonarkanman:

– Men ham shunday fikrdaman, Oynur opa, – dedim.

– Nima desa ko‘ngin, aqlingni, kitobga qiziqishingni yashirgin, oz so‘zla, faqat savoliga javob qaytar. O‘zingni go‘l ham pulga o‘chdek ko‘rsat. Pul bersa, ol. Bo‘lmasa ishonmaydi. O‘zingni meni yomon ko‘rganday tut.

– Men, Oynur opa, kinoaktyorlikka ham qiziqaman.

– Senga ishonaman! – Oynur mening sochimni siladi, – bugun men Toshkentga ketaman.

– Tinchlikmi, Oynur opa, – mening yuragim "shuv" etdi.

– Meni har zamonda yo‘qlab turishadi. Moskvadan "Qo‘noq" kelarmish.

– Haliyam nazoratdamisiz?

Savolim javobsiz qoldi. Men Oynurning holatini tushunganim uchun undan xafa bo‘lmadim. U xayolga botdi. Anchadan so‘ng:

– O‘zbekchani binoyiday biladi, – dedi xuddi o‘ziga-o‘zi gapirayotgandek juda past, xomush ham faromush ovozda. – Ammo...

Negadir so‘zini davom ettirmadi.

– Ammo, – men uning fikrini ilg‘adim, – o‘zbekligini yashirish uchun (sochini bo‘yab) o‘ris qiyofasiga kirib yuradi. Uning otasi o‘zbek, onasi, balki, o‘risdir?

– Taxmining to‘g‘ri, Evril. Uning tug‘ma oti Gulnora. To‘g‘rirog‘i, Gulnora Egam qizi. Ota-onasi ajrashib ketgan. Shunga hozir u onasining nomida: Galina Antonovna.

– Har qalay, u o‘zbekchani biladi. O‘zbek tiliga boshqa duragaylarday yuqoridan qaramaydi.

– Yo‘q, yanglishyapsan, Evril. U meni o‘ziga tortish uchun o‘zbekcha so‘zladi. Aslida...

– Balki, haqdirsiz, Oynur opa, – dedim men o‘ylab turib, – agar adashmasam, uning chiroyli ko‘zlari gohida ilonnikidek sovuq yiltirab ketadi. Bunda, balki, ota urug‘iga nafrat bordir?

– Mensimay qarash degin. Asl o‘rislarga qaraganda chala yo soxta[6]"o‘ris"lar ming chandon shovinistroq bo‘ladilar. Men buni amalda ko‘p marta ko‘rganman, Evril.

Men indamadim. Chunki hali bunday holga duch kelmaganman. Oynur o‘ychan nigoh bilan menga boqib, ma‘yus ovozda dedi:

– Yuqorida aytganimizday, aylanmachak dunyo bu. Pushkin zamonlarida, undan keyin ham, hatto yaqin-yaqinlargacha rus kiborlari o‘z tillarida gapirishga or qilganlar, frantsuzcha yoki inglizcha so‘zlashganlar. Endi, zamona kaltagi aylanib kelib, bizning boshimizda ham sinayapti.

Men mavrudini topib, Oynurdan so‘radim:

– Galina Sizga "moyil" so‘zini bir-ikki marta aytganday bo‘ldimi? Bu...

Oynur gapimni bo‘ldi:

– Endi shuncha zamon o‘tgandan keyin meni ajnabiyga moyillikda ayblayapti.

– Kim?

– Moskva.

– Asosi bormi?

– Agar men "Vatan xoini"ga moyil bo‘lmasam, Botir bilan Parijda gaplashmagan, undan uy manzili-yu ko‘k pul olmagan bo‘larkanman.

– Hadeb bir gapni chaynayverarkan-da, – dedim. Dedimu negadir birdan ko‘nglimga g‘ulg‘ula endi.Oynur yuzimdagi o‘zgarishni sezdi. Menga tasalli berdi:

– Meni tor tushovlab, uzun arqonlab qo‘ymoqchi. Shunga xolisligimni bilsa ham, chumolidan tuya yasayapti. Ammo, baribir yoqimsiz da‘vo bu.

Shu dam miyamga ushbu so‘z keldi: "Xavfli da‘vo!"

Men seskandim.

Men qorong‘i tunda, tog‘da ayozda qolgan yo‘lovchiday muzladim.

Men titradim.

Bu hol kutilmaganda, oniy tezlikda yuz berdiki, men o‘zimni eplolmay qoldim. Buni Oynur sezdi.

– Nega yuzing qorday oqarib ketdi, iniginam? – deya meni bag‘riga oldi va muzdek ter bosgan manglayimdan o‘pdi, – agar men uchun bo‘lsa, tashvish chekma. O‘zing ham, balki bilarsan, meni vaqti-vaqti bilan chaqirib turishadi...

Men Oynurning ruhini ko‘tarish o‘rniga uni battar tashvishu tushkunlikka undaganimga o‘zimdan nafratlandim:

"Ahmoq!"

"Qush yurak!"

Men bor kuch, irodam bilan o‘zimni qo‘lga olishga kirishdim. Bunga qisman erishdim ham. Biroq mash‘um g‘ulg‘uladan to‘la qutulolmadim.

– Men uch-to‘rt kun ichida qaytaman, Evril, – dedi Oynur. – Sen Lolaning oldiga borma. Men uning xavotirga tushishini istamayman.

– Biladimi?

– Biladi.

Vils qaytdi. Lash-lushlar bilan unga chiqdik. U chang-to‘zon ko‘tarib, Uchqulochga uchdi.

34

Onam bilan men Oynurning oy borib, omon kelishini Tangridan yolvorib so‘radik.

Shu kuni shomda meni rangi o‘limtik, ruhsiz bir o‘ris bola quduqqa boshlab endi.

Pichadan so‘ng ozg‘in, ixcham, echkiemarga o‘xshash bir kas oldimga keldi. So‘rashdik. Uning ustidagi jigarrang sport forma o‘ziga yarashib, kichik jussasiga qapishib turibdi. Yoshi o‘ttizlarda. Uni o‘zbek ham, o‘ris ham, tojik ham, deb bo‘lmaydi. Balki, u Galinaga o‘xshash chatishma mahsulidir? Qaydam?

Bu yer tog‘ oralig‘i bo‘lgani uchun qorong‘i. Loy qoruv tsexi chiroqlari kimsasiz, sokit tegrani xira yoritayotir. "Chatishma"ning imosi bilan bola ketdi. U cho‘ntagidan "Kazbek" va gugurt chiqardi. Tutatdi. Shunda men uning ko‘zi echkiemarnikidek yovuzona bir chaqnab, so‘nganini ko‘rdim. Bundan yuragim uvushdi.

"Galinaning ham ko‘zlarida shunday o‘lim uchqunlarini ko‘ruvdim", dedim ichimda.

– Mening ismim Telman, – deya tanishtirdi o‘zini "Chatishma". – Seni nega chaqirtirganimni bilasan-a?

U sirli iljaydi. Biroq ko‘zi kulmadi. Negadir men undan go‘r sovug‘i "hidi"ni tuydim. Keyin: "Juda oshirvordim-da, – deb o‘zimdan-o‘zim ijirg‘andim. – Undoqmas. Yanglishayapman. Oynurga bosimlari uchun bu toifa kishilari menga yomon ko‘rinayotir".

Telman quduq supachasida turgan qora dermantin diplomatini ochdi. Undan qalin daftar oldi va jizzaxcha shevada dedi:

– Bunga har kungi voqealaru gap-so‘zlarni yozib borasan. Bir so‘zni ham tushirmay yo qo‘shmay yozib borasan. Mutlaqo yolg‘on aralashmasligi shart. Uqdingmi, mutlaqo!

– Fahmimcha, onam bilan mening oramizda bo‘lguvchi gaplarning bunga daxli yo‘q.

– Onangmi, boshqami, yozaver, hech kimni unutma, hatto Oynurni ham...

– Onamni qo‘shmayman, boshqalarni, mayli. Oynurdan qo‘rqaman. U juda qattiqqo‘l boshliq. Agar buni sezib qolsa, meni ishdan haydaydi.

– Sezdirmaysan! Hech kimga sezdirmaysan. Hatto onangga ham! – Telmanning ko‘zi och bo‘rining ko‘zidek sovuq yiltiradi.

"O‘limdan sovuq!" deb o‘yladim men. Go‘yo badanimda qoraqurt o‘rmaladi. Borlig‘imni muz ter bosdi.

– Uqdingmi?! – qat‘iy ohangda ta‘kidladi u.

– Ha.

– Gap onang bilan Oynurga taqalsa, onang, menimcha, pokiza ayol, o‘z halol mehnati bilan tirikchilik qilayotgan odamni yomon demayman. Oynurga kelsak, u rus tarbiyasini olgan ajoyib qiz. Yaxshi geolog. Uning aqli, odobi ham joyida. Sen Oynur bilan yaxshimisan?

– Faqat ish bo‘yicha gaplashamiz.

– Sen kim bilan qo‘nishsang ham, bariga o‘zingni yaqin tut. Jumladan, Oynurga ham. Shunda sen bilan ochilib gaplashadilar.

Telman menga qalin daftar bilan uch yuz so‘m pul berdi.

– Bir oy muhlat... Keyin daftarni olaman. "Ish"ing yoqsa, yana "Ish"laysan... Oyiga uch yuz so‘m... Yuraging bilan "Ish"la.

U mavrudsiz va shavqsiz tirjaydi. Men ixtiyorsiz bir tarzda: "Bo‘ri ham shunday tirjayadi", dedim ichimda.

– Xo‘p.

U qo‘limni siqib, qorong‘ilikka yurdi.

35

Iltijomiz vojib bo‘ldi.

Beshinchi kuni (juma) men "Xunnu" kitobini endi o‘qib tugatganimda, Oynur kulbamizga kulib kirib keldi. biz (onam, men) uni ko‘rib, go‘yo otamiz Ovro‘padan qaytgandek sevindik. Ko‘ngli bo‘sh onam yig‘ladi. Mening ham ko‘zim yoshga to‘ldi.

Oynurning kayfiyati yaxshi, bo‘yoq tegmagan yuz-ko‘zlari tiniq edi. U qora charm jomadonini ochdi. Undan inglizcha yozgi oqish kostyum-shim, shu rangda tufli hamda Fitrat bilan Cho‘lponning kitoblarini oldi va menga uzatdi.

– Yaxshi kunlaringga buyursin, iniginam! – Oynur ko‘zimga tik boqib, yelkamga kaftini qo‘ydi. – Bu kitoblarni hech kimga ko‘rsatmay o‘qi. Mag‘zini chaqib o‘qi. Uqdingmi?

– Ha, Oynur opa.

Onam bilan men bu sovg‘alardan noqulay ahvolga tushdik. Onam alvon tusga kirdi. Menimcha, men ham. Buni sezgan Oynur:

– Meni qizim deb o‘ylasangiz, aslo xijolat chekmang, ona, – dedi, – bo‘lmasa, men xafa bo‘laman.

– Xo‘p, go‘zal qizim.

– Sen-chi, Evril?

– Rahmat.

Oynur palovga masalliq ham olib kelibdi. Yana nok, meva-cheva, pomidor, bodring, piyoz, turli ko‘katlar.

Toshkentcha osh qildi. Uni ishtaha bilan yerkanmiz, onam Oynurga teran mehr bilan boqib dedi:

– Juda mazali bo‘libdi, go‘zal qizim, yeb, to‘ymaysan! Siz bizni siylayapsiz, Sizni Tangri siylasin!

Oy-yulduzlarga g‘arq shu oqshom Oynur va men (Oynur taklifi bilan) tegrasida o‘ris og‘ochlari bo‘y cho‘zgan "Madaniyat uyi" sahniga – raqs maydoniga yo‘l oldik. Men inglizcha kostyum-shim, tuflida o‘zimni boshqacha, go‘yo o‘zga olam kishisiday sezyapman. Yonimda Oynur. Ushbu so‘zlar yuragimni yoqadi:

Bu qandoq baxtli onlar!

Bu qandoq totli onlar!

Men o‘zimni hech zamon bundoq baxtiyor his etmaganman!

Ushbu totli onda, kutilmaganda esimga Telman tushdi. Oynurga pul, daftar, kechgan har bir so‘zni aytdim. U:

– Telman ustasi farang nusxa ekan, – dedi, – endi sen bargida yur.

Bir pasda "Madaniyat uyi"ga yetdik. Tantsa maydonida Ovro‘pacha musiqa gumbirlayotir. Yasangan-tusangan yigit-qizlar "Sheyk"ka tushmoqdalar. Oynurdan o‘zga o‘zbek qizi yo‘q. Yigitlari bor. Cho‘lda Oynur meni "Sheyk", "Tvist", "Tango" kabi o‘yinlarga o‘rgatgan edi. Musiqaga erib o‘ynay ketdik. Shunda men balog‘at yoshiga yetib qolganimni ilk daf‘a his etdim. Yana Oynurdek suluv qiz bilan "Sheyk"ka tushayotganimdan faxr tuydim. G‘aroyib bu lahzada hammaning ko‘zi go‘yo bizda edi.

Biroq bu maydon janjal uyalaridan biri ham edi. O‘zbek yigitlari rus xonimlari bilan o‘ynardilar. Kelgindilar buni ko‘rolmasdilar. Ba‘zan yashirincha, ba‘zan ochiqcha yerliklarga og‘uli toshlar otardilar:

– Chuchmeki!

– Churki!

– Barani!

– Dikari!

Yerliklar ham qarab turmasdilar:

– To‘ng‘izlar!

– Kelgindilar!

– Yuvuqsizlar!

– Nonko‘rlar!

Men buning ko‘p marta guvohi bo‘lganman. Goh-gohida o‘smirlar bilan birga kelib turardik. Pastak temir to‘siqlar ortidan telbalarcha o‘ynayotganlarni tomosha qilardik. Bunday onlarda achchiq-achchiq gaplarni ko‘tara olmaydigan kimsalar oyoq-qo‘llariga erk berardilar.

Men bunday irqchilik butun SSSR bo‘ylab keng quloch yoyganini, Ulug‘ rus shovinizmi o‘z gegemonligini mustamlaka millatlarga pesh qilaroq zahar sochayotganini keyincha bildim. Buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, o‘z qulog‘im bilan eshitdim, o‘zim ham buning "tuz"ini "tatib" ko‘rdim...

Bu dahshat edi.

Bu tuzalmas yara edi.

Bu ofat edi...

Ammo SSSR sirtiga suv yuqtirmasdi. O‘zbekda: "Ishtonsiz ishtoni yirtiqdan kuladi" degan maqol bor. SSSRda chop etilayotgan hamma gazetalar har kuni bir gapni saqichdek chaynardilar: "AQShda irqchilik avj olmoqda. Qora tanlilar qattiq siquv ostida".

Lekin bu kecha tinch kechdi. Men Oynurni uyiga kuzatib borarkanman, u:

– Uch yuzni nima qilasan? – deb so‘radi qo‘qqis.

– Chingizxonga beraman, Oynur opa. "O‘rol"ning karobka, balo‘nlari charchagan.

Oynur nimanidir boshida pishitish uchunmi, to ostonagacha bir so‘z demadi. Eshikni ocharkan, fikrini aytdi:

– Balki, Bekka yangi "O‘rol" olib berarmiz. Lola bilan maslahatlashib ko‘raychi-a, Evril.

Xayrlashdik.

Qalbim quvonchdan yorilay deydi. Uxlolmadim. O‘zbekning, umuman, butun Turk dunyosining eng vatanparvar o‘g‘loni, lekin Moskva tomonidan: "Vatan xoini" sifatida otilgan Abdurauf Fitratning kitobiga sho‘ng‘idim. Mana bu she‘rni o‘qiganimda, yuragim ezildi:

Go‘zal Yulduz

Go‘zal yulduz, yerimizning eng qadrli tuvg‘oni!

Nega bizdan qochib muncha uzoqlarga tushibsan?

Tuvg‘oningga nechun sira gapirmasdan turibsan?

So‘yla yulduz, holing nadir? Nechuk topding dunyoni?

Bizning yerda bo‘lib turgan tubanliklar, xo‘rliklar

So‘yla, yulduz, sening daha quchog‘ingda bo‘lurmi?

Bormi senda bizim kabi insonlar,

Ikk yuzli ishbuzarlar, shaytonlar,

O‘rtoq qonin qonmay ichgan zuluklar,

Qardosh etin to‘ymay yegan qoplonlar?

Bormi senda o‘ksiz, yo‘qsulning qoni,

Gurunglashib chag‘ir kabi ichganlar?

Bormi senda butun dunyo tuzugin

O‘z qopchig‘in to‘ldirgani buzganlar?

Bormi senda bir o‘lkani yondirib,

O‘z qozonin qaynatguvchi hoqonlar?

Bormi senda qorin, qursak yo‘lida

Elin, yurtin, borin-yo‘g‘in sotganlar?

Fitrat

Shu tundan boshlab men (har kecha) Fitrat, Cho‘lpon asarlarini yashirinchi o‘qiydigan bo‘ldim. Erta tongda ularni qora charmga o‘rab, yerto‘la ostiga ko‘mib qo‘yardim. Kunduzlari akademik Lev Gumilevning kitobi qo‘limdan tushmasdi. Kimsasiz sahro chetidagi yaydoq cho‘lda bu asarlar haqida Oynur bilan fikrlashardik.

36

Tangriga shukr, endi uyimizda nonimiz ham bor, qozonimiz ham qaynamoqda. Ust-boshimiz ham deyarli but. Hatto radio ham sotib oldik. Onam yashardi. Egila boshlagan qad-qomati qayta tiklandi.

Shanba, bozor kunlarini Oynur va men Bog‘donda o‘tkaza boshladik. Ha, aytganday, Bek qizlar taklifini rad etdi:

– Rahmat, opalar! Men o‘z aravamga o‘rganib qolganman.

Men unga majburan o‘sha uch yuzga "O‘rol"ning charchagan qismlarini yangilatdim. U o‘ziga yarasha to‘g‘ri bola edi. Bundan ikki yilcha oldin Qizilbuloqda oltin uzuk topib olgani, uni egasiga qaytarmaguncha tinchimagani esimda.

Biz to‘rtovlon "O‘rol"da tog‘ to‘riga yonardik. Uni Bog‘donsoyning boshlanish yerida qoldirib, qoyalarga chiqardik. Daralarni kezardik. Buloqlarga non botirib yerdik. Yovvoyi chechaklar terardik. O, bundan qancha-qanchalar lazzat olardik!

Bizga (Bek, men) esimizni taniganimizdan beri bu dilbar oshyon qadrdon edi. har tongda toqqa yugurardik, terga botib mashq qilardik: qoyalarga tirmashib chiqib-tushardik. "Qilich-qilich" (tayoqlarda) o‘ynardik, kurashardik, yilqilarni daralarga siqib borib, yaydoq otlarni tutib, ularda uchardik. So‘ng soyda qiyqirib cho‘milardik. Esimda, birda biz yovvoyi qora to‘ng‘izga duch kelganmiz. U menga tashlangan. Men yong‘oqqa qochib chiqqanman. Shunda Bek uni tosh bilan urib o‘ldirgan.

Bir oydin kecha supada toza Braziliya qahvasini ichib o‘tirarkanmiz, Oynur ushbu gapni aytdi:

– Inson o‘z yurtini tugal bilishi kerak.

Inson dunyoni ko‘rishi kerak.

Bu odamga rohat beradi, uning aqlini qayraydi.

Bu so‘zlar kimga qanday ta‘sir etganini bilmadimu ammo mening miyamda muhrlanib qoldi.

Shu so‘zlar sabab biz (Oynur, Lola, Bek, men) Samarqand, Buxoro, Xiva kentlarini borib ko‘rdik.

Shu so‘zlar sabab men o‘zimga-o‘zim so‘z berdim: "Kelajakda ochunni kezaman".

37

Vaqti bilan yurakdagi hasrat dog‘lari ketganidek, Loladagi "oq chechaklar" ham mavh bo‘ldi. Faqat bittasi qoldi.

Shanba tongida Oymomo Lochin tabibning so‘zini Lolaga yetkazdi: "Yarim oyda u chechak"dan iz qolmaydi".

Bundan Lolaning boshi osmonga yetdi. Ruhiyati yulduz misol yuksaldi. U shu ikki oy ichida juda unumli ishladi ham. Xun tarixi bo‘yicha nomzodlik ishini oxiriga yetkazdi. Endi, Leningradda, akademik Lev Gumilev boshchiligida yoqlashi qoldi. Lola hech zamon bunday mo‘l-ko‘l ishlaganini eslolmaydi. Ustiga-ustak horish nimaligini bilmay ishladi. O‘z ishidan zavq olib ishladi. Shunda, o‘zicha bunday o‘yladi: "Toza havo, erkin, quvnoq, inoq davra, tinch, sokit, tiniq muhit inson ruhiyatini mislsiz ko‘tararkan, unga beqiyos kuch, quvvat baxsh eatrkan, uni zo‘r ilhom bilan ishlashga undarkan".

38

Shanba yoxud bozordan o‘zga kunlari, ko‘ngil xushlagan tunlari Oynur bilan tantsaga ham borib turardik. Bugun uchinchi (chorshanba) kun. "Madaniyat uyi"ga yondik. Odam qaynab-toshmoqda. Bir sariq o‘g‘lon Oynurni "Tvist"ga taklif etdi. Oynur rad qildi.

– Ne lomaysya! – sariq uning bilagidan tutdi.

– Uberi svoyu gryaznuyu lapu! – Oynur qo‘liga iflos narsa yopishgandek, Sariqni siltab tashladi. Uning og‘zidan aroq aralash sassiq hid kelmoqda. U tag‘in Oynurga yopishdi:

– Ne lomaysya, kurva!

Men sariqni itarib yubordim. U yiqildi. Uning jo‘ralari bizni o‘rab olishdi. Yaxshiyam shu on militsiya paydo bo‘ldi. Ur-yiqitning oldi olindi.

Biroq, tantsadan so‘ng Uchquloch qudug‘iga yetganimizda, biz tuyqus beshta kelgindi qurshovida qoldik. Sariq kutilmaganda mening boshimga qattiq narsa bilan urdi. Va:

– Eto tebe malo, churban! – deb xirilladi.

Men qonga qorilib yiqilarkanman, Oynurning qattiq chinqirig‘i va kelgindilarning tasir-tusir qochishganini tuydim.

Yerto‘lada hushimga keldim. Onam boshimda parvona o‘laroq kuyib-pishib zorlanardi:

– Cho‘chqalar! Bolamni mayib qilib qo‘yishdi. "Hamma el teng, totuv"mish!.. Cho‘chqalar!..

– Sekin, Ona, sekin.

Onam tinchimadi:

– "Ulug‘ og‘a"mish... oyog‘idan boshigacha millatchilik og‘usiga botgan...

Mening yuz-boshim doka bilan tang‘ilgan va zirqirab og‘riyotsa ham, men Oynur bilan Onamning ko‘zlarida nimalar kechayotganini uqib yotdim.

Oynur kechinmasi:

"Ulug‘ og‘a"mish...

Xorazmda muqaddas kitoblar onasi: AVESTO[7]olamga nur taratganda, qayerda edi u?

Xamiri yo‘g‘rilganmidi?

O‘g‘uzxon Tengsiz Davlat qurganda, qayerda edi u?

Tug‘ilganmidi?

Xorazmiy algebra faniga asos solganda, Beruniy Yerning "oltin belbog‘i"ni ochganda, Ulug‘bek Hisoblash Markazini yaratganda qayerda edi u?

Bormidi?

Chingizxonning to‘rt yuz yillik saltanati unutilgan ko‘rinadi.

Temurning Yeletsda ot surgani unutilgan ko‘rinadi.

Endi..."

Onam kechinmasi:

"Barcha millat teng, totuvmish... Olamga ayon: o‘risga ortiq imtiyoz berilgan. Hamma balo shunda..."

Oynur kechinmasi:

"Hamma millat teng, totuv bo‘lsa, yigirma to‘rt soat ichida butun boshli xalqlar (Chechan, Ingush, Qirim, Axsi Turklari)... badarg‘a etilarmidi?

Yigirma to‘rt soat ichida?..

Ularning qancha-qanchasi yo‘llarda, yot ellarda, ochlik, azob-uqubat, qayg‘u-hasrat, qiynoq, zulm, sovuq, bezgak, o‘latlardan o‘lib ketdilar. Tangri bergan aziz Yurtlari, uy-joylari, mol-mulklarini esa "Ulug‘ og‘a" egalladi.

Menimcha, bu xil yovuzlikni hali tarix ko‘rmagan".

Onam kechinmasi:

"Ko‘za kundamas, kunida sinadi". Bu ketishda Uchqulochda bir balo bo‘ladi..."

Men Onam va Oynurning ko‘zlaridagi ifodalarni to‘la uqdim, deb aytolmayman. Lekin shu paytgacha sezgim aldaganini eslolmayman ham. Yana Tangri bilguvchi.

39

Har galgidek bu juma oqshomi ham Bek bizni Bog‘donga olib ketish uchun endi. U meni ayanchli holda ko‘rib, junbushga keldi. Mo‘g‘ulcha yuzidan qon qochdi. Qalin dudoqlari asabiy titradi, qoshlari uchdi. Surishtirishga tushdi:

– Kim urdi? Qachon? Qayerda? Nimaga?

Men do‘stimning jangari fe‘lini bilganim uchun yolg‘on so‘zladim:

– Qorong‘ida chuqurga yiqildim.

– Aldama?

– Chin.

Chingizxon Oynurni Lolaning oldiga eltadi. Yo‘lda undan voqeani bilib oladi.

Oynur so‘zi so‘ngida Chingizxonga "Uyushtirilgan..." degan fikrni ham aytadi. Chingizxon asabiy holatda bo‘lgani uchun buning mag‘zini chaqmaydi. Tezlik bilan Uchqulochga qaytadi. "O‘rol"ni birinchi shaxtadan chiqarilgan "Tosh qir" etagiga – ko‘z ilg‘amas xilvatga qo‘yadi. Oynur chizgisi bo‘yicha malla soch, mushuk ko‘z, o‘ng jag‘ida tirtig‘i bor kimsa – Sariqni tantsa maydonidan topadi. "Seni chaqirayapti", deya uni "Madaniyat uyi" orqasiga olib o‘tadi. Bu yerda hech kim yo‘qligini ko‘rgan Sariq Chingizxonga keskin qaraydi. Va uning ajdarhodek qo‘rqinchli ham g‘azabnok vajohatiga duch keladi. aldanganini sezadi. Po‘latga urilib, dami qaytgan pichoqdek uning dami ichiga qaytadi. Rangida rang qolmaydi, tizzalari o‘ziga bo‘ysunmaydi.

Chingizxonda shunday tug‘ma xususiyat bor: g‘azabi qaynaganda uning oldiga odam-ku odam, hatto yirtqich hayvon ham yo‘lolmaydi. Hech lofsiz, qiyiq ko‘zlarida ajal o‘tlari yonadi. O‘sha qadim, qudratli adashi Chingizxondek vahshiy tusga kiradi. Bunday onda uning oldida qoplon ham ojizdek tuyuladi.

Agarchi Sariqnnig ruhi sinsa ham, sir bermaslikka tirishadi. U shoshib o‘ng qo‘lini shimi cho‘ntagiga tiqadi. Ammo buklama pichog‘ini olishga ulgurmaydi.

Bek kuchli bokschi edi. Raqibini doim muddatidan oldin nokdaun yoki nokaut bilan yutgan. Hali hech kimga yengilmagan. Buning ustiga qo‘rquv nimaligini bilmaydi. Sariqni kutilmagan tezlikda ko‘kragidan pastga – nafas olish qismiga uradi. U bukchayib qoladi. Shu soniya uning iyagiga sakrab tepadi. Sariq (chalqancha) qulaydi. Bek o‘zi yasagan pichog‘ini shart chiqaradi, uning kumush sopi bilan Sariqning ko‘ziga tuyadi.

Shu asnoda Sariqnnig sherigi yugurib keladi. Chingizxondagi qonga belangan pichoqni ko‘rib, qochadi. Biroq yovvoyi mushukdek chaqqon, chopag‘on Bek uni chalib yiqitadi. Yuz-ko‘z, boshiga ketma-ket tepadi. Bo‘g‘ziga pichoq tiraydi. Va butun g‘azab, nafrat, zaharini ushbu so‘zga jamlab, qoplondek xirillaydi:

– Yana bir marta begunohga qo‘l ko‘tarsang, kekirdagingni uzaman. Birontangni ham tirik qo‘ymayman!

Uning ham so‘l ko‘zini pichog‘i bilan manguga yaralaydi.

Keyin qalbi taskin topib, "O‘rol"da kulbaga keladi.

Men bu chog‘da uyquda edim. Chingizxonning tovushidan uyg‘ondim:

– Saodat ena, Evrilni Bog‘donga olib ketaman. Uni Lochin tabib davolaydi. Lola opam bilan men doim yonida bo‘lamiz.

Ancha tortishuvdan so‘ng onam zaif va ma‘yus ovozda dedi:

– Mayli, o‘g‘lim.

Men yengil tortdim. Oynur va Lola bilan birga bo‘lish, ulardan ilm o‘rganish men uchun bir baxt.

40

Qizlar meni sevinch bilan qarshi oldilar. Men og‘riqni ham unutdim. Jim-jit, salqin ham oydin kecha. Shunday tepamizda oy suzayapti, ohista, sokin. Yulduzlar o‘z shaffof yog‘dulari bilan yerni erkalab, bezayapti.

Shu on kimdir mening qulog‘imga shivirlaydi: "Bu ham Tangrining karomat, karami".

Kim? Bilmayman.

"Erkalab bezayapti", dedim. Shu bahona, shu vositada yulduzlar Yer bilan sirlashayapti. Afsus, biz odam bolalari bu "sirlar"ning tagiga hech zamon yetolmaymiz. Men, o‘zimcha, shunday deb o‘ylayman.

Zotan, olamda "bejiz" narsa yo‘q. Har narsani Tangri aniq maqsad, aniq hisob, aniq o‘lchov bilan yaratgan. Demak, yulduzlar ham o‘z nurlari orqali Yer bilan doimiy tarzda "muloqot"da. Faqat buni uqishga aqlimiz ojiz.

Tutga osilgan osmachiroqlar o‘chiq. Bu supamizga boshqacha ziynat berayapti. Ahyon-ahyonda chakalakdan soq qushlar: "Bizlar tun parilarimiz" deyotgandek qichqiradilar. Biz shokolad bilan qahva ichamiz. Oynur entikadi:

– Bog‘don tunlari munchalar go‘zal!

Lola Oynurni bag‘riga bosib, deydi:

– Oynur, mehribonim, men har yozni shu xilvat go‘shada o‘tkazaman!

– Bizlarsiz-a? – ta‘naomuz jilmayadi Oynur.

– Faqat-faqat Sizlar bilan, Mehribonim! Sizlar bilan bu yer yana ham ziynatli.

Lochin tabib ko‘magida mening boshimdagi yara tez bita boshladi. Loladagi so‘nggi "oq chechak" ham ko‘zga deyarli ko‘rinmay qoldi. Bundan Lochin tabibning o‘zi bizdan ham ko‘p sevindi. Oymomo ham. Men buni yuragimdan his etdim. Lolaning ham ko‘zlarida shu ifodalar mavjlanayotganini ko‘rdim. Men o‘zimga: "Shunday beminnat, toza kishilar bilan ochun, balki, tirikdir", deb o‘yladim.

Lochin tabib bizga mehribon ko‘zlarini tikib, qat‘iy ishonch bilan dedi:

– Besh-olti kun ichida ikkovingiz ham butunlay sog‘ayib ketasizlar.

41

Mening o‘rnimga Chingizxon Oynurga ko‘makchi bo‘ldi. Endi ular har kuni erta tongda ishga ketishadi, u yerdan shomda Bog‘donga qaytishadi.

Men Lolaning ilmiy ishini zo‘r qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Unda nafaqat Xun kechmishi, balki, qisman Xun urug‘iga mansub Tongchiqay (Tanshixay) va u tuzgan Suyunbi (Seyanbi) imperiyasi haqida ham so‘z yuritilgan:

Tongchiqayning otasi Xun o‘rdasida besh yil xizmat qiladi. So‘ng o‘z qishlog‘iga qaytadi. Uyida ikki-uch yoshli go‘dakni ko‘radi.

– Bu kimning bolasi? – u xotinidan so‘raydi?

– Bizning...

– Qanday? – jahlga minadi er.

– Ko‘klam kunlarining birida yolg‘iz o‘zim qo‘ziqorni tergani o‘rmonga bordim. Birdan chaqmoq chaqnadi. Momaqaldiroq guldiradi. So‘ng do‘l yog‘di. Kun Tangrining qudratimi, bilmadim, og‘zimga bir do‘l kirdi. Shundan bo‘g‘oz bo‘ldim. Shu bolani tug‘dim.

U xotinining ovozidan yolg‘on tuymaydi. Unga inonadi. Biroq o‘z qalbida bolaga mehr topmaydi. Xotin ham uni suymaydi. Shu sababli u go‘dakni o‘z ota-onasi qaramog‘iga beradi.

Tongchiqay menga nasroniy dini asoschisi, otasiz tug‘ilgan Maryam o‘g‘li Iso Masihni eslatadi.

Xuddi ertaklardagidek bola oy sayin emas, kun sayin o‘sadi. Aql, kuch, iroda, husn, bo‘y-bastda unga hech kim teng kelolmaydi. Qo‘rquv yot bo‘ladi. Shu bois Tongchiqay o‘n ikki yoshida Elboshi etib saylanadi. O‘n to‘rt yoshida burgut shaklida O‘rda tuzadi. Uch marta Xitoy qo‘shinlarini yengadi. Buyuk Suyunbi Imperiyasiga asos soladi. Uning zamonida el tinch, totuv, to‘kis yashaydi. Akademik Gumilev o‘z kitobida bu Ulug‘ Davlat xaritasini bergan. U O‘g‘uzxon saltanati yeri misol chek-chegarasiz hududni ishg‘ol qiladi. Men undan nusxa ko‘chirdim.

Lolaning ilmiy ishi boy va xilma-xil ma‘lumotlar, fikrlar va mushohadalar bilan sug‘orilgan edi. Men undan qattiq ta‘sirlandim. Go‘yo vujudimda bo‘ron qo‘pdi, yuragim yondi, miyamda so‘zlar tug‘yon urdi. Uzun yillar kechgani uchun u so‘zlar to‘laligicha xotiramda qolmagan. Esimda saqlanganlari mana bular:

Kechmishlarga sinchiklab boq, Ona Elim,

Ota Turon alp tanasi mingta tilim.

Xun otlarin dupurlari tingan endi,

O‘g‘uzxonning qilichi ham singan endi.

Bilga Hoqon o‘gutlari toshda qotgan,

O‘rxun[8], Ena[9]bitiklari loyga botgan.

Bundan kular Chin devori[10]:

– Qani Turon?

Qani o‘sha buyuk qudrat, saltanat, shon?

Bo‘z bo‘rilar[11]bu tuproqni tashlab ketgan,

Tumanbaliq[12]Tangriqum[13]ga cho‘kib ketgan.

Och to‘ng‘izlar Tangritog‘ni o‘z, in etgan,

Qarg‘a, kalxat burgutlarni quvg‘in etgan.

Xun urug‘i Yer yuziga to‘zg‘ib ketgan,

Yovqur Ko‘k Turk yot Yurtlarni oshyon etgan...

Bundan kular kunchi Eron:

– Qani Turon?

Qani o‘sha Ilohiy kuch, Osmoniy shon?

To‘lg‘onadi O‘rol, Sibir, Erqut[14], Qashg‘ar[15],

Oltin O‘rda turolmayin bag‘rin tig‘lar.

Kashmir, Pomir, Tin[16]u, Edil[17], Oltoylarda,

Qunduz, Qirim, Bolqar, Axsi[18], Beshtov[19]larda

Ot o‘ynatmas, qilich chopmas keskir Xunlar.

Eshitilmas turkcha kuylar, yoniq an[20]lar.

Bundan kular kekchi slav[21]:

– Qani Turon?

Qani o‘sha beqiyos kuch, beqiyos shon?

Kulgin Mochin,

Kulgin Slav,

Kulgin Eron,

To‘yguningcha, o‘lguningcha kul bu zamon.

O‘zgalar ustidan kulayur kim?

Ayon...

Kim haqu kim nohaq?

Ko‘rib turgay Osmon.

Bu aylanmachak dunyo,

Bu qaytar dunyo.

Necha bor buzilib, tuzalmaganmi yo?

O‘n sakkizta Ulug‘ Davlat qurgan Turon[22],

O‘n to‘qqizini ham qurayur begumon.

1953 yil.

42

Tushdan keyin yong‘oq ko‘lankasida Oymomo olib kelgan qo‘y qatig‘idan bir-bir kosa ichib o‘tirarkanmiz, men picha ikkilanib turdim-da, she‘rni Lolaga tutqazdim. U qayta-qayta o‘qidi. Uning ko‘zlarida ajablanish, qoniqish, qo‘rquv ifodalari aks etib turdi.

– Buni yod bilasanmi? – Lola qo‘limni siqdi.

– Bilaman, – men hayajonlandim.

Lola gugurt chaqib, qo‘lyozmani yoqdi.

– Xotirangga ko‘mgin. Xavfli... Fitrat bilan Cho‘lponni esladim... Menimcha, sen bir kunmas, bir kuni Turkiston to‘g‘risida ham yozasan. Bo‘laklangan Turkiston... – u gapini tugatmadi. Soy yoqalagan, o‘t-o‘lan bosgan so‘qmoqdan eshakda tegirmonga bir qop bug‘doy ortib kelayotgan kishiga angrayib qarab qoldi. – Uni birinchi kuni avtobusdan tushganimda Osmonsoy bekatida ko‘rgandim. Sen-chi, Evril?

– Eslolmayman. O‘shanda hamma qatori mening ham ko‘zim Siz bilan Oynur opamda edi.

– O‘xshashligimiz uchunmi?

– Ha, Lola opa. Yana... – men tilimning uchidagi gapni ichimga yutdim. Qizarganimni his etdim. Lola mening: "Go‘zalliklaringiz uchun ham", demoqchi bo‘lganimni sezdi. Xijolatga qo‘ymaslik uchun o‘zini sezmaganga oldi. Jilmaydi. So‘ng birdan sergak tortib, dedi:

– Bu kimsa tegirmonga serqatnov bo‘lib qoldi. Uni taniysanmi?

– Yo‘q, – men xavotirga tushdim. Ammo Lolaga sir bermay ham uning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solishni istamay, gapimda davom etdim. – Balki, u Ilonchi[23]dandir?

– Tegirmonchi qanday odam?

– Jiblajibonga o‘xshaydi. Yangi...

Lola so‘zimni bo‘ldi:

– Kuzatuvchan bo‘l, Evril, sergak bo‘l. Iloji boricha ko‘rganlaringni eslab qol, bo‘lajak yozuvchiga bu kerak bo‘ladi.

Buni men hayotda har bir kishiga zarurligini, zarurat tug‘ilsa, asqotishini angladim. Lola menga teranroq uqdirish uchun "bo‘lajak yozuvchiga" so‘zini ataylab qo‘shdi.

Tegirmonchi eshakli kishini o‘zgacha mulozamat bilan kutib oldi. U bilan xiyol egilib ko‘rishdi. Ammo qopni birga tushirishdi va tegirmonga olib kirishdi.

– Menimcha, biz kuzatuvdamiz, – dedi Lola va bu gap og‘zidan beixtiyor chiqib ketganini kech angladi, shunga uni tuzatishga urindi, – balki, men adashayotgandirman?

– Yo‘q, adashmayapsiz, Lola opa. "Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi". Oynur opam Frantsiyaga borib-kelganidan beri kuzatuvda. Demak, bizlar ham... Sizning tegirmonchi to‘g‘risidagi taxminingiz ham to‘g‘ri. U bizdan bejiz goh non, goh tuz, goh qirg‘ich... so‘rab chiqmayapti. Shu xil bahonalar bilan bizning ichimizga kirib olmoqchi.

– Fikringga qo‘shilaman, Evril. Nodon ham to‘nka u, o‘z xatti-harakati, bachkana so‘z, qiliqlari bilan o‘zini sezdirib qo‘ymoqda. Eshakda kelgan anavi kas ham undan avlomas. Dunyoda ichki sotqindan tubani yo‘q. Uni "odam" deyishga ham tilim bormaydi.

Ichki sotqinlar!..

Yildan-yilga ular ko‘payib borayaptilar. Ajriq misol tuzumning o‘zi ichki sotqinlar bilan tirik. Shunga ularni sun‘iy ravishda urchitayapti. Buning boshida Bosh munofiqning o‘zi turibdi. Ichki sotqinlar muhiti vujudga kelayapti. Yo‘q, kelgan. Ularning bola-chaqalari ham o‘z millatiga xoinlik qiladilar. Bu ham sil kasaliga o‘xshash narsa: nasldan-naslga o‘tadi, yuqumli.

Undaylardan:

Ilon yaxshi.

Chayon yaxshi.

Elni buzayotganlar ham shular.

Oqillarga o‘lat bo‘layotganlar ham shular.

Yurtni sotayotganlar ham shular.

Turkistonni bo‘laklashga ko‘maklashganlar ham shular.

Lolaning ko‘zlari g‘azab o‘tida yondi.

Lolaning yuzlari olmosdek keskir tus oldi.

Men uni bunday holda hech ko‘rmagandim. U qalqdi. O‘zini bosib olish uchunmi, soy oqimiga qarshi – Qoraqoya sari yurdi. Men tug‘ma ta‘sirchan edim. Lolaning so‘zlari meni larzaga soldi.

"Ona Turkistonim! – beixtiyor nido qildim men. – Qanotlari qayrilgan Turkistonim!! Qalbi qon Turkistonim!!! Yuragimda so‘zlar isyon qildi. Yorug‘likka oqdi:

Tilimlandi Turkiston ham, bu qandoq taqdir?

Ketdi O‘zlik, ketdi Boylik, ketdi Erk, Qadr.

Egri, Harom, yolg‘onlarga keldi zap davr,

To‘g‘ri, halol, imonlarga qazildi qabr..."

1953 yil.

– Qalaysan, bolakay?

Kutilmagan bo‘g‘iq tovushdan men jinoyat ustida qo‘lga tushgan kimsadek cho‘chib tushdim, yuragimdan oqayotgan so‘zlar tizimidan uzilgan marjonlardek sochilib ketdi. Boshimni ko‘tardim. Tepamda tegirmonga bug‘doy olib kelgan kishi turibdi. Men qalqdim va u bilan so‘rashdim.

– Komsomol ham qo‘rqadimi? – u kuldi va tepakal boshidan oqimtir kepkasini oldi. Terga botgan ajinsiz, semiz yuzini kirlangan, gulsiz ro‘molchasi bilan artdi.

– Qo‘rqmadim, cho‘chidim, – men uning itnikiga o‘xshash jigarrang ko‘ziga tik boqdim.

– Nimaga?

– Kimsasiz yerda xayolga botib o‘tirgan odam kutilmagan ovozdan cho‘chishi tabiiy hol.

– Masalan, men hech narsadan cho‘chimayman.

– Balki Sizning yuragingiz tog‘dekdir?

Itko‘z mening kinoyamni sezmadi. Shunga qaramay, u menga kesatiq qildi:

– O‘ziga to‘g‘ri odam hech narsadan qo‘rqmaydi.

Men u bilan tortishishni o‘zimga ep ko‘rmadim. Aksincha, chekinishni va shu yo‘l bilan murosaga kelishni istadim.

– Balki siz haqdirsiz.

Itko‘z maqtovimdan quvondi. Uning yuz-ko‘zlariga iliq nurlar yoyildi.

– Komsomol doim to‘g‘ri yo‘ldan boradi, – dedi u yelkamga qoqib.

– Siz meni komsomol deyapsiz. Buni sizga kim aytdi.

So‘zim mergan o‘qidek nishonga tegdi. U: "Ay-ay!" deya kalavalanib qoldi. Ammo sir bergisi kelmay, boshini changalladi:

– Ari chaqdi, la‘nati!

– Eh, afsus! Lekin bir hisobga yaxshi bo‘ldi, u davo emish.

– Davo bo‘lmay o‘lsin. Senam menga qayerdagi savollarni berasan, bolakay.

Men uning jon joyidan ushlaganimni sezdim. Shunda, nogoh, tun, Uchquloch qudug‘i, Telman (Chatishma) ko‘z oldimga keldi. Ana, u menga qalin daftar tutqazdi: "Bunga har kungi voqealar, gap-so‘zlarni yozib borasan".

"Demak, – deya o‘zimcha fikrladim men, – bu itko‘zning orqasida Telman turibdi. Telmanning orqasida uch (biri Galina) uzun o‘ris. Ularning ortlarida yana kimlar? Buni bilish qiyin. Buni Toshkent ham bilmaydi. Faqat Moskva... Shunda ham sanoqli kishilar...

Bir odamning, anig‘i, bir Oynurning ketidan qancha iskovich. Oynurdek boshiga ish tushgan kimsalar ozmi? Son-sanoqsiz".

Shunda ixtiyorsiz tarzda bulturgi bir voqea yodimga tushdi. O‘shanda Moskvadan Oynurning oldiga sobiq kursdoshi, rus aralash yahudiy do‘sti Sara kelgan edi. O‘sha kimsasiz, yaydoq cho‘lda ikki dugona orasida kechgan suhbat xotiramda deyarli to‘laligicha qolgan.

Sara so‘zi:

– ... Toshkent... Moskva... Yana o‘n to‘rtta respublika... Ularning har bir tuman, shahar, viloyatlarda bo‘limlari va yana yuzlab o‘ta maxfiy bo‘linmalari bor.

Ichki Ishlar Tizimlarida, ularning biz bilgan, bilmagan bo‘lim, bo‘linmalarida, qamoq, prokuratura, sud tizimlarida undan-da (KGB dan-da) ko‘p.

Yana armiya...

Bu kuch ishlatar tizimlarini (ishlab chiqarishga daxli yo‘q) million-million kishilar egallab olishgan. Boqimanda. Agar ular taqsimlansa, har bir sovet kishisiga ikki-uchtadan to‘g‘ri keladi.

Agar bularga sanab sanog‘iga yetib bo‘lmas yollanma qotil, iskovich, ayg‘oqchilarni qo‘shsak, u hisob ortadi.

Ularni tutib turishga milliardlar sarflanyapti. Mana, ishchi-dehqonlarning topgan-tutganlari qayerga ketayapti. Mana, qashshoqlik sababi manbalari...

Yana yuzlab keraksiz vazirliklar, birlashmalar, boshqarmalar, tashkilotlar... ham ishchi-dehqonlarning boshlariga bitgan balo. Soni ko‘payib ketgan soliq tizimlari ham bulardan ayromas.

Buning ustiga haddan ortiq qamoqxonalaru million-million mahkumlar ham ishchi-dehqonlarga bo‘yinturuqdirlar. Ularning yetmish-sakson foizi esa yozuqsiz kishilar.

Yana zo‘r berib qurollanishga sarflanayotgan milliardlar o‘lganning ustiga tepgan bo‘layapti.

Oynur savoli: "Bu cheksiz huquqqa ega kuch ishlatar tizimlari kimga ishlayaptilar?

Xalqgami?

"Xalqlar otasi"gami?"

Sara javobi:

"Xalqqa nomiga.

"Xalqlar otasi"ga".

Oynur savoli: "U aslida kim?"

Sara javobi:

"Reketchik[24].

Munofiq.

Odamer".

Oynur savoli:

"Dohiy,

Daho,

Yo‘lboshchi,

"Xalqlar otasi"

Degan gaplar yolg‘onmi?"

Sara javobi:

"Xalqlar bo‘g‘ovi".

Oynur savoli:

"Shunday ekan, nega uni quyoshga qiyos qilayapti?"

Sara javobi:

"Kuch bilan,

Qon bilan,

Targ‘ibot bilan..."

Oynur savoli: "Agar, mabodo Stalin o‘rniga ilmdan, imondan uzoq bir johil qudrat va zar hukmroni bo‘lib qolsa, unga ham Tangriday sig‘inarlarmi?"

Sara javobi:

"Shubhasiz. Faqat Kuch, Qon, Targ‘ibot bilan...

Mana, bunga yorqin bir misol:

MAO..."

Oynur savoli:

"Stalin o‘zining aslan kimligini bilar. Shunday ekan, u bu soxta maqtovlarga ishonadimi?"

Sara javobi:

"Hamma uni ko‘klarga ko‘taraverganidan keyin ishonib qoladi. Uning o‘rnida boshqa bir diktator bo‘lganida ham ishonib qolardi. Masalan,

MAO..."

Chakalak uzra aylanayotgan qarg‘alarning achchiq-achchiq qag‘illashlaridan xayolim qochdi. Yaydoq cho‘l, Oynur, Saralar g‘oyib bo‘ldi. Umrimda bunday suhbatni eshitmagandim. Bevaqt uzilganiga alam qildi. Qarg‘alarni so‘kdim:

– Jin urgurlar!

To‘nkada itday hurpayib o‘tirgan itko‘z kuldi. Men uning kulgisida hadiksirash zohirligini tuydim. O‘yladim: "Nimaga itko‘z: "Buni sizga kim aytdi? Degan savolimdan qo‘rqib ketdi. Chunki o‘zining kimligini o‘zi bilmay sezdirib qo‘ydi. Lolaning gapi to‘g‘ri chiqdi: u josus. Tegirmonchi uning laychasi. Hatto tantsa maydonidagi Oynur va Sariq mojarosi... quduq yonida meni urib ketishlari... ham Telman tomonidan uyushtirilgan...

Men bularni qalin daftarda aks ettiramanmi-yo‘qmi, agar aks ettirsam, qay yo‘sinda, ya‘ni aynanmi, yashiribmi yoki qo‘shib-chatibmi? Telman shuni bilmoqchi. Gapning po‘skallasini aytsam, Moskva shu qalin daftar orqali Oynurning asl qiyofasini (ichini) bilib olmoqchi. "Ulug‘ og‘a"ga, Tuzumga, siyosatga munosabatini bilib olmoqchi. Agar Moskva Oynurning so‘zidan zig‘ircha "kamchilik" topsa, tamom, unga "moyil" tamg‘asini bosadi. Yoxud Oynurning so‘zi bilan aytsam, el orasida gap-so‘z ko‘paymasligi uchun "Ish"ni imi-jimida hal etadi. Ya‘ni, Moskva Toshkentga mutlaqo maxfiy tarzda buyuradi:

"UBIRAT!.."

Nogoh mana bu so‘z miyamga o‘qdek qadaldi: "Qalin daftar" inson umriga nuqta qo‘yishi mumkin!"

Menga juda mayda tuyulgan "Qalin daftar" endi meni dahshatga soldi. Yuragim uvishdi. Oyoqlarim qaltiradi. Ko‘z oldim g‘uborlashdi. Men o‘zimni zo‘rg‘a tutdim.

"Qalin daftar, – dedim ichimda, – bu, menimcha, Moskvaning qabih "usul"laridan biri.

Men har bir so‘zni ming o‘ylab, keyin yozaman. Ya‘ni, o‘zimizga (Oynur, Lola, Bek, men) zarra dog‘ tushirmay yozaman. Telman, Itko‘z, Tegirmonchilarning hech bir so‘zini tushirib qoldirmayman. Mojaroga alohida urg‘u beraman... Xullas, o‘z yog‘lariga o‘zlarini qovuraman".

– Bolakay, men sening oldingga nega kelganimni bilasanmi?

– ...

– Ho‘ bolakay!..

– Nima?

– Qulog‘ing sal... – u ataylab gapini tugatmadi.

– Uzr, – xayolim shamol haydagan tumandek to‘zg‘idi.

– Boltang bormi?

– Yo‘q.

– Tesha-chi?

– Bor.

– Uch-to‘rt minutga berib tur.

– Nimaga?

– Xalacho‘pim sinib qoldi. Eshak o‘lgurni quloq-chakkasiga urmagunimcha, yurmayapti.

– Balki eshak Sizni yotsirayotgandir?

– Nima?!! – u oldida bomba portlagandek qo‘rqib ketdi. O‘zi sezmagan holda kepkasini g‘ijimladi. Cho‘chqa qulog‘idek yupqa lablari asabiy titradi. So‘ng mening ko‘zimga tik boqolmay, ming‘irladi:

– Ahmoq bola! O‘z eshagim o‘zimga yotsiraydimi?

– Siz, menimcha, Samarqanddansiz? – battar bosim o‘tkazdim unga.

Uning ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi. O‘q nishonga tegdi. U gapirolmay qoldi. Men vaziyatni yumshatish uchun o‘zimni go‘llikka soldim. Shu yo‘l bilan uni ahmoq qilib o‘ynadim:

– O‘zingiz shaharda tug‘ilgan bo‘lsangiz ham, balki Bog‘don ota yurtingizdir? Shunga ta‘tilni bu yerda o‘tkazishga kelgandirsiz?

– Voy shumtaka-ey, shuniyam bildingmi?

– Bog‘don havosi toza-da... – dedim tagdor ohangda va irshaydim. – Afsus, otangiz Bog‘don shevasini (o‘g‘uzcha) o‘rgatmabdi-da.

Shunda, bexos, orqa tomonimda tegirmonchi paydo bo‘lib qolganini payqamadim. U o‘zicha bilimdonlik qilib, mening gapimga javob qaytardi:

– Chunki Bog‘donda paxta ekilmaydi.

– Ekilganda-chi? – chakalakdan Lola chiqib keldi.

– Ekilganda havo buzilardi, – tegirmonchi gapni uzgan Lolaga noxush qaradi.

– E to‘nka! – Itko‘z Jiblajibonni tortdi.

Har ehtimolga qarshi Lola uni tuzoqqa ilintirib qo‘yishni istadi. Bu o‘ziga xos himoya usuli ham edi.

– Paxta siyosati – nozik siyosat. Bu gapingiz Moskvaga yetib borsa, nima bo‘ladi?

Tegirmonchining yuzi o‘lik tusiga kirdi. Oyoqlari mayishib, o‘tirib qoldi. Itko‘z ham yerga behol cho‘kdi. U Lolaga yaltoqona boqib, uni qo‘llagan bo‘ldi:

– Haliyam siz unga yumshoq gapirdingiz. Otilarding demadingiz. Lekin, xonim, u bir omi kishi, uni kechiring.

Lola ataylab gapiga siyosiy tus berishda davom etdi:

– Siz tegirmonchini himoya qilayapsizmi?

– Yo‘q-yo‘q! Mutlaqo! – Itko‘z duduqlanib qoldi.

– Men yaqinda Leningradga ketaman, albatta, Moskva orqali...

Tegirmonchi yuragini changallab, so‘l tomonga quladi. Men "Nayrang", deb o‘yladim va uning un yuqi yuz-boshiga bir paqir suv to‘kdim, u jo‘rttaga seskanganday bo‘lib, o‘ziga keldi, Itko‘z Jiblajibonni jerkidi:

– Artistlik qilma!

Biroq tegirmonchining maymunsimon yuz-ko‘zi o‘lik tusiga kirgan edi. Buni Lola sezdi va shu bois bosimni pasaytirdi:

– Hozircha, mayli... – dedi Itko‘zga va so‘ng menga buyurdi, – Evril, bu gaplarni ipidan-ignasigacha "Kundalik daftar"ingga yoz. Yil, kun, soat, minutigacha...

Itko‘z "yalt" etib mernga qaradi. Men uni "Kundalik daftar"ini "Qalin daftar" deb tushunganini sezdim. Tegirmonchi buning ma‘nisini tuymadi. Jonlandi. Demak, u "Qalin daftar"dan bexabar.

Men hamisha o‘zim bilan birga olib yurguvchi "Qalin daftar"ga kechgan gaplarni yozdim. Lolaning so‘zi bilan (zarurat tug‘ilganda sakramasliklari uchun) yozuvim tagiga avval Jiblajibonga qo‘l qo‘ydirdim. Itko‘z orqasiga o‘t tushgan kimsadek tipirchilab qoldi. Lolaga yig‘lamsirab yalindi. Lola qattiq turdi:

– Qo‘l qo‘ysangiz, yopilgan qozon yopilganicha qoladi. Yo‘qsa...

Oxiri Itko‘z qaltirab imzo chekdi va shalviragan holda dedi:

– Xatga tushding – o‘tga tushding.

Men Itko‘zga teshani berdim. U yong‘oqning tik, silliq navdasiga tesha urdi. Lola unga qichqirdi:

– Kesish taqiqlangan!

– O‘zim javobini beraman, singlim.

– Qonun hammaga teng. Yoki "O‘zimizniki", deb sizni chetlab o‘tadimi?

Lola "O‘zimizniki" so‘ziga urg‘u berdi.

Itko‘z yozilma[25]ga g‘ijimlab tashlangan qog‘ozdek bujmayib qoldi. Teshani menga holsiz uzatdi. Men uning tashvishu qo‘rquvga ko‘milgan yuz-ko‘zidan: "Mening kimligimni sezib qolishdi", degan ifodani o‘qidim. Itko‘z uchun o‘limdek qo‘rqinchli bo‘lgan bu ifoda uning yuragini xanjardek tilayotgan ediki, men buni ham tuydim. Fahmimcha, Lola ham.

Itko‘z boshi majaqlangan ilon misol tegirmonga sudraldi. Dumbul Jiblajibon unga dum bo‘ldi. Lola og‘ir "uh" tortib, dedi:

– O‘zimning bu "ishim" o‘zimga tuban tuyulayapti, Evril.

– Xijolat chekmang, Lola opa. Siz Qoraqoyadan qaytguningizcha, men ham Itko‘zga qarshi ayni shunday "jang" qildim. Bu ham kurashning bir turi. O‘zimizni himoya qilishimiz uchun bizda, menimcha, boshqa yo‘l yo‘q. Oynur opamni asrashimiz kerak.

– Yillar kechib, hur zamon kelsa, mabodo sen bu haqda yozsang, erkin avlodga bizning bu "ish"imiz bachkana va jirkanch tuyulmasmikan?

– Yo‘q, Lola opa, men asoslab yozaman. Zamon bizni shunga majbur qilganini asoslab yozaman.

– Mening esligina inim! – Lola meni qaynoq og‘ushiga bosdi. Men bunday, ayni bunday yondirguvchi haroratni Oynurda ham tuygan edim.

Qandoq o‘xshashlik!

Betakror o‘xshashlik!

– Endi, iskovichning joni sening qo‘lingda, Evril. "Qalin daftar"ni kishi topmas yerga bekit. Uning o‘rniga shunga o‘xshash boshqa daftar tut. Endi, Itko‘z uni o‘g‘irlashga kirishadi. Jon-jahdi bilan. Tegirmonchini ham ishga soladi.

– O‘zim ham shunday o‘ylayotgandim, Lola opa. Xotirjam bo‘ling.

Bizning "Oqtoy" degan oq, ulkan, esli itimiz bo‘lardi. Bo‘ri ham unga bas kelolmasdi. Oqtoyning o‘tganiga ko‘p zamon kechgan. Ammo katagi hovlimiz chetida hamon tashlandiq holda, mung‘ayib turardi. Men "Qalin daftar"ni qutichaga solib, shu katak ostiga ko‘mdim. Bundan Lola sevindi va "Kosa, kosa tagida nimkosa" qabilida gap qildi:

– Evril, sen bilan birga "Savash"ga kirsam bo‘ladi. Mabodo men jangda yaralansam, sen meni tashlab ketmaysan.

Men bu so‘zdan bir qarich o‘sgandek bo‘ldim.

43

Osmonda yulduzlar bo‘rtayotganda, "O‘rol"da Oynur va Bek kelishdi.

– Oltinkon notinch, – dedi Oynur soyda yuvinib, kiyimlarini almashtirib chiqqach. – Haligi ikki kasning ko‘zlarini kim yaralagan? O‘shani militsiya qidirib, Uchqulochni ostin-ustn qilayapti. Bunga siyosiy tus ham berayapti. Faqat zimdan, elga sezdirmay.

– Sezdirsa-chi? – beixtiyor so‘radim men.

– Sezdirsa, "SSSRda barcha millat teng, tinch, totuv yashayapti", degan o‘z siyosatiga o‘zi qarshi chiqqan bo‘ladi.

– Chingizxonni Chimkentga jo‘natamiz, – Lola birdan o‘z istagini bildirdi. – Bog‘ uyimiz bo‘sh yotibdi. Shu bahonada u bog‘ni ham tartibga soladi.

– O‘qishi-chi?

– "Ish" yopilguncha Chimkentda o‘qiydi.

– O‘zi ko‘narmikan?

Bu gap-so‘z kechganda Bek soyda cho‘milayotgan edi. Chiqdi. Unga Lolaning taklifi boldek yoqdi.

Tun tinch kechdi. Hali tong yorishmasdan Oynur va men Chingizxonni Osmonsoy bekatidan Chimkentga kuzatdik. O‘zimiz "O‘rol"da cho‘lga ketdik. Men haydashni uncha eplolmaganimga rulga Oynur o‘tirdi. Lolaning yolg‘iz o‘zi Bog‘donda qoldi.

Bu paytga kelib mening yaram bitgan, Lola esa so‘nggi "oq dog‘i"dan qutulish arafasida edi. Aniq esimda yo‘q, uch yoki to‘rt kundan keyin u mash‘um "nuqta"dan asar ham qolmadi. Lolaning sevinchi Arshi a‘loga yetdi. Lochin tabib, Oymomo, Onam, Oynur va men undan kam quvonmadik.

Beshinchi kuni (juma) kechqurun Oynurning qistovi bilan Onam ham "O‘rol"ga o‘tirdi. Uchquloch bilan Bog‘don oralig‘i cho‘l bo‘lib, uning ayrim yerlariga lalmi bug‘doy, arpa, qovun-tarvuzlar ekilardi. Yantoq, shuvoq, isiriq kabi o‘t-o‘lanlar o‘sgan, bepoyon yaylovlarda qo‘ylar boqilardi. Yo‘l-yo‘lakay Oynur Arslon otli bir tanish cho‘pondan bir oq qo‘y sotib oldi.

– Xola, Sizlar, – dedi Arslon Onamga hurmat va takalluf bilan boqib, – "O‘rol"da erkin boraveringlar. Quyosh chiqmay men qo‘y bilan tarvuzlarni o‘z "Lyulka"mda yetkazaman.

– Sizni tashvishga solib qo‘ymaymizmi, inim?

– Yo‘q-yo‘q, xola, buni men ko‘nglimdan aytdim. Ahmat Oqsaqolning bizga ko‘p xizmati singgan.

– Qaynotamni eslab, ruhini shod etdingiz. Rahmat! Endi unday kishilar dunyoga keladimi, yo‘qmi, bilmayman. Sizni Tangri siylasin, Arslon inim.

Xayrlashdik.

Lola va Oymomo bizni zo‘r quvonch bilan kutib olishdi. Oymomo Onamni quchoqlarkan, hazillashdi:

– Shaharlik bo‘lib ketib, Bog‘donni ham unutib yubordingiz, Saodat oyim.

– O‘libmanmi, Oymomo, – Onamning bug‘doyrang yuzlari tongda quyoshning ilk nurlari tushgan loladek porladi. U kamdan-kam hollarda bunday yashnab ketardi.

Shu onda men uning mung o‘tirib qolgan munis ko‘zlaridan kelin bo‘lib tushgan uyini behad sog‘inganini ilg‘adim. O‘sha totli kechmish, otam, bobom, momolarim ko‘z oldidan o‘tayotganini, ularni, u erkin zamonlarni qo‘msayotganini sezdim.

Yuvinib, artinib supaga o‘tirdik. Oymomo bilan Lola tergiga oq chinni kosalarda qaynatma sho‘rva va so‘ng oq chinni laganda kaklik eti olib kelishdi. Yemoq oldidan Onam:

– Uyimiz ham Sizlardek ochilib ketibdi, asal qizlarim! – deb sevindi. – Hamma yoqqa fayz kiribdi. Qani, doim shunday bo‘lsa! Qani, doim chirog‘imiz yonib tursa!

Onam yana Otamni esladi. Men buni ichki bir sezgi bilan sezdim. Uning ko‘zlari yoshga to‘ldi. Armonli yoshga.

Yemoqdan keyin ham anchagacha gurunglashdik. Qalblarimiz yayradi.

Quyuq tunda Oynur va men "O‘rol"da Oymomoni uyiga qo‘yib qaytdik.

44

Erta tongda Arslon cho‘pon o‘z qutili mototsiklida bir tandir non, oq qo‘y va qovun-tarvuzlar bilan yetib keldi. Qo‘llarini sovunlab yuvib, qo‘yni so‘ydi. Ikki ko‘chma temir o‘choqqa qozonlar osildi.

Taklifga binoan o‘tirish[26]ga Oqilbek usta[27](baxshi), Qarshi mo‘ylov, Sattor so‘fi, G‘azna baxshi, Norgul momo, Xumor opa kabi o‘n besh kishi kelishdi. Tabib bilan Oymomo ma‘raka boshida turishdi. Xuddi Ahmat Oqsaqol davridagidek tepada bir muddat hayot qaynadi. Onam qulog‘imga o‘ksik ohangda shivirladi:

– Supada otang bilan bobong ham o‘tirishgandek tuyulayapti menga, o‘g‘lim!

Ma‘rakadan so‘ng Oynurning so‘zi bilan Onam Lochin tabibga oltin soat, Oymomoga oltin uzuk va bir sidradan qimmatbaho kiyim-bosh sovg‘a etdi. Oymomo:

– Yo‘q, qo‘yinglar, o‘rgulaylar, bizni uyaltirmanglar, – deb qarshilik qildi.

Lochin tabib oyog‘ini qattiq tirab oldi:

– O‘zi eng yomon ko‘rganim shu. Hamma narsa beminnat bo‘lsa, ota-bola bo‘lib qolamiz.

– Qo‘limizni qaytarmang, tabib, – dedi Onam, – axir, bu sovg‘a.

Oynur Onamning so‘zini quvvatladi:

– Sovg‘ani hech kim qaytarmaydi. Hatto shoxlar ham. Bu ko‘ngil ishi.

Lochin tabibning yuzida ikkilanishga o‘xshash o‘zgarish paydo bo‘ldi. Oymomo ham o‘ylanib qoldi.

– Siz sababli, Lochin og‘a, mudhish darddan xalos bo‘ldim, – dedi Lola. – Bu Sizdan menga bir umrlik esdalik. Buning oldida bu sovg‘a nima degan narsa? Chaqa hammas.

Oynur Lochin tabib bilan Oymomoni quchib, ushbu gapni aytdi:

– Soat yo uzukka ko‘zlaringiz tushgan onlarda bizlarni ham eslab qo‘yishlaringizni istaymiz.

Qip-qizarib ketishdi.

Olishdi.

Bozor kuni ham er-xotin bilan tun yarmigacha birga bo‘ldik.

Tongda bizni Uchqulochga kuzatib qo‘yishdi.

45

Besh kundan keyin "egizaklar" Toshkentga ketishlari, u yerda bir-ikki kun bo‘lib, Chimkentga o‘tishlari kerak edi. Shungacha Lola bizning kulbada yashashni ma‘qul topdi. Men uning kichikfe‘l qiz ekanini va erkin, sodda, osuda hayotni yoqtirishini tuydim. Onam ham uni Oynurdek yoqtirib qolgan ediki, men bundan sevindim.

Nonushtani ketga surdik. Onam shoshib ishga ketdi. Oynur ta‘tilga chiqish uchun idoraga yondi. Lola mendan qo‘qqis so‘radi:

– Evril, "Qalin daftar"ni katakdan olishni unutmadingmi?

– Unutmadim, Lola opa.

– Yangisi...

Lola so‘zini tugatishga ulgurmadi. Men supa yonida turgan "O‘rol"ga yugurdim va uning yukxonasini shoshib ochdim. "Pravda" gazetasiga o‘ralgan yangi daftar yo‘q edi.

– O‘g‘irlashibdimi? – Lola ortimdan chopib keldi.

– Ha.

– Biluvdim... Hechqisi yo‘q, Evril. Qaytaga yaxshi bo‘ldi, irkit "Ish"dan qutulding. Eskisini hoziroq yashir. Endi unga bir so‘z yozma. Uqdingmi?

– Ha.

– Bekit, men supada poyloqchilik qilib turaman.

– Xo‘p, – uni taqiqlangan kitoblar turgan yerga – yerto‘laga yashirdim.

46

Onamning ko‘ngli sezgan ekan. Qizlarning Boshkentga jo‘nashlariga bir kun qolganda (1953 yilda) yerliklar bilan kelgindilar o‘rtasida qonli to‘qnashuv yuz berdi.

Buning sababi quyidagicha:

Kelgindi xotinlar orqa tomoni toqqa taqalgan do‘kon[28]da Oltinoy otli kampirni navbatidan siqib chiqaradilar:

– Posle nas, ishachka!

Kampir ham ularga zaharini sochadi:

– Sassiq cho‘chqalar! Men o‘z navbatimda turibman. Senlarning mendan ortiq yerlaring yo‘q!

– Vanyuchka! O‘zingdan ketma! Kimligingni bil!

Xotinlar Oltinoyni do‘pposlaydilar. Uning og‘zi-burnidan qon keladi. U yiqiladi.

Xalq "Falokat oyoq ostida", deb bejiz aytmagan. Ayni shu damda biz (Lola, men) choy, shakar, kolbasa olgali magazinga borgandik. Tegrani qorong‘ilik tumani qurshayotgan edi. Qoni qaynoq Lola o‘zini tutib turolmadi.

– To‘xtanglar! – deya rus tilida chinqirdi. – Bas qilinglar! O‘ldirib qo‘yasizlar!

Baqaloq, semiz, sigir emchak bir xotin sumkasi bilan Lolaning boshiga urdi:

– Zatknis suchka! Ni tebe nas uchit!!!

Quturgan to‘da battar quturdi. Hushsiz kampirni tepa boshladi. Lola jon-jahdi-la ulug‘ rus shovinizmi ruhi bilan sug‘orilgan telba to‘dani yorib, surib, uni qutqazishga oshiqdi. Echkiday ozg‘in, echkibashara, qoshsiz (qoshi o‘rniga bo‘yoq surtilgan) xotin echkiday ma‘ragan ovozda tuhmat urug‘ini sochdi:

– Manavi tannoz yuvindining tarafini olayapti, millatchi, rusga qo‘l ko‘taryapti.

Izdan chiqqan mash‘um to‘da ayyuhannos soldi:

– Ur manjalaqini!

– Ur qanjiqni!

– Ur jalabni!

Lola tuhmat, tahqir, kaltak ostida qoldi. Biroq chekinmadi. Yuz-boshi qonga belangan, ko‘ylagi yirtilgan holda bor kuchi bilan kampirga ko‘makka intildi.

Janjalga ko‘chadan o‘tib-qaytayotgan yo‘lovchilar (erliklar va kelgindilar) qo‘shildilar. Ko‘z oldimda janjal ulg‘ayib bordi.

Urushga aylandi.

Vahshiy olomon Lolani surib chiqardi. Xuddi dengizdan po‘rtana surib chiqargan meduza misol. Men vaqtni boy bermay uning qo‘lidan mahkam tutdim. U siltanib chiqmoqchi bo‘ldi. Chiqolmadi. Bor kuchim bilan uni uy sari tortdim. Yo‘q, to‘g‘risi, sudradim. Sudrashga majbur bo‘ldim. Qorong‘ilikka sho‘ng‘iganimizda militsiya hushtagi chirilladi.

Mening chamamda, yerliklar kelgindilardan o‘n martacha oz edi. Ular yerliklarni tutdek to‘kishayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Qochmaganimizda biz ham ayanchli ahvolda qolardik.

Lola alam, g‘azab, nafratdan yig‘ladi.

Xo‘rlangan kampirni o‘ylab yig‘ladi.

Yerparchin bo‘layotgan kishilarni o‘ylab yig‘ladi.

Qo‘lidan hech ish kelmaganiga yig‘ladi.

Onam uni bag‘riga bosib, sochlarini silab ovutishga urindi:

– Tinchlaning, qizim!

Tinchlaning, oppog‘im!

Anchagacha ovutolmadi.

Men paqir va tog‘oraga iliq suv hozirladim. Onamning qistovi bilan Lola to‘rt tomoni ham bo‘z bilan to‘qilgan hovli burchagida cho‘milib, kiyimlarini almashtirib oldi.

Onam bilan Lola uxlash uchun uyga kirishdi. Men supada yotdim. Lekin uxlolmadim. Onam bilan Lolaga sezdirmay janjalni kuzatish uchun tomga chiqdim. Go‘yo Uchqulochda hech nima yuz bermagandek, oy, yulduzlar jimgina nur sochmoqda. Ammo hamon do‘kon atrofi notinch. Quturgan olomon to‘foni susaygan, baqiriq-chaqiriq, dod-voy, so‘kishlar pasaygan edi.

– Yaxshiyam, Oynur Samarqand[29]ga ketgan, – dedim ichimda. – U bobosi Erxon botirdek nohaqqa chidolmasdi, savashga qo‘shilib ketardi. Ana unda oqibati yomon bo‘lardi.

Oqibati...

Oqibati...

Oqibatini aniq tasavvur qilolmasam ham, bundan ne uchundir dahshatga tushdim. Ne uchun? Bilmayman, aniq sababini bilmayman. Mening o‘y, qo‘rquv qurshovida "ingrayotgan" yuragim go‘yo yomon bir xavfni sezayotgandek edi. Qandoq xavf?.. Qandoq xavf? Bilmayman. Tun salqin bo‘lishiga qaramay, hammayog‘imni ter bosdi.

Shu on menga dovonda (tog‘ tepasida) ulkan bir yorug‘lik paydo bo‘lgandek tuyuldi. Men shoshib boshimni ko‘tardim. Adashmabman. Odatda bunday buyuk yorug‘lik vulqon otilayotganda yuzaga keladi. Lekin men yeru ko‘kni larzaga solguvchi o‘kirikni eshitmadim. "Demak, bu vulqonmas, – deb o‘yladim. – Bu yong‘in".

Biroq bir pasdan so‘ng yanglishganimni sezdim. Tog‘dan son-sanoqsiz otliq son-sanoqsiz mash‘ala bilan quturgan olomon sari quturib quyila boshladi. Ularning qo‘llaridagi bolta, belkurak, ov miltiqlari dam aniq, dam xira ko‘rinayotir.

Otliqlar do‘konga telba selday yaqinlasharkan, eng oldda, qorabayirda quyun kabi uchib kelayotgan otliq qamchi o‘ynataroq qichqirdi:

– Ur! Qonga-qon! Jonga-jon! Ur!!!

Otliqlarning hayqiriqlari tunni titratdi:

– Ur!

– Ayama!!

– Ur-a-ur!!!

Kelgindilar oniy olishuvdan so‘ng junbushga kelgan qasoskor kuchga bas kelolmasliklarini bildilar:

Toqqa qochdilar.

Yiqilib, surilib, sochilib qochdilar.

Dovdirab, dodlab, voy-voylab qochdilar.

Bu paytda tong yorishayotgan edi.

Tog‘da qiyomat qo‘pdi...

Tushga qolmay Forish, Jizzax, Samarqand va Toshkentdan mashina-mashina mirshablar yetib kelishdi. Ular isyonchilarga ballonlardan achchiq gazlar (nafas yo‘lini bo‘g‘uvchi, ko‘zni achishtirib, yoshlantiruvchi) socharoq, avtomatlarda poroxli o‘qlar otaroq urush maydonini halqaga olishga kirishdilar.

Ayni shu choqda Oynur Samarqand–Forish–Uchquloch avtobusida Oltinkonga kelib tushdi. Men unga do‘konda kechgan voqeani aytdim. Uning g‘amli, horg‘in yuzlari qor tusiga kirdi. U qo‘rquv va alamdan titradi. Darhol Lolani (jomadoni bilan) majburan "O‘rol" qutisiga o‘tqazdi.

– Hali vaqt bor, – dedi u qo‘rquvga g‘arq ovozda qaltirab, – ulguramiz. Hozir, hoziroq, militsiya savashni bostirish bilan ovora paytda sen bu yerdan eson-omon ketib olishing kerak. Eson-omon! Tushunayapsanmi, Lola, azizim!

Oynurning so‘z, harakatlari shunday qat‘iy, keskin ediki, Lola unga indamay itoat etdi. Men "O‘rol"ning orqa o‘rindig‘iga o‘tirdim. Oynur mototsiklni to‘g‘ri Qizilqum sahrosi sari haydi.

O‘ttiz daqiqa kechmay, Uchqulochdan bir necha chaqirim etakdagi qumtepalar oralab ketgan yo‘lga chiqdik.

47

U zamonda Orol[30]zavolga yuz tutmagan, Haydarko‘l vujudga kelmagan edi. Bu suvsiz, qumli so‘qoq Forishning "Ilich" sovxoziga qo‘shni Chimkent viloyatining Chordarasiga eltadi.

Uch soatcha chamasi mudhish o‘ylar iskanjasida bir on ham yo‘ldan ko‘z uzmay, yo‘lovchi mashina kutdik. Oynur Lola bilan mendan ko‘ra ham qattiq tashvishga tushdi:

– Mashina urug‘i qurib ketganmi?

– Ko‘p ham qayg‘uraverma, Oynur. Mening hech qanday aybim yo‘q. Himoyasiz kampirga ko‘mak bermoqchi bo‘ldim. Ammo buni ham eplolmadim. Qaytaga o‘zim kaltak, tahqir ostida qoldim.

– Tuhmat nimaligini bilasanmi, Lola?

Yuz minglab odam tuhmat bilan qamoqda o‘tiribdi.

Yuz minglab odam tuhmat bilan otilgan...

Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy...

Son-sanoqsiz...

Seni bir o‘zing...

Ular ko‘p.

Sening gaping o‘tmaydi.

Sog‘-salomat ketib ol, Lola.

Men ich-ichimdan Oynurning so‘zi to‘g‘riligini his etdim.

Biron-bir mashina ko‘rinarmikan degan umidda ulkan qizil barxanga chiqdik. Yo‘q. Kun yonayotir. Shoshganimizdan suv olmabmiz. Chanqadik. Oynur bizni chalg‘itish uchunmi, tashlandiqday ko‘ringan so‘qoqni maqtadi:

– Bunday paytda bundan yaxshi yo‘l yo‘q. Qumtepalar ko‘chib yursa ham, bu xavfsiz, tinch yo‘l.

Uning esiga bir nima tushdimi, yo‘lga qaragancha o‘ylanib qoldi. Xiyladan keyin o‘kinch bilan dedi:

– Bu yo‘l ham g‘animat...

– Nimaga, Oynur? – hayron bo‘lib so‘radi Lola.

– O‘tgan kuzda akademik Habib Abdulla Uchqulochga kelganda, bu yerlarda ham bo‘lgan, Lola. O‘shanda u o‘z shogird[31]lariga ushbu so‘zlarni aytgan: "Paxtaga ehtiyoj yil sayin o‘sib borayapti. Bu talabni Moskva O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekiston hisobiga qondirishni, paxta planini olti million tonnaga yetkazishni rejalashtirayapti.

Olti million tonna!..

Bu, shubhasiz, buyuk yutuq.

Bu – dunyoda rekord ko‘rsatkich.

Lekin?

Lekin bunga birinchi galda suv zarur bo‘ladi.

Jayxun suvi.

Sayxun suvi.

Yana o‘nlab suv omborlari...

Biroq?

Biroq, menimcha, bundan boshqa muammolar kelib chiqadi.

Birinchi:

Orol muammosi.

Sabab:

O‘z o‘zanlarida azaldan oqib kelayotgan daryolar (Jayxun, Sayxun) Orol dengiziga oqmaydi.

Paxtaga oqadi.

Orol holi ne kechadi?

Ikkinchi:

Qizilqumdagi yuzlab ovullar, ochilmagan konlar suv ostida qoladi.

Millionlab qo‘ylar, tuyalar o‘tloqsiz qoladi.

Sabab:

Paxtani qondirgan oqava suvlar Arnasoyga oqadi, Arnasoydan Chordaraga oqadi, Chordaradan Qizilqumga oqadi[32].

Uchinchi:

Ekologiya buziladi.

To‘rtinchi:

Paxtadan yer charchagan.

Men Moskva bu masalada aql bilan ish tutar deb umid qilaman".

– Bunga ishongim kelmaydi.

– O‘zbek tuprog‘ida paxtadan boshqa narsa ekilayaptimi?

Lola Oynurga javob berolmay jim qoldi.

Sukunatda vaqt kechdi.

Nihoyat uzoqda chang-to‘zon ko‘tarildi. Buni qizlarga ko‘rsatdim. Oynur sevinganidan sakrab-sakrab chapak chaldi. Tepadan so‘qoqqa endik. Yo‘l o‘rtasiga "O‘rol"ni qo‘ydik. O‘zimiz uning ikki yonida turdik. O‘n daqiqa kechar-kechmas ustiga yuk ortilgan "Zil" qarshimizga kelib to‘xtadi. Chang-to‘zon ichida qoldik. Ust-boshimiz qumga to‘ldi.

– Tinshtiqpa? – qozoq haydovchi kabina eshigini ochib, boshini chiqardi va "egizaklar"ga qarab, hayronu lol qoldi. Men uning yuz-ko‘zidan: "Tushimmi, o‘ngimmi?" degan ifodani o‘qidim.

– Yo‘lni to‘sganimiz uchun uzr, og‘a, – Oynur unga muloyim boqdi, – Chordaraga ketayapsizmi?

– Jo‘q, Jambulg‘a.

– Shu qizni Chimkentgacha olib ketolmaysizmi? –Oynur haydovchiga Lolani ko‘rsatdi.

– Siymaydi, kabinada ekiqabat qatinim bor.

– Olag‘o‘y, Saken, ol, so‘ylesip ketemiz, – kabinaning o‘ng eshigi ham ochildi. Undan o‘rta yoshli xotin bir-biridan ajratib bo‘lmas huriliqolarga xuddi bir mo‘‘jiza ko‘rgan kabi ajablanib, suqlanib tikildi. Keyin mehrli ovozda Lolani o‘z yoniga chorladi:

– Kelag‘o‘y, qarindasim, kelag‘o‘y.

Oynur bilan Lola go‘yo manguga ayrilishayotgandek, bir-birini qayta-qayta bag‘riga bosib, o‘pib xayrlashdi.

Unsiz yig‘lab xayrlashdi.

O‘ksib yig‘lab xayrlashdi.

Bundan mening ham jigar-bag‘rim xun bo‘ldi. Ko‘zlarim yoshga to‘ldi.

– Lola, azizim, ta‘tilga chiqishimga hujjatlarim taxt desam ham bo‘ladi. Tangri nasib etsa, uch-to‘rt kunda Chimkentda yuz ko‘rishamiz.

Oynur o‘z so‘zlariga o‘zi ishonmayotganday edi. Balki men yanglishayotgandirman? Har narsani Tangri bilguvchi.

Lola "ZIL"ga chiqarkan, Oynur:

– Balki sen bilan birga Leningradga ham borarman, – dedi armonga qotilgan xo‘rsiniq ovozda. – Leningradni ko‘rsam, Rim, Parij, Lo‘ndo‘nlarni ko‘rganday bo‘laman, Lola. Oq tunlarda go‘zal Niva qirg‘oqlarida sayr qilish qanchalar yoqimli! Agar sen vaqt topolsang, Boltiq dengizida, yelkanli kemada Pushkin o‘qigan litseyga ham birga boramiz.

– O, albatta, Oynur, mehribonim!

Bu qalb so‘zlaridan qizlarga benihoya havasim keldi.

Men yutindim.

Beixtiyor ko‘nglimdan ushbu fikr kechdi: "Qani men ham Oynur, Lolalar bilan birga o‘sha go‘zal yerlarni kezsam!.."

"ZIL" kuchanib siljidi. U ko‘zdan o‘chmaguncha turgan yerimizdan jilmadik. Oynur yengil nafas oldi. Biroq men uning ko‘zlari tubida qandaydir g‘ulg‘ula borligini, u buni yashirishga urinayotganini sezdim. O‘zimning ham ko‘nglim notinch edi.

48

Agarchi Lolani eson-omon kuzatib qo‘ysak ham, bundan benihoya sevinsak ham, nima uchundir ko‘nlimiz g‘ash edi. Shunga Uchqulochga oyog‘imiz tortmagan holda, ruhsiz bir alpozda qaytdik.

– Men charchadim, – Oynur "O‘rol"ni hovlimizning quyosh tegmas burchagiga qo‘ydi. – Qattiq charchadim, Evril. Hozir yotoqqa boramanu alli-balli yuvinaman-da, uxlashga yotaman.

– Biznikida qolaqoling, Oynur opa.

– Kiyimlarimni almashtiraman-da, Evril, – u istar-istamas tashqariga yo‘naldi.

Bu chog‘da urush endi bostirilgan, har ikki tomondan ham odam o‘lgan edi.

Ancha odam...

Yana yaradorlar...

Soni noma‘lum.

O‘liklarni ham, majruhlarni ham "hid"larini chiqarishmasdan, tezlik bilan, yashirin tarzda olib ketishdi.

Qayoqqa?

Bilmadim.

El bilmadi.

Dunyo bilmadi.

Bu voqea mening ko‘z o‘ngimda kechdi.

Urush shafqatsiz bostirilgan ondan o‘laroq Tuzum turlanuvchilari uni: "To‘polonchilar to‘qnashuvi" deb atay boshladilar.

Oy katilayotgan ushbu tunda supada o‘tirarkanmiz, Oynurning pushtirang dudoqlari sezilar-sezilmas ochildi va eshitilar-eshitilmas ovozda dedi:

– Dunyoni aldash uchun Moskva bu "atama"ni to‘qigan.

Bu paytda Onam uyquda edi. Men past tovushda Oynurga dedim:

– Mag‘zini chaqolmadim.

– Moskva o‘zi yuritayotgan siyosatga qarshi bormaydi. Mana, Bosh Yo‘riqdan bir misol: "Sovet Birligida barcha millat teng, tinch-totuv, farovon yashayapti. Bu do‘stlikni dunyoda hech kim va hech qanday kuch buzolmaydi.

Do‘stligimiz abadiy".

Oynurning fikri to‘g‘ri chiqdi. Uchquloch qonli to‘qnashuviga SSSRdagi barcha ommaviy axborot vositalari ko‘z yumdi. Uni ko‘rib ko‘rmaslikka oldi, eshitib eshitmaslikka oldi.

Lekin?

Lekin mutlaqo yashirin tarzda ish ko‘rishdi.

Zimdan.

Mutlaqo zimdan.

Bu Moskvaning mutlaqo maxfiy topshirig‘i edi.

Ammo, shunga qaramay, Uchquloch koniga yaqinda boshliq bo‘lib kelgan Sokol (yahudiy) yerliklarga yon bosdi. Uchqulochda kechgan nufuzli yig‘inda u:

– Mahalliy aholida ayb yo‘q, – deb ochiq aytdi.

Bundan Oynur behad sevindi. Onam bilan men ham.

Mish-mishlarcha Sokol KPSSning eng suyangan tog‘laridan biri: Suslov (yahudiy)ning qarindoshi emish.

– Sokolning orqasi mustahkam bo‘lmaganda, u bu gapni aytmasdi, – dedi Oynur Onamga.

49

Savashdan bir kun o‘tgach, kechqurun o‘sha o‘ris bola yana kulbamizga keldi. Uyda bir o‘zim edim. U menga tirjayib boqaroq buyruqsimon ohangda dedi:

– Tun cho‘kkanda quduq boshiga en!

Men uning kalamushga bengzash yuvuqsiz basharasiga tupurgim keldi. Biroq o‘zimni tiydim. U och ko‘zlarini lo‘q qilib, sarg‘ayib ketgan kir tishlarini ko‘rsatib, irshayib turaverdi:

– Jo‘na! – dedim titrab.

U mening gapimga parvo qilmay, dedi:

– Esingdan chiqmasin!

Men irkitni o‘lgudek do‘pposlagim keldi. Lekin Telmandan qo‘rqdim.

– Yo‘qol, isqirt! – deya tishimni tishimga qo‘ydim.

U "dumi"ni qisib, jo‘nab qoldi.

Kutilayotgan oy hali chiqmagan edi. Har ehtimolga qarshi Bekning kumush sopli pichog‘ini qini bilan chilvirda belimga bog‘ladim. Qo‘limga "Qalin daftar"ni oldim. Aytilgan yerga bordim va irkit bolaga duch keldim. U menga yovuzona qarab, to‘ng‘illadi:

– Orqamdan yur.

– Qayerga?

– Uchquloch ota[33]go‘riga.

Qo‘rqdim. Oyoqlarimni qaltiroq bosdi.

– Bormayman.

– Quyonyurak!

– Basharangni buzib qo‘yaman, kalamush! – men uni xippa bo‘g‘dim.

– Tegma! – qorong‘idan Telmanning ovozi eshitildi.

Men irkitni bo‘shatdim. U o‘tirib qoldi. Shu zum Telman "lip" etib o‘rtamizda paydo bo‘ldi. O‘ris bola o‘ziga keldi. Qalqdi. Va kutilmaganda jag‘imga musht tushirdi. Men unga javob qaytarolmadim. Telman meni tutdi. Alamdan tishlarim singuday qirchiradi. Telman ataylab o‘ris bolaning ko‘kragidan itardi:

– O‘ch!

O‘chdi.

– Bu yerda erkin gaplasholmaymiz, yo‘lovchilar... – u gapini tugatmadi, meni toqqa boshladi.

Kunduzlari ham odam urug‘i anqo Uchquloch ota qabriga o‘rladik. Atrofi toshlar bilan o‘ralgan mozor. Biroq u deyarli yiqiq holda. Vaqt uni shu holga solgan.

Hisobsiz, shafqatsiz vaqt.

Oq, ko‘k, qizil... lattalar bog‘langan chirik tayoqlar har tarafda sochilib yotibdi.

Uchquloch ota kim? Uning oti nima? U qachon yashab o‘tgan? Buni hech kim bilmaydi. Tarix ham.

Bujur toshlarga yuzma-yuz o‘tirdik. Yarim oy, yulduzlar yog‘du sochadi. Qizilqumdan salqin epkin keladi. Telmanga sezdirmay (ko‘ylagimning ustidan) pichoqni tez-tez ushlab qo‘yaman. Qo‘rquvdan yuragim titraydi.

"Qalin daftar"ni Telmanga berdim. Itko‘z bilan Tegirmonchi voqeasini aytdim. Uning ko‘zlari vahshiyona chaqnadi, yuzlari asabiy burishdi.

– O‘g‘irlashdi, degin?! Aminmisan?

– Ha. Bu daftarda ikkovining ham imzosi bor.

– Bo‘ldi, tushundim, – u gapimni kesdi. Jim qoldi. Keyin nimadir deyish uchun og‘zini ochdi. Lekin, negadir, qayta yumdi. Qo‘qqis to‘pponchasini oldi. Fahmimcha, otishgamas, qo‘rqitishga. Shunday esada meni titroq bosdi.

– Mayli, ket, – dedi u. – Ketaver. Senam o‘zingga yetgancha ekansan.

Men vahm qurshovida pastga ena boshladim. Qo‘qqis u to‘pponchasini shaqillatdi.

– To‘xta!

Uning yovvoyi hayvondek xirillagan ovozi go‘yo o‘qqa aylandi, yelkamni teshib o‘tdi. Oyoqlarim mayishdi. Toshga qoqildim. Yiqildim. Qo‘rquvdanmi, og‘riqdanmi, bilmayman, ingradim.

Telman yengil, epchil odam edi. Bir-ikki sakrab oldimga endi. Meni turg‘azdi.

– Rahmat, – dedim.

– Ishtoningni ho‘llab qo‘ymadingmi, ishqilib? – deya xo-xolab kuldi.

Menga uning so‘zi ham, kulgisi ham go‘rdek sovuq tuyuldi. U tomdan tosh tushgandek, kutilmaganda meni savolga tutdi:

– Ha, aytganday, kecha shomda seni Oynur bilan birga magazinda ko‘rgandek bo‘ldimmi?

Yuragim bir balo-qazoni sezgandek "shuv" etdi. Men o‘zimni o‘nglab va fikrimni jamlab olish uchun Telmanga sir bermaslikka tirishdim. Ataylab chap tizzamni changalladim:

– Voy-voy!

– Yuragam bor ekan-da senda.

Agarchi Telmanning "o‘qi" nishonga tegsa ham, bizni do‘konda ko‘rganiga ishonmadim. Qolaversa, Oynur bu paytda Samarqandda edi. Pixini yorgan kazzob bizni tuzoqqa ilintirmish uchun pushkaga olayapti. "Shoxi"da yuraver, yaloq!

– Oynur opa bilan deysizmi? – men o‘zimni bosib olib, o‘smoqchilab so‘radim undan.

– Takrorlashni yomon ko‘raman, bolakay.

– O‘sha kuni Oynur opam erta tongda Sokol bilan birga Samarqandga ketgan. U yerdan bir kundan so‘ng, tushda Uchqulochga qaytdi.

– Quloqqa tepma!

– Tekshirib ko‘ring, – dedim ishonch bilan.

– Agar yolg‘on so‘ylasang, peshonangdan darcha ochaman! – u to‘pponchani manglayimga tiradi. Shunday qaltis, halokatli onda, kutilmaganda miyamni quyidagi so‘zlar zabt etdi: "Odam o‘zini-o‘zi tugal biladimi? Menimcha, yo‘q. Balki ellik, nari borsa oltmish foiz bilar. Hozir, Telman tepkini bossa, tamom, men mangu qorong‘ilikka yumalab ketaman. Biroq, biroq mendagi qo‘rquv negadir birdan chekindi. Nimaga? Sababini bilmayman. Menda jur‘at tug‘ildi. Qanday tug‘ildi? Buni ham bilmayman. Hatto Telmanni o‘ldirish fikri ham boshimga keldi. O‘ldirsam, bir tukim ham "qilt" etmaydi, vijdonim ham azoblanmaydi, aksincha, lazzatlanadi. Ochun ham bir yaltoq, sotqindan tozalanadi".

Menimcha, shu soniya mening tomirlarimda qo‘rquv bilmas bobom – Ahmat Oqsaqolning asov qoni gupirib, qaynayotgandek edi. To‘pponchani nari surdim va dedim:

– Men chin so‘zladim. Siz bilan boshqa gaplashmayman.

– Otaman!

Men o‘zimni boshqarolmay qoldim. Pichog‘imni shart sug‘urdim. Va unga telba yanglig‘ tashlandim:

– So‘yaman!

– Hoy-hoy, bolakay, o‘pkangni bos! – Telman bir sakrab o‘zini chetga oldi. – Men sen bilan hazillashdim. Seni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim.

Telman karatega o‘xshash jang san‘at turlarini egallagan bo‘lishi mumkin. Chunki uning "kasbi" shuni taqozo etadi. Tan olaman: u mendan kuchli ham epchil. Shunga qaramay, u men bilan murosaga kelishni istadi. Yo‘q, buni mendan qo‘rqqanidan qilmadi. "Shu mishiqi bian teng bo‘lmay" degan maqsadda qildi. Yo‘q, haqiqatga yaqini bu: Meni "Ish"latmoqchi...

"Onangni... ishlatasan!" deya so‘kdim ichimda. Va bir qadar shashtimdan tushdim. Uyga chopdim. Telman Uchquloch ota qabri yonida qabrdek qotib qoldi.

Ammo vaqtincha...

Yo‘lda o‘z-o‘zidan do‘stim esimga tushdi: "Bek, qadring o‘tayapti, – og‘ir xo‘rsindim. – Lola opam ham yetib borgandir? Bek bilan birga bizni eslab, bizni o‘ylab o‘tirishgandir?"

Qizlar Bog‘donda ham, Uchqulochda ham uni ko‘p eslashdi:

"O‘rni bilinayapti".

"Chingiz bilan birga bo‘lsak, qo‘rquvni bilmaymiz".

"Undan zo‘r lashkarboshi chiqadi".

"O‘qisa".

"Turtki kerak".

50

Uyda meni Onam bilan Oynur orziqib kutib turishgan ekan. Ikkovining ham yuz-ko‘zlarida bir xil ifoda:

Xavotir,

Qo‘rquv,

Tashvish.

– Qayerlarda yuribsan, bolam?

Onamni qo‘rquvga solmaslik uchun aldadim:

– Bir do‘stimnikida tutilib qoldim, Ona.

– Bir og‘iz aytib ketsang bo‘lardi-ku, o‘g‘lim.

– Kechiring, Ona.

Onam saharda ishga ketishini o‘yladi: uxlash uchun ichkariga yo‘naldi:

– Uzr, bolalarim, xayrli tun.

– Xayrli tun, Ona, – dedi mehrli ovozda Oynur.

– Xayrli tun, Ona, – dedim men ham.

Oynurga hamma gapni tugal aytdim.

U o‘zi sezmagan holda ko‘ylagi etagini g‘ijimladi. Va o‘yga botdi. Men uning muzdek oqargan yuziga achinib boqdim. O‘rtaga sukut cho‘kdi. Shu zaylda soniyalar kechdi. Oynurning xayolini bo‘lmadim, bo‘lishga botinmadim.

– Ilonning yog‘ini yalagan odam... – dedi Oynur anchadan so‘ng xazin ovozda, – boshqa gal, tunda u bilan hech yoqqa borma. Ayniqsa, ovloq yerga. Aloqani uz. Eng og‘ir damda ham o‘z g‘ururingni saqla. Odamni odam qilib yuruvchi narsa –

G‘URUR.

Oynur uxlash uchun qalqdi. Lekin nimanidir o‘ylab, qayta o‘tirdi. U qonli to‘qnashuvdan so‘ng o‘z yotog‘idan bezgan va bizning kulbamizni makon aylagan edi. Nimaga? G‘ulg‘uladan. Oynur kuchli irodali, jasur qiz bo‘lsa ham, yuragini qurshab olgan g‘ulg‘uladan qutulolmayotgan edi. Bu yerda u onamu men bilan dardini yozadi.

– Evril, bilasan, bu to‘qnashuvda mening qatra aybim yo‘q. Lekin, negadir, iskovichlar qadamimni poylashayapti. Balki, hozir uyimiz atrofida ham izg‘ib yurishgandir?

– Yo‘g‘-e! – men sergak tortdim.

– KGBni ishi shu-da:

Iskash,

Poylash,

Tuzoq qo‘yish,

Tuhmat qilish.

Lola do‘kon g‘avg‘osiga aralashmaganda yaxshi bo‘lardi-da, Evril.

– Buni Sizga daxli yo‘q, Oynur opa. Ming tekshirsin, Siz haq bo‘lib chiqasiz. Tangriga shukr, o‘sha kuni Siz Uchqulochda emasdingiz. Bu haqda yetarli dalil-asoslaringiz bor.

– Inobatga olisharmikan?

– Dalil-asoslar qarshisida ojiz qolishadi. Siz Sokol bilan birga viloyat miqyosidagi To‘plantiga qatnashgansiz. Sokolni bilasiz: Moskva bilan gaplashadi. Qolaversa, Yig‘ilishda ro‘yxatdan ham o‘tgansiz. Balki so‘zga ham chiqqandirsiz?

– Aqlli do‘stginam! – Oynur meni quchib, yuzlarimdan o‘pdi. – Ko‘nglim yorishdi, Evril. Yaxshi tushlar ko‘rib yotgin, iniginam! – Oynur uxlash uchun Onamning yoniga yo‘naldi.

– Xayrli tun, Oynur opa!

Men yozilmaga chopib borib tashqariga qaradim. Avval eshigimiz oldidan "ship-ship" qadam tovushlari eshitildi. Keyin uch kas ko‘rindi. Ulardan biri Telman edi.

51

Izquvarlarning yashirin ta‘qiblarini hisobga olmaganda, ikki kun tinch o‘tdi. Bu vaqt orasida biz (Oynur, men) "O‘rol"da tuman aloqa bo‘limiga bordik. Oynur Lola bilan quyuq qo‘nishdi. So‘ng Bek bilan ham. U gap orasida quvonchini ichiga sig‘dirolmay maqtandi:

– Men Lola opam bilan birga Leningradga ketayapman.

– Bizlarsiz-a? – telefonlarga ishonch yo‘qligi uchun Oynur uning otini tilga olmadi.

– Qachon kelasizlar?

– Tangri nasib etsa, besh-olti kun ichida.

– Kutamiz, Oynur opa, orziqib kutamiz!

– Yaxshi qolinglar.

Agarchi ular bilan oydin qo‘nishsak ham, qaytarkanmiz, ruhimiz so‘na boshladi. Nimaga? Ta‘qibdan. Bizni bir mototsikl quvib o‘tdi. U hamma yoqni changitib ( u zamonlarda Forish yo‘llariga asfalt yotqizilmagan edi), uch yuz qadamcha ilgarilagach, tezligini pasaytirdi. Changga botdik.

Garchi mototsikldagilar shlemlarda bo‘lsalar ham, menga tanishdek tuyuldi:

Dima,

Galya.

Ortimizda ham bir mototsikl paydo bo‘ldi. Ammo quvib o‘tmadi. Oraliq saqladi. Boya aloqa bo‘limiga kelayotganimizda ham deyarli shunday oraliq saqlagan edilar.

Orqadagi kasni men "Pasha" deb taxmin qildim. Ko‘z o‘ngimda odamsiz cho‘l, siyrak saksovulzor, vils, uch uzun o‘ris gavdalandi:

Dima,

Galya,

Pasha...

Nimagadir men ularni: "Moskva tomonidan qo‘yilgan iskovichlar", degan o‘yga bordim.

52

Uchinchi kun boshlandi:

G‘avg‘o,

Tuhmat,

Ayblov...

Quyosh nuri yer yuziga yoyilganda Dima, Pasha, Galya va Telman Oynurni "Madaniyat uyi"dagi "maxsus xona"ga tortishdi. Va iliq qarshi olishdi. Unga bu "iliq"lik tagida chayon o‘rmalayotgandek tuyuldi. Galina ro‘paradagi qarg‘a tus kursini nazokat bilan ko‘rsatdi va o‘zbek tilida, muloyim ovozda dedi:

– Marhabo, Oynur xonim.

– Rahmat, – u kursiga omonat cho‘kdi.

– Uzr, Oynur xonim, biz Sizning xolis ko‘magingizga muhtojmiz. Shunga ish yuzasidan Sizni bu yerga taklif etdik. Bir-ikki narsaga oydinlik kiritib olsak, deymiz.

– Marhamat, Galina xonim, – uning yasama mulozamatiga yasama mulozamat bilan javob qaytardi Oynur.

– Toqqa taqalgan do‘kon voqeasidan xabaringiz bordir-a, Oynur xonim?

– Eshitdim.

– Eshitdim?! Balki, g‘avg‘oni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rgandirsiz?

– Yo‘q, u kuni men Samarqandda edim, geologlar to‘plantisida.

– Guvohlar bor, Oynur xonim, balki ular yanglishayotgandirlar?

Dima, Pasha, Telmanlar Oynurga yana ham teranroq tikilishdi. Go‘yo uning ko‘zlari ichida bir "sir" boru, buni bilib olishadiganday.

– Javobimni tag‘in qaytaraymi? Men Samarqandda, "Zarafshon" mehmonxonasida tunadim. To‘plantida so‘zga chiqdim. Avtobusga olgan chiptalarim ham o‘zimda. Davlatning ishongan odami, Oltinkon boshlig‘i Sokol ham yig‘ilishda qatnashdi. Buni tekshirib ko‘rishlaringiz mumkin.

– Mayli, Oynur xonim, mayli. Faqat hayajonlanmang. Bu sog‘ligingizga ziyon. Biz Sizga ishonishni istaymiz... Telman...

– Labbay, Galina Igamovna.

– Chaqir!

U bir pasda bir to‘da o‘ris xotinni boshlab kirdi. Ayollik nazokat, hayosidan uzoq, baqaloq, semiz, sigir emchak ayol va qurib qolgan og‘ochni eslatuvchi ozg‘in, echki bashara, qoshsiz xotin ayyuhannos solishdi. Galina:

– Baqir-chaqir qilmanglar! – deya ularga ataylab sovuq boqdi va so‘ng buyurdi: – O‘zlaringni tanishtiringlar!

Birin-ketin ikkovi hamm o‘z ismlarini aytishdi:

– Marusya.

– Zina.

– Endi gapiringlar, faqat rost gapiringlar.

– Xuddi o‘zi, o‘sha manjalaqi, – u xuddi bir kashfiyot qilgan kasdek irshaydi.

– Ha-ha, o‘sha qanjiq, – u yovvoyi maxluqdek o‘rinsiz tirjaydi.

– Tillaringga erk bermanglar.

Boshqa xotinlar deyarli quyushqondan chiqmadilar: Marusya bilan Zinani tasdiqladilar:

– O‘sha!

– O‘sha tannoz!

Baqaloq Marusya cho‘chqadek chiyilladi:

– U kampirning tarafini oldi!

Echki bashara Zina tuhmatga o‘tdi:

– Millatchilik qildi.

Dima luqma tashladi:

– O‘zbegining tarafini oldi. Shuning o‘zi millatchilik emasmi? Rus ayollarini turtib, itarib, kampirga ko‘maklashdi.

Marusya uni quvvatladi:

– Kampir millatchi.

Pasha gapga aralashdi:

– So‘kdimi?

– Biz ruslarni: "Sassiq cho‘chqalar!" deb tahqirladi, – uning yuz-ko‘zida qora quvonch aks etdi.

O‘rta bo‘ydan sal tikroq, cho‘zinchoqqa moyil yuzlari quyoshda qoraygan, o‘yga qotilgan zangor ko‘zlari kishini o‘ziga tortuvchi yosh juvon to‘dani yorib, oldinga chiqdi va o‘zini odob bilan tanishtirdi:

– Mening otim Marina, ma‘lumotim oliy, men rus tili va adabiyoti o‘qituvchisiman. G‘avg‘oning ichida bo‘ldim. Tahmat qilish rus kishisiga yarashmaydi. Bu rus sha‘nini bulg‘aydi. Kampirda ayb yo‘q.

"Posle nas, Ishachka!" deya kampirni qatordan siqib chiqargan kim? Sen emasmi, Marusya?

– Sensiramay gapir, olifta. Men sening tug‘ishgan opang emasman.

– Gapni bo‘lmang, – Galya baqaloqni yolg‘ondakam jerkidi. So‘ng Marinaga noxush qarab, buyurdi:

– Qulog‘imiz Sizda.

Marina davom etdi:

– Seni "Siz" deyishga tilim bormaydi. "Vanyuchka! O‘zingdan ketma! Kimligingni bil!" deya do‘konni boshiga ko‘targan kim? Sen emasmi, Zina?

Shundan keyin kampir: "Sassiq cho‘chqalar!" deb so‘kishga majbur bo‘ldi. Buni rus millatiga nima aloqasi bor? Siyosiy tus berayapsan ataylab. Uning o‘rnida boshqa bo‘lganda ham shunday qilardi. "Nima eksang, shuni o‘rasan".

"Biz ruslar..." deb urg‘u bilan gapirishing sening shovinistkaligingni, shantajistkaligingni ko‘rsatadi. Bunga rus millatining daxli yo‘q. Sen ataylab Milliy nizo uyg‘otish uchun millatchilik urug‘ini sepding, Zina! Sen ham, Marusya! Senlar olomonni jazavaga keltirdilaring. Qonli to‘qnashuvga aynan ikkoving sababchi bo‘ldilaring!

– Tuhmat qilayapsan, gadina! – Zina Marinaga yopishdi. – Sotqin!..

– Ilon! – Baqaloq ham unga tashlandi.

– Qayerda turganlaringni bilinglar. Chegaradan chiqmanglar, – Dima, Pasha, Telmanlar o‘z xohishlariga zid tarzda ularni ajratib qo‘ydilar.

Marina voqeaga aniqlik kiritishda davom etdi:

– Bu qizni aybsitish butunlay o‘rinsiz, – u Oynurni ko‘rsatdi. – Bu qiz: "To‘xtanglar, o‘ldirib qo‘yasizlar!" deb begunoh kampirni qutqazishga oshiqdi, Sen esa Marusya: "Zatknis, suchka! Ni tebe nas uchit!" deya chinqirib, sumkang bilan uning boshiga urding. To‘g‘rimi, munofiq?!

– Yolg‘onni yamlamay yutma, yaloq! Hayf senga rus nomini olib yurish!

– Hayf! – chiyilladi Zina ham.

– Ikkiyuzlamachilar! Rusni tinch qo‘yinglar!

– Hayf!

Marina jazavaga tushgan baqaloqqa ortiq gapirish foydasizligini bildi. Shu bois Antonovani savolga tutdi:

– Oyoq ostida toptalayotgan yozuqsiz kampirga yordam qo‘lini cho‘zish millatchilikmi, Galina Igamovna.

– Yo‘q.

– Millatchilik emas, aksincha, bu odamiylik, bu insoniy burch – Marinaning faqat yuz-ko‘zi emas, har bir so‘zi ham aslzodaligidan dalolat berardi. – Shunga "Men kampirga yordam berdim", deyishim ham balki uncha to‘g‘rimasdir? Men buni ko‘nglim istagi bilan qildim. Agar kampirning o‘rnida negr, xitoy bo‘lganda ham shunday qilardim.

Yana o‘rtaga besh xotin chiqdi. Kampirga ko‘mak berganini aytdi. Marinaning so‘zini ma‘qulladi.

Hammadan "Tushuntirish xati" olishdi. Oynurdan ham. Galya unga kesatiq aralash o‘smoqchilab dedi:

– Ammo, Oynur xonim, Sizning to‘qnashuvda qatnashganingizni barcha guvohlar to‘la tasdiqlashdi.

Bu so‘z bilan u Oynurning ko‘ngliga og‘uga qotilgan g‘ulg‘ula soldi. Biroq Oynur o‘zini qanday noxushliklar kutsa ham, hatto qanday mudhishliklar kutsa ham, "Bu menmas, Lola", deyolmasligini his etdi. U Lolaga gard yuqtirishni istamasdi. Shu sababli g‘ururini toptamay, lekin o‘zi sezmay siniq ovozda dedi:

– Menga ishonmayapsizmi, Gulnora Egamovna, endi men Sizning vaqtingizni olmay. Meni ortiq qiynamang, men yengildim.

– Shunday mag‘rur qiz-a! Darrov-a! Ishongim kelmaydi. Ishonmayman.

Oynur javob qaytarishni ep ko‘rmadi.

– Sizga jabr qilish istagim yo‘q, Oynur xonim. Biz adolat bilan ish tutamiz. Samarqandni ham o‘rganib chiqamiz. Siz xotirjam bo‘ling, hozircha...

"Siz xotirjam bo‘ling, hozircha..." – ko‘nglidan o‘tkazdi Oynur Galinaning oldidan chiqqach. – Bu samimiy tilakmi? Yoki so‘z o‘yinimi? Mening sezgim aldamas: bu so‘z o‘yini. "Hozircha xotirjam bo‘ling", degani. Hozircha... Keyin-chi? Keyin, balki, meni cho‘ktirmoqchidir? Men o‘z ojizligimni tan olaman: ularga qarshi kurasholmayman. Ular deganim:

TUZUM,

SSSR,

KPSS,

KGB...

Biroq men, shunga qaramay, bu "halqa"dan qutulishga urinib ko‘raman. Faqat o‘lim halqasi bo‘lmasa, bas. Bungacha bormas... Bungacha bormas... Bungacha bormas..."

U bu so‘zlarni o‘zi sezib-sezmay tinsiz takrorladi.

Tinsiz.

Tinsiz.

53

Men Oynurni "Madaniyat uyi" qarshisida o‘ris og‘ochlari ko‘lankasida kutib oldim. Uning yuz-ko‘zlaridagi cheksiz dard, iztiroblarni ko‘rib, ich-ichimdan ezildim. Ixtiyorsiz bir tarzda Tangriga yolvordim:

– Yaratgan Egam! Oynur opamdagi g‘am-tashvish, qo‘rquv-tahlikalarni menga o‘tkaz. Ne jabru zulming bo‘lsa, ularni mening boshimga sol!

Oradan uzun-uzun zamonlar kechsa ham, men bu iltijoni hamon takrorlayotgandayman:

Hamon.

Hamon...

Go‘yo oradan bir soniya ham kechmaganday.

Bir soniya ham...

Biz og‘ir sukunat iskanjasida uyga kirdik. U o‘zi sezmagan holda, mung-alamga g‘arq sasda boyagi so‘zni takrorlardi:

– Bungacha bormas...

Agarchi men bu so‘zning mag‘zini chaqishga ulgurmasam ham, u mening ko‘nglimda yomon noxushlik uyg‘otdi. Undan yuragim zirqiradi.

– Sizni xafa qilishdimi, Oynur opa? – deb so‘radim. Ovozim o‘zimga bo‘ysunmadi: yig‘lamsirab so‘zlagan kishining ovozidan chiqdi.

– Yo‘q, iliq munosabatda bo‘lishdi. Ammo, Evril, ularga ishonib bo‘lmaydi. Ular kulib turib joningni oladi.

Men bir narsadan quvondim: bir qancha rus ayoli meni, ya‘ni Lolani yoqladi.

– O‘! Zo‘r-ku, Oynur opa!

– Biroq, shunga qaramay, ko‘nglim yorishmayapti.

– Nimaga?

– Dimalar Moskvaga xabar berishadi. Qonli to‘qnashuvga kimnidir sababchi qilib ko‘rsatishadi.

– Kimnidir... Bosh sababchi... – takrorladim men beixtiyor.

– Ha, – dedi Oynur bo‘shashib, – men o‘zi bir necha yildan beri nishonda turibman...

– Har narsani o‘zingizga olavermang, Oynur opa. Bu urushda Sizning aybingiz yo‘q. U o‘z-o‘zidan alanga oldi. O‘rischa aytganda, stixiyali ravishda. Moskva tuhmatga ishonavermas, haqiqat tagiga yetar.

– Ey yosh bola – yosh bola! Bir yuz oltmish besh million[34]kishining yostig‘i nimadan quridi?

Men bu savolga javob berolmay, jim qoldim. So‘ng past va zaif ovozda ming‘irladim:

– O‘ris xotinlar ham biz tarafda...

– Bas, Evril! –Oynur gapimni kesdi, – bu to‘g‘rida boshqa bosh qotirmaylik. Bo‘lmasa, Oynur opang jinni bo‘pqoladi.

– Tangri saqlasin!

Biroq Oynurning o‘zi o‘z so‘ziga qarshi o‘laroq yana gap boshladi:

– Ta‘tilimni ham ataylab cho‘zishyapti, Evril. Endi mening bor umidim Sokoldan...

– Onam uni to‘g‘ri odam deb aytgan.

– Shunday.

54

Uyimiz etagidagi Oltinkon idorasi qarshisida to‘xtadik.

– Sen uyga boraver, Evril.

– Men Sizni shu yerda kutaman, Oynur opa.

– Ushlanib qolishim mumkin.

– Bir asrga bo‘lsa ham kutaman.

U qarorim qat‘iyligini sezdi. Yana men unga: "Endi yoningizdan bir qadam ham jilmayman. Aqlim shunday deyapti. Ko‘nglim shunday deyapti", degim keldi. Lekin uyaldim.

Oynur buni ko‘zimdan uqdi. Menga mislsiz mehr bilan termilib, manglayimdan o‘pdi. Va buyuk umid ilinjida ichkariga yo‘naldi. Men uning ko‘zlariga yosh qalqqanini ko‘rdim va bundan ich-etim ezildi.

Oynur Sokol (ismi esimda yo‘q)ning qabulidan taxminan bir soatdan keyin chiqdi. Uning yuzi xiyol yorishganday edi. Qo‘lida ta‘til qog‘ozi va puli. Gap-so‘zsiz uyga bordik. Onam tushlikka barak (buroq) tugib qo‘ygan ekan. Yuvinib-chayindik. Keyin tergi tegrasiga o‘tirdik. Agarcha Onam mening nazdimda xamir yemoqlar tayyorlashda tengsiz bo‘lsa ham, chuchvarani ishtahasiz yedik. Bundan onam biroz og‘rindi:

– Yoqmadimi, bolalarim?

– Aksincha, Onajon, – dedi Oynur, – keyinroq yeymiz. O‘zimni negadir lohas sezyapman.

– Biroz mizg‘ib oling, aylanay, qizim. Ko‘rinishingiz ham bir holday, parishonroqsiz...

– Charchadim, Ona, – Oynur uyqu dori ichdi. So‘ng menga buyurdi:

– Evril, "O‘rol"ga benzin quydir. Yana zaxiraga ham ol.

Uning horg‘in va tushkun ovozidan Onam sergak tortdi:

– Biron yeringiz og‘rimayaptimi, go‘zal qizim.

– O‘zimam bilmayman, Onajon, – Oynur ko‘zini yumdi.

U Sokol bilan kechgan suhbat haqida negadir og‘iz ochmadi. Men buni bilishni juda istayotsam ham, so‘rashga botinmadim. Endi, tuyqus, bu topshiriq... Hayron bo‘ldim. Onam menga savolomuz boqdi. Men yelkamni siqib, sukut saqladim.

Topshiriqni bajardim.

Onam ishga ketdi.

Oynur uyg‘ondi.

– Sezayapman, Evril, sen Sokolning fikrini bilishni istayapsan, – dedi Oynur yuz-qo‘lini yuvib kelgach. – U ham deyarli ilojsiz. Ulkan odam bilan telefonda gaplashibdi. Ulkan odam: "To‘qnashuv tashkilotchisini topish kerak", degan. Sokol unga voqeani bo‘yoqsiz, lo‘nda bayon etadi: "Do‘kon g‘avg‘osi Ulug‘ rus shovinizmi bilan sug‘orilgan bir to‘p ayolning ahmoqligi sababli bo‘ldi. Mahalliy aholida ayb yo‘q. Bu – rad etib bo‘lmas haqiqat.

O‘zini osmon, o‘zbekni yer hisoblagan u quturgan to‘da bir gunohsiz kampirni (qozoq kampir, eri o‘zbek) tahqirlaydi. Va o‘ldiradi.

Kampirni qutqarishga uringan talay yerlini ham yo‘q qiladi.

Marhumlarning qarindosh-urug‘lari bundan junbushga keladilar. Tog‘ odatiga ko‘ra, o‘ch olish istagida kuyib-yonadilar. Uchqulochga enadilar.

Oqibat:

To‘qnashuv...

Buni yerliklar uyushtirmadi. U o‘rmonda yong‘in qanday paydo bo‘lsa, shunday vujudga keldi. Qandaydir afsonaviy tashkilotchini o‘ylab topish adolatdanmi?"

"Uni shunday qoldirib bo‘lmaydi. Yana bunday hol takrorlanmasligi uchun bu zarur..."

"Unda urushga sababchi bo‘lgan shovinist xotinlarni jazolash lozim".

"Sen kon boshlig‘i sifatida nega bunga yo‘l qo‘yding?

Temir tartib yo‘q yerda,

Temir intizom yo‘q yerda

Buzg‘unchilik yuzaga keladi...

Buzilish yuzaga keladi...

Angladingmi?

O‘ylab ish tut!"

Kutilmaganda Oynur menga qarab o‘ylanib qoldi. Lekin meni ko‘rmasdi. Uning xayoli o‘zga bir olamda edi. U temir halqadan qutulish yo‘lini izlayotganday edi. Qanday? Bilmadim. Shunda nogoh ko‘z oldimga asov otdek yelishga shay turgan "O‘rol" keldi. Qayerga?

– Evril, – tuyqus o‘yimni bo‘ldi Oynur. – Men Sokolning so‘zini qanday eshitgan bo‘lsam, senga shunday aytdim. Ulkan odam unga yana nimalardir degan, u buni mendan sir tutdi. Bu, albatta, mening taxminim. Men shuni angladimki, Sokol ulkan odamning tagdor gapidan dovdirab qolgan. Shunga u:

Xavotirda.

Qo‘rquvda.

Sokol men bilan telefon simlarini uzib qo‘yib qo‘nishdi.

Mening fikrimcha, ulkan odam uni ataylab, masalan, quyidagi so‘zlar bilan qo‘rqitib qo‘ygan: "Sen betaraf bo‘lmasang, men seni himoya qilolmay qolaman".

– Mening fahmimcha esa, Oynur opa, ulkan odam ochiqdan-ochiq bundoq degan: "Sen yerliklarning tarafini olsang, men seni himoya qilolmay qolaman".

– Chinga shu yaqin.

– Bu gapning tagida ham gap bor.

– Qanday?

– Ulkan odam Sokolni ogohlantirish bilan birga himoya ham qilgan. Ya‘ni unga: "Qutulish yo‘li bitta: aralashma", degan.

– To‘g‘ri faraz. Yahudiy eli – ahil el: eng og‘ir damda ham bir-birini tashlab qo‘ymaydi. Biz bir-birimizni cho‘qilash, cho‘ktirish o‘rniga yahudiydan ibrat olsak bo‘lardi. Ba‘zan o‘zimni-o‘zim savolga tutaman: "Biz insonmizmi yo robotmizmi?"

Agar inson bo‘lsak, o‘z

G‘URUR,

OR-NOMUS,

O‘ZLIGimizni

saqlab yashashimiz kerak.

Misol:

Sakkizinchi asr.

Arab yurtimizni bosdi:

Yozuvimizni o‘zgartirdi.

E‘tiqodimizni o‘zgartirdi.

Tariximizni o‘zgartirdi.

Urf-odatimizni o‘zgartirdi.

Ismimizni o‘zgartirdi.

Sha‘nimizni bulg‘adi.

Bor-budimizni taladi.

Arabga ko‘nikib bordik.

Bu dahshatlar ichida eng dahshatli hol!

O‘zligimizga qarshi narsaga ko‘nikish – o‘zligimizni yemirish demakdir.

Nega zulmga qarshi bir butun bo‘lib kurashmadik?

Qo‘rqdik.

Ichki sotqinlar ham to‘g‘anoq bo‘ldi.

Yana misol:

O‘n to‘qqizinchi asr.

Yangi bosqinchi ham ayni (arab siyosatini) shuni takrorladi.

Ayni shuni.

Unga qo‘shimcha ravishda u millatimiz tomirini chopdi:

Millatimiz nomini (turkligimizni) o‘zgartirdi.

Bu ham dahshatlar ichida eng dahshatli hol.

Yana jimmiz.

Yana ichki sotqinlar quturgandan quturib boryapti.

Qachon g‘animga o‘z so‘zimizni aytamiz?!

Arab yo o‘ris ellariga mennig g‘ayirligim yo‘q.

Men din niqobiga o‘ralgan millatchilarni yomon ko‘raman.

Men internatsional qiyofasida yurgan shovinistlarni yomon ko‘raman.

Men judayam EHTIYoTKOR Oynurning munchalar ochilganini sira ko‘rmagandim. Bu jur‘atni qayerdan oldi u?

Tuhmat,

Haqsizlik,

Zo‘ravonlik

uni shu darajaga olib keldimi yo?

– Kon boshqoni menga ta‘til qog‘ozini KGBdan yashirincha hozirlaganini sezdim, Evril.

Mening o‘yim shamolda somon sovrilgandek sovrildi.

– Qanday, Oynur opa? – ajablandim men.

– Sokol: "Ilojini qilolsangiz, Oynur, yong‘indan tez uzoqlashing..." dedi.

– Sezgingiz aldagan, Oynur opa, bu gapdan shu xulosa chiqadi. Yana, adashmasam, unda: "Ehtiyot bo‘ling, kuzatuvdasiz", degan ishora ham bor.

– Xuddi shunday, Evril, – Oynur yana menga tikilib, o‘yga toldi. Aftidan, nimanidir rejalashtirayotgandek edi. Shu on qo‘qqis mana bu so‘z miyamga ignadek sanchildi:

"Qochish!

Yong‘indan qochish!

Balki... balki... – tilim aylanmay qoldi, – balki:

Qamoqdan qochishdir?

O‘limdan qochishdir?"

– KGB Bog‘donda o‘tkazgan ma‘rakamizga ham siyosiy tus bergan, – bir necha daqiqadan so‘ng Oynur chuvalayotgan o‘yimni to‘zg‘itib, gapini uladi. – Go‘yo men qonli to‘qnashuvga oldindan tayyorgarlik ko‘rganmishman. Ma‘rakaga qatnashganlarni ham elakdan o‘tkazarmish.

Bu yomon tuhmat, Evril.

Mislsiz yomon tuhmat!..

Men dahshatga tushdim. Oyog‘imning ostidan boshlangan titroq tizzamga o‘rladi. Badanimni muz ter bosdi.

– Bu... bu... ni ham kon... kon... bosh... bosh... lig‘i aytdimi, Oy-Oy-Oynur opa? – men o‘z ovozimni o‘zim tanimadim, ovozim uziq-yuluq, bo‘g‘iq, qaltirab chiqdi. Bu qo‘rquv "mahsuli" ekanini his etarkanman, o‘zimdan-o‘zim g‘ijindim. Oynurga dalda berish o‘rniga, uning "yara"siga tuz sepayapman. Jin ursin meni!

– Ha, – deya javob qaytardi u horg‘in, siniq, ammo mag‘rur ovozda. – Ha, aytganday, Itko‘z bilan Tegirmonchi ham izsiz yo‘qolganmish.

– Bu – yaxshi xabar.

U ma‘yus yerga qaradi. Uning yuz-ko‘zlarida bo‘rtib turgan qayg‘u, alam, nafrat husniga zarra putur yetkazmaganini tuydim. Bil‘aks, go‘zalligiga yana ham go‘zallik qo‘shayotgandek tuyuldi menga.

– Qo‘rqma, Evril, iniginam. Men taqdirimda borini ko‘raman, Tangri buyurganini ko‘raman, – u o‘zi sezmagan holda ko‘zlarini yumdi. Uning tiniq yoshlari o‘rtacha zich, o‘rtacha uzun kipriklaridan sizib o‘tib, siniqqan yuzlariga marvaridday yumalab oqdi.

Men unga ko‘mak berolmaganimdan, ko‘mak berishga iloj-imkonim yo‘qligidan o‘kindim. Shunda o‘zimga bog‘liq bo‘lmagan bir kuch (sirli kuchmi, bilmadim) ta‘sirida Tangriga yolvordim:

"Yaratgan Egam!

Oynur opamni o‘z panohingda asra!

Tuhmatdan asra!

Qamoqdan asra!

O‘limdan asra!

Ochunda ne yomonlik bo‘lsa, baridan asra!"

Oynur qo‘ng‘iroqgulli qo‘lro‘molchasi bilan ko‘z yoshlarini artdi. U mening iltijolarimni uqdimi yo o‘zichami, menga tubsiz mehr bilan boqdi. Mayin, guldan ham mayin jilmaydi. Shunda, go‘yo qora bulutlarni yorib oy chiqqandek bo‘ldi. Uning rangpar chehrasidagi ojizlik belgilari ham bulutlar misol chekindi. U mardona bir sasda shu so‘zlarni aytdi:

– Men har narsaga chidashim mumkin.

Men har narsani yengishim mumkin.

Men bo‘ron, dovul, to‘fonlarga bardosh berishim mumkin.

Lekin halokatga eltuvchi

Yolg‘onga,

Tuhmatga,

Adolatsizlikka

chidolmayman, ularni yengib o‘tolmayman, ularga bardosh berolmayman.

Qon, yiring, yolg‘on, tuhmat, haromlarga qotilgan bu tuzumdan hali hech kim qochib qutulmagan.

Bunga Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriylar misol.

Bunga million-million mustaqil fikrli kishilar misol.

Menimcha, hozir Oynurning tomirlarida ulug‘ bobosi Erxon botirning asov qoni uyg‘ondi va mislsiz haqsizlikka qarshi lavadek tug‘yon urdi. Shunga u ko‘nglining tub-tubida ko‘milib yotgan haqiqatni aytdi. To‘g‘rirog‘i, haqiqat o‘ziga bo‘ysunmagan holda yuragidan vulqon yanglig‘ otilib chiqdi. Mening sezgimcha, endi Oynur vahm chegarasidan o‘tdi.

Har qanday narsaning chegarasi bo‘lganidek, qo‘rquvning ham chegarasi bor. Odam shu chegaradan o‘tdimi, undagi qo‘rquv tuyg‘usi yo‘qoladi. Oynurda ham shu hol yuz berdi. Shu tufayli u yuragini yordi.

Meni yana titroq bosdi. Buni unga sezdirmaslik uchun:

– KGB ulkan odam izmidamasmi? – deb so‘radim.

– Izmida... Biroq Stalin KGBga cheksiz imtiyoz berib yuborgan. Uning millionlardan tuzilgan "armiya"sidan ulkan odamning o‘zi ham seskanadi, deb o‘ylayman. Ulkan odam ming ulkan bo‘lsa ham, yolg‘iz... Hatto Stalindek vahshiy diktatorning o‘zi ham: "Davlat to‘ntarishi qilmasin", deya yuragini hovuchlab yurgan. Shunga u KGB mas‘ullari orasiga odam qo‘ygan, odam ustiga odam qo‘ygan.

Xalq orasida mana bu gap bejiz tarqamagan: "Qiruv mashinasi..."

Oynur tag‘in o‘ylar o‘ramiga o‘raldi.

Ovozimizni yozib olmasligi uchun radioni sal balandlatib qo‘ygandik. Unda har kungidek SSSR va dunyo yangiliklarini, shu bilan birga, Angliyada ishsizlik, Amerikada irqchilik avj olayotgani haqida eski gaplarini saqichdek chaynadi. So‘ng, odatdagidek, million, balki milliard marta aytgan gapini takrorladi: "SSSRda barcha millat, elat teng, tinch-totuv, farovon yashayapti. Bu do‘stligimizni dunyoda hech kim va hech qanday Kuch buzolmaydi!.."

Endi uning soxta, safsataligini nafaqat SSSR ellari, balki dunyo xalqlari ham bilib qolgan ediki, bundan Oynurning ensasi qotdi. U istehzoli kuldi:

– Nechog‘lik yolg‘on! – dedi Oynur beqiyos nafrat bilan. – nechog‘lik jirkanch!

Bu so‘z ta‘sirida men "uh" tortdim va og‘ir xo‘rsindim.

O‘rtani yana sukunat qurshadi. Oynur o‘yladi, uzoq o‘yladi. Oxiri yorildi:

– Mening bu so‘zimni yodingda tut. Agar men... men... mabodo dunyodan o‘tgudek bo‘lsam... bir yorug‘ zamonlar kelsa, bu so‘zimni esla... bu so‘zimni amalga oshirish uchun kurash, elimiz bilan biga kurash. Bir butun Turkiston uchun kurash! Unutma, uni qulog‘ingga mahkam quyib ol, miyangga yashir. Bu, aslida, mening emas, onamning so‘zi: "Turkistonning bir tug‘ishgan tub ellari o‘z asliga – turkligiga qaytishlari, bir butun turk o‘laroq bir Turk bayrog‘i ostida yashashlari lozim. Shunda tarixiy haqiqat tiklanadi.

Agar, boshda buning iloji bo‘lmasa, to iloji bo‘lgunga qadar:

Iqtisodiy,

Harbiy,

Pul,

Tarix,

Adabiyot...

Birligi uchun kurashmoq kerak.

Asta-sekin BIR YoZUV va yaxlit MILLIY BIRLIKka erishish lozim. Uqdingmi, inim?

– Ha.

– Bu havodek zarur.

Endi radio GDRni ko‘kka ko‘tarmoqda, FRGni yerga urmoqda edi.

– Evril.

– Ha, – men Oynurning bunchalik ochilib ketganidan hali o‘zimga kelolmagan edim.

– Endi men sening yuqoridagi savoling tagiga yetdim, – Oynur o‘zi sezmagan holda o‘ng qo‘li bilan o‘ng qulog‘imning uchini ohista-ohista siladi. – Ha, to‘g‘ri, KGB ulkan odam izmida, ammo undan ham ulkan bir shaxs bor. KGB soxta hujjat bilan unga murojaat etsa, tamom... U o‘ylab-netib o‘tirmaydi, buyuradi:

"UBRAT!.."

Bunday holda Ulkan odam Sokolni himoya qilolmay qoladi.

Qolaversa, KGB boshlig‘i Ulkan odamdan ham, Ulkan shaxsdan ham so‘ramasligi, o‘zicha mustaqil ish ko‘rishi mumkin. Unga shunday kafolat berilgan. Inson taqdirini hal etish uchun uning bir so‘zi kifoya:

"OL!"

Sokol ketdi,

Oynur ketdi...

Yana...

Yana...

Yana...

Sanog‘iga yetib bo‘lmaydi...

Qamamaydi. Qamasa, gap ko‘payadi. Chet ellar ayyuhannos soladi: "SSSRning misi chiqdi..."

Haqiqat yer yuziga yoyiladi: "SSSRda barcha millat, elat teng, tinch-totuv, to‘kis yashayapti", degan soxta g‘oya qippakka chiqadi. Yaxshisi, imi-jimida... Kir o‘g‘ri-kazzoblarga to‘nkariladi.

Oynur qordan-da oqardi.

Nogoh mening ko‘nglimdan bunday fikr kechdi: "O‘zining so‘zi o‘ziga o‘q bo‘lib tegadi".

Shunda Oynurning so‘zi shilimshiq qurtdek miyamga yopishib oldi: "Kir o‘g‘ri-kazzoblarga to‘nkariladi..."

So‘ng bu so‘z zahar o‘laroq borlig‘imga yoyildi.

"Nahot shu darajaga borsa?!" deb so‘radim o‘zimdan-o‘zim.

"Tuzum o‘zini saqlab qolish uchun har qanday tubanlikdan qaytmaydi", deb javob qaytardi ichimda o‘zga bir "o‘zim".

"Sokol ketmaydi... – qulog‘imga shivirladi yana boshqa bir Evril, – Ulkan odam oldini olib qo‘ygan..."

Miyamni momaqaldiroqlaru chaqmoqlarga qotilgan bulutlar qurshadi. Shunda-vujud-vujudimni titrataroq bir ovoz nido qildi: "Oynur o‘t ichida!"

Qo‘rquvga to‘lgan bu ovozdan men quturgan it qopgan kimsadek talvasaga tushdim. Ovoz esa boshimdagi qora bulutlarni yoraroq u mash‘um so‘zni qaytardi: "Oynur o‘t ichida!"

Uni haydashga qancha tirishmay haydolmadim. U battar qattiq bong urardi: "Oynur o‘t ichida!"

– Evril, chuchvarani yeylik, so‘ng men ketaman.

– "Ketaman"... Qayerga? – miyamdagi bulut siyraklashdi.

– Chimkentga.

– Nega?.. Nimada?..

– O‘zingni qo‘lga ol, Evril.

– Xo‘p... Oynur opa... Xo‘p...

– "O‘rol"da... Lola ketgan yo‘ldan... Hamma tushlik qilayotgan paytda...

– Men ham Siz bilan...

– Yo‘q! – gapimni kesdi. – Aslo! Bu juda xavfli.

– O‘limga bo‘lsa ham Siz bilan birga ketaman!

U meni ahdimdan qaytarolmasligini sezsa ham, qaytarishga urindi:

– Sen ham bolasan... Tushun...

– Qiyomat qo‘psa ham...

– Bo‘ldi, Evril, – Oynur meni gapirishga qo‘ymadi, – Onamiz...

U bo‘shashdi.

Miyam tiniqlashdi. U bulutlar tarqadi. Vaqt ziq. Onamga ushbu so‘zni yozdim:

"Ona!

Mendan xotirjam bo‘ling.

O‘g‘lingiz".

– Evril, o‘tinaman, tag‘in bir marta o‘ylab ko‘rgin, – yolvordi Oynur. – Bu – qaltis! Juda ham qaltis! Sen... Sen... – uning ko‘zlari yoshga to‘ldi. – Sen... iniginam... zamonlar kechib, bu nohaqliklarni yozishingni istayman. Meni qiynama, Sen yoshsan, juda yoshsan hali... Men seni...

Agarchi u so‘zini davom ettirolmasa ham, men uni angladim: "Men sening uvolingga qolmayin, iniginam!"

– Oynur opa, men tirik ekanman, Sizni yolg‘iz yubormayman! – dedim o‘pkam to‘lib, – yuborolmayman! Meni tushuning opa, opajonim!

Men yig‘ladim. Hiq-hiq yig‘ladim.

– Bo‘ldi-bo‘ldi, tayyorlanaylik.

Oynur qahvarang sport formasini kiydi. Uzuk, bilakuzuk, sirg‘a va kiyim-kechaklarini bir enlik xat bilan Onamga qoldirdi:

"Ona, mendan Sizga xotira".

Xo‘rligim keldi.

Tag‘in yig‘ladim.

Oynur meni jerkidi:

– Muncha ko‘ngling bo‘sh, Evril? O‘g‘il bola degan toshdek qattiq bo‘ladi. O‘zingni tut! Hali kurashamiz!

Oynur o‘zining so‘zidan o‘zi ruhlandi:

Jilmaydi.

Mening ham ko‘nglim yorishdi.

Chuchvara yedik.

Bu damda radioda Rus-Olmon (GDR) do‘stligiga bag‘ishlangan klassik musiqaviy eshittiruv oxirlamoqda edi. O‘z o‘y, gap-so‘z, tashvishlar bilan bo‘lib Chaykovskiy, Glinka, Tarivberdiyev (Tangriberdiyev), Betxoven, Salerelarni o‘tkazib yuboribmiz.

Motsart simfoniyasi qalbimizni sehrlab, o‘ziga tortdi. Men musiqani tushunmaganimga, uning nomini bilmadim. Ammo u yuragimni o‘rtadi:

Mungli musiqa.

Kishini o‘zga bir olamga yetaklovchi o‘ta mungli musiqa.

– Uni odam bolasi yaratganiga ishongim kelmaydi, – dedi Oynur.

U ta‘sirlandi.

Juda qattiq ta‘sirlandi.

Va beqiyos hayajon ichra dedi:

– Bu ilohiy musiqa!

Bu "O‘lim simfoniyasi!.."

Birdan uning yuz-ko‘ziga qayg‘u-g‘am toshdi.

– Nega bu damda? – o‘zi-o‘ziga pichirladi Oynur, – nega ayni bu damda?

Tasodifmi?

Tasodif!

Tasodif!

Ming yilda bir uchraydigan tasodifmi?

55

Yo‘lga yegulik va bir ko‘za suv oldik. Oynur menga buyurdi:

– Evril, sen to sahrogacha rulda bo‘l.

– Mendek no‘noq haydovchiga ishonasizmi, Oynur opa?

– Ha, – u "O‘rol" qutisiga bekindi. – Vaziyat shuni taqozo etadi. Hayda!

– KGB laychalari obed ham qilmay, bizni pana-pastqamlarda poylayotgan bo‘lishlari ham mumkin, Oynur opa.

Oynur KGBni chalg‘itish uchun mana bu fikrni aytdi:

– Qozoqovulga hayda! O‘ta ziyraklik bilan... Sekin...

Men Uchqulochdan ikki chaqirimcha narida: Sharqu G‘arb tomonda joylashgan Qozoqovulga haydadim.

Chag‘ir toshli yo‘l.

Kimsasiz.

Kun yonmoqda.

Oynurga achindim:

"Sho‘rlik opaginam!

Terga, changga botib, g‘ujanak bo‘lib yotibdi.

Zo‘rg‘a nafas olayapti.

Ne kunlarga qoldi-ya!"

Bir necha daqiqada Qozoqovulga yetdik. Bu yerda zamon ham, makon ham to‘xtab qolgan. U ming yil o‘nja qanday bo‘lsa, shunday turibdi. O‘sish, o‘zgarish uni chetlab o‘tgan.

Elektr nuri, suv quvuri, gaz yo‘q.

Bir tup og‘och, bir tup ko‘kat yo‘q.

Butun boshli ovul bir quduqdan tuya ko‘magida meshda suv tortib ichadi.

Tezak yoqadi.

Pala-partish qurilgan yerto‘lasimon boshpanalar, chirik o‘tovlar aro bir ko‘cha, devor, to‘siq (reshotka) yo‘q. Hammayoq ochiq-sochiq, qarovsiz, fayzsiz, ivirsigan. Bu hol odam ko‘nglida noxushlik ham mung uyg‘otadi.

Shuning ta‘sirimi, jonimizni hovuchlab qochayotganimizga qaramay, miyamga bir fikr keldi: "Ovro‘pa, Amerikada ilm-fan gullab-yashnayotganda, bu yerda tosh asr..."

– Izimizda hech kim yo‘qmi, Evril? – bo‘g‘ilgan, bo‘g‘riqqan, biroz asabiy ovozda so‘radi Oynur.

Men yaqin-yiroqni, butun atrofni sinchiklab ko‘zdan kechirdim. Bir tirik jon ko‘rinmaydi. Jaziramadan itlar ham ohak ko‘rmagan ibtidoiy kulbalarning kalta-kulta ko‘lankalarida tillarini osiltirgan, halloslagan va hatto hurishga ham majolsiz holda sulayib yotibdilar. Buni Oynurga aytdim.

– Sahroga hayda! – buyurdi u. – Tez hayda. Qozoqiston yeriga o‘tib olsak, marra bizniki.

Lolani kuzatgan yerimizga: qip-qizarib yonayotgan sahroga eson-omon yetib keldik. Oynur halloslab "quti"dan chiqdi. Ust-boshi ho‘l, chang, yuzidan qora ter oqmoqda. Ko‘zani ko‘tarib suv ichdi. Men ham ichdim.

So‘ng Oynur jon-jahdi bilan "O‘rol"ni Chordara sari haydadi. U xuddi tirik narsaday bo‘g‘iq chinqirib, qumtepalar aro uchdi. Oynur tolg‘in ovozda mendan so‘radi:

– Evril, sen tush ta‘birini bilasanmi?

– Yo‘q, Oynur opa.

– E afsus... Men tongotarda tush ko‘ribman. "O‘rol"da shu Qizilqum oralab qochayapman. KGB quvayapti. Yetay deganda, Tangriga yolvoribman:

"Yaratgan Egam!

Menga ko‘mak ber, meni bu balodan qutqar!"

Shunda, Tangri qudrati bilan "O‘rol" uchoqqa aylanibdi.

Men tubsiz osmonga uchib ketibman...

– Har qalay qutulibsiz, Oynur opa, bu yaxshi-da.

– Tilingga bol, iniginam! Demak, bu seningcha, yaxshi tush-da?

– Shunday, Oynur opa.

So‘ligan gul sug‘orilsa, yashnaydi.

Mening so‘zimdan Oynur shu chechak misol yashnadi.

– Qachon bo‘lmasin, bir boshga bir o‘lim bor, Evril. Lekin... lekin bir ish qilmay o‘lish og‘ir, yosh o‘lish og‘ir! Uydan chiqqanimizdan beri, nimaga, bilmayman, Evril, Lassalning mana bu so‘zi boshimda o‘qtin-o‘qtin aylanayapti: "Gullab turgan chog‘ingda, bitmas quvvat, yengilmas kuchga to‘lib-toshganingda halok bo‘lish qo‘rqinchli".

– Tuhmatdan o‘lish yana ham og‘ir, Oynur opa.

– Ishqilib, Xudo bizni bunlay o‘limdan asrasin! – uning go‘zal yelkalari titradi.

– Tangri xohlasa, Oynur opa, qozoq yeriga sog‘-salomat yetib olamiz.

Agarchi men bu gapni Oynurning ko‘ngli uchun aytmasam ham, o‘zim bunga ishonmayotganday edim. Nega? Sababini bilmayman. Menimcha, ochunda eng yomon narsa odamning o‘ziga-o‘zi inonmasligi.

Ayrim onlarda inson sezgisi aqldan ham ustun keladi. Biroq shunday damlar ham bo‘ladiki, kishi o‘z sezgisiga bir ishonib, bir ishonmay ham qoladi. Hozir men shunday bir holatda, anig‘i, mavhum bir holatda edim.

– Ammo, Evril, motor pand beradiganga o‘xshaydi, – xayolimni bo‘ldi Oynur, – qiziyapti.

– Yo‘l toza... Sovutib olaylik.

– Bunga kamida yigirma daqiqa vaqt ketadi, – kuyundi Oynur.

– Boshqa ilojimiz ham yo‘q-da, Oynur opa.

– Eh!!! – asabiylashdi u. – Omadim qaytgan ko‘rinadi. Bir yo‘lovchi mashina ham uchramayapti. Chimkentgacha oltin so‘rasa ham berardim.

– Sabrli bo‘laylik, Oynur opa.

Mening gapim uning g‘ashiga tegdi. U qovog‘ini uydi. Gazni bosdi. Biroq uzoq yurolmadik. "O‘rol" tutab ketdi. Noiloj to‘xtadik. Oynur mototsikldan zardali bir alpozda tushdi. Men ham "quti"dan qalqdim.

Ikkovimiz ham qora ter va changga botgandik. U terdan jiqqa ho‘l va kir bo‘lgan sochig‘i bilan yuzi, bo‘yni, bilaklarini artdi. So‘ng qaqshagan asabi aqliga bo‘ysunmay qoldi, shekilli, birdan jazavaga tushdi, telbaday baqirib, yer mushtlab qarg‘adi:

– Yer yutsin tuzumni!

Yer yutsin KGBni!

Men Oynurni hali bu darajada qahrli, ayanchli, ojiz holda ko‘rmagandim. Shu sababli unga tasalli berishga ham botinmadim. U ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Bundan mening yurak-bag‘rim qon bo‘ldi. Borlig‘imni zo‘r xavotir qurshadi. Vahm vasvasasida shoshib izimizga qaradim. Olis-olislarda ham chang-to‘zon ko‘rinmaydi. Yo‘l, tegra, Sahro

Tinch,

Sokit.

Borliq hovur changalida,

Borliq yonayotir.

"Tangriga shukr! – dedim ichimda, – sezmabdi. Sezganda allaqachon yetib olardi. Ularning mototsikllariga alohida, kuchaytirilgan motorlar o‘rnatilgan. Mashinalariga ham. Shunday deb eshitganman".

Oradan qancha vaqt kechdi, bilmadim. Oynur yuragini bo‘shatib oldi. Motor ham sovuganday edi. Yo‘lda davom etdik. Men unga o‘yimni aytdim.

– Ishongim kelmaydi, – dedi u "O‘rol"ni qizib ketishidan qo‘rqqanicha o‘rtacha tezlikda haydarkan, – ko‘nglim g‘ash, chidab bo‘lmas darajada g‘ash.

– Menimcha, Oynur opa, Siz o‘zingizga-o‘zingiz ishonmayapsiz. O‘rislar buni "samo vnusheniye", deydimi? KGB sahrodan ketganimizni sezmagan.

– Iloho, sen aytganday bo‘lsin, inim.

– Chordaraga yaqinlashayapmiz-a, Oynur opa?

– "Ilich" sovxoziga degin. Undan u yog‘i bir qadam.

– U ko‘rinmayaptik-ku.

– Chuqurlikda, barxanlar orasida.

– Iloji bo‘lsa, uni chetlab o‘taylik.

– Nimaga?

– Har ehtimolga qarshi.

– KGB tuzoq qo‘ygan deb o‘ylaysanmi?

– Ehtiyot bo‘lganimiz ma‘qul.

– To‘g‘ri, lekin chetlab o‘tolmaymiz, qumga botib qolamiz. Benzin o‘lgur ham tugayapti. Boya sovutganimizda quyib olmabmiz-da. "Shoshganda labbay topilmaydi", deb bejiz aytishmaskan.

– Hozir ham kechmas, Oynur opa.

– Har lahza g‘animat, Evril.

– Ammo ilojsizmiz.

U zarda bilan "O‘rol"ni silatb to‘xtatdi. Men benzin bakka oshig‘ich benzin quydim.

– Yurak o‘ynoqiligim qolmayapti, Evril, – Oynur "O‘rol"ni katta tezlikda haydadi.

– O‘zimizni idora etolsak, Oynur opa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Ana, "Ilich" ham ko‘rindi.

– Agar motor qizimaganda, hozir Chordarada, otamning O‘rolboy degan tanishinikida o‘tirgan bo‘lardik. Ming la‘nat! Taqdir mendan yuz o‘girmayaptimikan, Evril?

– Sizga shunday tuyulayapti, Oynur opa. Qattiq o‘y, tashvish, iztirob odamni yo‘ldan ozdiradi, hatto vasvasaga solib qo‘yadi. Siz menga: "Har qanday vaziyatda ham o‘zingni boshqara bil", deb o‘git qilgansiz-ku, Oynur opa.

– Bo‘ldi, bas! – qichqirdi Oynur. – Har narsani yuzimga solaverma!

– Meni kechiring, Oynur opa, – uning holatini tushundim.

"Ilich"ni shamolday tez va gap-so‘zsiz bosib o‘tdik. Ancha yurganimizdan so‘ng Chordara ko‘rindi. Oynur yengil "Uf!" tortdi.

– Ko‘nglingni og‘ritganimga meni kechir, iniginam, – deya mehr bilan sochlarimni to‘zg‘itdi. – Men jinni bo‘lib qolayapman. Ichimga hech narsa sig‘mayapti.

– Men Sizdan xafa bo‘lmadim, Oynur opa. Sizni tushunaman. Sizning o‘rningizda metin irodali odam bo‘lganda ham...

– Odamni uyaltirma, – Oynur meni gapirtirmadi.

Men, negadir shu choq unga: "Siz men uchun aziz insonsiz!" deyishni istadim. Lekin andisha qildim. Balki ichki g‘ururim yo‘l qo‘ymagandir. Qaydam.

– Ko‘z oldimga dam ota-onam, dam Lola, dam Bog‘don kechalari kelayapti. Hozir Lola bilan Bek bizni kutib o‘tirishgandir? Men Lolani qanchalar yaxshi ko‘raman, bilasanmi, Evril?

– Bilaman, Oynur opa, bilaman.

– Motor yana qiziyapti, Evril.

– To‘xtataylik.

– Bir chaqirimcha qolganda-ya! – Oynurning yorisha boshlagan yuzi tag‘in tundlashdi. – Ishqilib, bir falokat yuz bermasa, go‘rgaydi, Evril.

– Yetib keldik-ku, Oynur opa.

– Soviguncha yarim soat kechadi, – u "O‘rol"ni yo‘l chetiga to‘xtatdi, – yayov ketamiz!

– Mayli, Oynur opa.

"O‘rol"dan tez tushdik. Chordara sari chopdik. Gap-so‘z bilan bo‘lib, ortimizga ham qaramabmiz. Oynur kutilmaganda "Ilich" yoqqa o‘girilarkan, ajdarhoni ko‘rgan kasdek chinqirib yubordi. Va qumga qoqilib yiqildi.

Men vahshat ichra ortimga qaradim: yashin tezligida bizga yaqinlashayotgan ikki to‘zonni ko‘rdim. Yuragim orqamga tortib ketdi.

Men qalt-qalt qaltiraroq Oynurni turg‘azdim. Bekinishga bir pana yer yo‘q. Hammayoq qum, adoqsiz sahro: qontus Qizilqum. Faqat oldinga yugurish mumkin. Oldinda suvsiz soy – keng, quruq o‘zan, tepalikda Chordara.

Jon-jahdimiz bilan chopdik. Biroq, ne ko‘rgulikki, ikki to‘zon ichra ikki qutili mototsikl ko‘rindi. Shunda, shunday holatda Oynurning g‘ussali so‘zi qalbimni parchalab o‘tdi: "Taqdir mendan yuz o‘girdi, inim!"

Oynurning yuzlari quv o‘chgan, lekin ko‘zlari tuzoqqa tushgan arslonning ko‘zlaridek beqiyos nafrat bilan yonardi. Tavba! Endi bu o‘tli nigohlarga qo‘rquv, ikkilanish yot edi. Bil‘aks, u yovuz yov bilan yuzma-yuz olishish istagida porlardi. Shunga men ham ruhlandim. Biroq bizda hatto pichoq ham yo‘q. Qanday olishamiz?

"Agar menda to‘pponcha bo‘lganda, – deb o‘yladim o‘zimcha, – hech ikkilanmay iskovichlarni otib tashlardim. O‘zim o‘lsam ham, Oynurni qutqazib qolardim. Attang, yo‘q!"

O‘z o‘yimiz o‘ramida qadimiy o‘zanga chopib endik. Chordaraga uch yuz qadamcha qoldi. O‘zandan u ko‘rinmaydi. Yuksakda.

Uch yuz qadam!..

Bizga u go‘yo uch ming chaqirimdek, hatto undan-da uzoqdek tuyuladi. Qancha tez yugurmaylik, "maxsus mototsikllar" bizni quvib o‘tdi va yo‘limizni to‘sdi. Ulardan boshdan-oyoq qora kiyingan, qora niqobli uch kas tapir-tupir tushdi. Uchovining ham qo‘lida to‘pponcha. Men ularning Dima, Pasha, Galya ekanliklariga shubha qilmadim. Bu ifodani Oynurning ko‘zida ham ko‘rdim. Agarchi bizda qurol bo‘lmasa ham, biz bir siqim-bir siqim qum bilan kurashga shay turdik.

Zumda iskovichlar bizni o‘rab olishdi. Xatta-harakatidan Galyaga o‘xshashi Oynurga yuzma-yuz bordi. Shu on Oynur kutilmagan tezlikda unga qum sochdi. U jonholatda ko‘zlarini changalladi. Maxsus tayyorgarlikdan o‘tganiga qaramay, chinqirib yubordi:

– Gadina!..

Men vaqtni boy bermay, to‘pponchani olish uchun unga tashlandim. Biroq uzunlardan biri bunga imkon bermadi. Mening oyog‘imga tepdi. Men yuztuban yiqildim. Qalqayotganimda Oynur Galyadan to‘pponchani yulib oldi. Ammo otishga ulgurmadi. Ikkinchi uzun, aftidan Dima uning boshiga qo‘ndoq bilan urdi. U chopilgan niholdek chayqalib quladi. Men: "Oynur opa!!!" deya chinqirib, unga ko‘makka otildim. Lekin Pasha mening jag‘imga musht tushirdi va ko‘kragimga tepdi. Men to‘rt-besh qadam nariga uchib ketdim. U bunga ham qanoat etmay, ensamga tepdi.

Men o‘zimga kelganimda, qonrang quyosh olis barxanlar ortiga cho‘kkan, ufqda qon dengizi vujudga kelgan edi. Gandiraklab turdim. Oynur yo‘q. Kimdir qulog‘imga shivirladi:

– Oynurni qonga bo‘yab olib ketishdi.

– Kim, kimlar?

– KGB.

– Qayoqqa?

– Borsa-kelmasga...

Birdan sergak tortdim. Tegraga boqdim. Bir kas yo‘q. Men qo‘rqib o‘zimni-o‘zim savolga tutdim:

– Kim bilan gaplashdim?

– Men bilan, – dedi o‘sha "Kimdir".

– Sen kimsan?

– Men senman.

Men dahshatga tushdim:

–Aqldan ozdim!!!

O‘zimga-o‘zim ishonmay, sochimni changallab tortdim. Og‘ridi, ko‘zimdan yosh chiqdi. Tuydim.

– Esing joyida, – yana shivirladi o‘sha kas.

– Sen qayerdasan?

– Ichingdaman...

Saroblar tovlanayotgan sahro, shoxlari sinib, qurib yotgan saksovulzor ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi. Tush chog‘i edi. Gapdan gap chiqib, men Oynurdan so‘radim:

– Oynur opa, ayrim damlarda odam o‘zi bilan o‘zi...

– Sen buni menga tegintirib aytayapsanmi, Evril? –u gapimni bo‘ldi. – Bunday hol har kimda ham bo‘lishi mumkin. Kishi nohaq bosim ostida qolganda, qattiq iztirob chekkanda, falokatga yo‘liqqanda... delilik holatiga tushadi. O‘zi bilan o‘zi gaplashadi, o‘zini-o‘zi ezadi, ovutadi, o‘zidan-o‘zi g‘azablanadi, "oh" chekadi... Chunki odamning ichida ham "Odam" bor. Masalan, mening ichimda ham "Oynur"lar bor, sening ichingda ham "Evril"lar bor...

Men o‘zimni qo‘lga oldim. Shunda, oniy tezlikda bo‘lib o‘tgan fojia butun vahshati bilan ko‘z oldimda jonlandi:

Uch dajjol,

Qonga qorilgan,

Hushidan ayrilgan

Oynur.

Ana, uni "O‘rol" qutisiga tiqishdi.

Ana, ochunni chang-to‘zonga bulg‘ab qochishdi.

Qayerga?

Borsa-kelmasga...

Opajonim!

Mening aziz opajonim!

Ne kunlarga qoldingiz?

Ne yozug‘ingiz uchun?

O‘ksib yig‘ladim...

56

Ellik sakkiz yil kechdi.

Hamon u savolni o‘zimga beraman:

– Ne yozug‘i uchun?

Hamon pinhon yig‘layman...

2012 yil,

Chirchiq.

Tuganma

"Yurtni munofiq buzadi.

O‘z so‘zida turmagan o‘sha"...

Zardusht.

Qorong‘i tushayotganda botqoqda borayotgan kishi kabi oyog‘imni zo‘rg‘a-zo‘rg‘a ko‘tarib bosib, "O‘rol"ni qoldirgan yerimizga yurdim. Ko‘kragim, jag‘u ensam og‘riyapti. Biroq bu og‘riq borlig‘imni qurshab olgan g‘amu alam oldida holva...

Shoshganimizda "O‘rol" qutisida Oynurning timsoh terisidan tikilgan sumkachasi esimizdan chiqib qolibdi. Xayriyat, u joyida turibdi. Pasport va pul ham. Xo‘rligim keldi. Yig‘ladim. O‘zimni bosib olganimdan keyin motorni yoqdim.

Tun quyuqlashayotganda Chordaraga kirib bordim. O‘rolboy og‘aning uyini surishtirib topdim. Unga o‘zimni tanishtirdim va so‘ng boshimizdan ne kechganini aytdim.

– O‘ybayov-o‘ybayov! – uning to‘kis yashashidan dalolat beruvchi rang-quti o‘chdi, yalpoq yuzi, qiyiq ko‘ziga g‘am-tashvish yoyildi. U xotiniga: "Qo‘noqni siyla", dedi va o‘zi shoshilinch tarzda Toshkentga, Oynurlarning uyiga borish uchun qaymoqqa moyil tusdagi "Pobeda"siga o‘tirdi. Men unga Oynurning omonati[35]ni berdim. U jo‘nab ketdi.

O‘rolboy og‘a ellik yoshlar chamasidagi, alp qomatli, salobatli, o‘tkir nigohli kishi edi. Xotinining qiyofasi ham esda qolar darajada ko‘rkam, qaddi xushbichim, so‘zi o‘ktam edi.

Men tongda "Chordara – Chimkent" avtobusiga chiqdim va tushga qolmay qadim bobo yurtim Chimkentga, Bodom daryosining so‘l qirg‘og‘idagi "Guliston" mahallasiga yetdim. Lola va Bek meni hoqondek kutib olishdi. Mudhish kechinmani yashirmadim. Lola yong‘inda qolgan kimsa misol qorayib ketdi. Bek ham.

– Oynur KGB zindonida, – dedi Lola bir necha ondan keyin o‘ta mungli va tushkun ohangda.

Biroq men uning ovozidan to‘la ishonchni tuymadim.

Keyinroq bildim: Oynurning kuyib, kul bo‘layotgan ota-onasi ham qizlarini "qamoqda" deb o‘ylaganlar. Shunga qayta-qayta Toshkent KGBsiga murojaat etganlar. Bir darak topishmagach, Moskvaga uchganlar.

Biroq...

Men Chimkentga borganimdan bir kun o‘tgach, ko‘ngliga qil ham sig‘mayotgan Lola bizga bir taxlam uch so‘mlik berdi. O‘zi shoshilinch Leningradga uchdi.

Bek bilan men Chordaraga qaytdik.

Lola Lev Gumilevdan ko‘mak o‘tinadi. U va uning obro‘li tanishlari Oynurni izlaydilar.

Biroq...

Biz (Bek, men) "O‘rol"da Qizilqum sahrosini ostin-ustin qildik. Oynurdan darak topmadik. Faqat bir mish-mish undan ayro. Uning tafsiloti shunday:

Bir cho‘pon tunda qo‘y boqib yurganda, barxanlar orasida ulkan o‘t ko‘rganmish. U lovullab yonganmish. So‘ng mototsikllarning ovozlari bilan chiroqlari tunni buzganmish...

Biz u cho‘ponni tirik topmadik. "Lochin" ovuli oqsoqoli Kengashboy bizga dedi:

– Yengishni jin chalib ketibdi.

– Shunga ishonasizmi?

– Bu azaldan bor narsa. Yengishning ko‘ziga gulxan, gulxan atrofida jinlar ko‘ringan. Udum bo‘yicha, u buni ichida saqlashi kerak edi.

Lekin...

Ajalda...

Oynur haqida Toshkent og‘iz ochmadi. Moskva ham. Faqat "Forish kommunasi" tuman gazetasida ushbu so‘z bosildi: "Oynur otli geolog qizni banditlar o‘g‘irlab ketishdi".

Ellik sakkiz yil kechdi.

Hamon Oynurdan darak yo‘q.

Uning ota-onasi dunyodan o‘tdi.

Lola Turkiyaga singib ketdi...

Endi Stalin yo‘q.

O‘ttiz bir yil inson qonini ichgan, o‘ttiz bir yil Oqni "Qora" deb yolg‘on siyosat yuritgan, buzg‘unchi Stalin yo‘q.

Endi (asar boshida qayd etganim) soxta "bashorat" ham munofiqning o‘zi bilan birga go‘rga kirgan.

Endi ochunni bulg‘agan SSSR yo‘q.

Kompartiyaga Tangriday sig‘ingan qorin bandalari "Qani?" dersiz?

Bari bir o‘laroq "Xudo"...larini yedi.

Bari bir o‘laroq partbiletlarini o‘tga tashladi[36].

Bari bir o‘laroq mustaqillik niqobini kiydi.

Qandoq munofiqlik?!

Qandoq olchoqlik?!

Qandoq sharmandalik?!

Endi uli[37]qon, yolg‘on, zulmga qurilgan, Oynur kabi tumonat-tumonat kishilarni o‘ldirgan davlatning yovuz quroli KGB ham yo‘q.

Onam haq bo‘lib chiqdi:

Ovro‘pa bilan Amerika kundan-kun yuksalmoqda.

Ochun ularga ergashmoqda.

Olis bir zamonlar Oynur menga: "Kechmishimizni bo‘yamay yozishingni istayman, Evril", degan edi.

Men Oynurining hayoti qandoq kechgan bo‘lsa, uni shundoq yozdim.

Tangri uning ruhini shod aylasin!

Omin!

2012 yil, Chirchiq.

Izohlar:

[1]To‘sma – parda.

[2]O‘g‘irtosh – Hech kim bilmas qaysi bir zamonlarda osmondan qabriston adog‘iga tushgan (meteor) bu haybatli toshning usti va yonlarida o‘g‘irlar, o‘g‘irchalar bor. Bolalik onlarimizda odamlar bularda makkajo‘xori, bug‘doy, olmaqoqi, tutqoqilar yanchardilar. Men Bog‘donga borgan paytlarimda bu qora toshni ziyorat qilaman.

[3]Yong‘oq – bu ulkan yong‘oq o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida ham ko‘zlarni quvontirib turardi. Har yili oltmish-etmish qop yong‘oq berardi. Abduraim qassob (amaki bobom) uning ostida tuya, ot, ho‘kiz, qo‘y, echkilar so‘yardi. Onamning aytishicha, uni Ahmat Oqsaqolning bobosining bobosi Arslon bobom ekkan.

[4]Budun – el.

[5]Xonbandi – Ming yil avval ikki tog‘ oralig‘i to‘silib qurilgan ulug‘ inshoot – suv ombori.

[6]Soxta – otasining tayini yo‘q, o‘ynashdan bo‘lgan ma‘nosida.

[7]Avesto – zardushtlik dinining ilohiy kitobi (Katta Avesto, Kichik Avesto).

[8]O‘rxun – O‘rxundaryo.

[9]Ena – Enasoy (Enisey).

[10]Chin devori – Xitoy devori. Buyuk Xun bosqiniga qarshi qurilgan devor.

[11]Bo‘z bo‘ri – bo‘zqurd – ikki turk bolasini emizib o‘stirgan bo‘ri rivoyati.

[12]Tumanbaliq – Buyuk Xun Imperiyasi boshkenti.

[13]Tangriqum – Buyuk sahro.

[14]Erqut (Irkut) – Er – inson, qut – baxt.

[15]Qashg‘ar – Sharqiy Turkiston ramzi.

[16]Tin – Don daryosi.

[17]Edil – Volga daryosi.

[18]Axsi – mesxeti turklari yurti.

[19]Beshtov – (Pyatigorsk) – Qorachoy turklari tog‘i.

[20]An – qo‘shiq (eski turkcha).

[21]Slav – slavyan.

[22]Turk eli o‘z tarixida eng ko‘p Markazlashgan Davlat – Imperiya qurgan buyuk millat. Buni butun dunyo tan olgan. Turkiyannig ko‘p eski shahari bo‘lmish Koniyada, Saljuq universiteti binosi qarshisida 18 ta buyuk imperatorga byust o‘rnatilgan.

[23]Ilonchi – Bo‘g‘ombirqoya ostiga, Ilonchisoy bo‘yiga joylashgan qishloq. U ham Bog‘don tarkibiga kiradi. Osmonsoy, Yomchi, O‘rtaqishloq ham. Umuman, Qortosh qishlog‘idan to Birlashgan (Safarota) qishlog‘igacha bo‘lgan yerlardagi qishloqlar Bog‘donliklardir. Bular Qaramon urug‘idan.

[24]Reketchik – yo‘lto‘sar.

[25]Yozilma – tualet (hojatxona).

[26]O‘tirish – Zamon nozikligi uchun Oynur har ehtimolga qarshi "Xudoyi"ni "O‘tirish" deb atadi.

[27]Oqilbek usta –

[28]Toqqa taqalgan do‘kon – orqa tomoni devorsiz (devor o‘rnida tog‘) bu do‘kon hozir ham turibdi.

[29]Elliginchi yillarda Forish tumani ham, Uchquloch oltin koni ham Samarqand viloyatiga qarardi.

[30]Orol –

[31]Habib Abdullaning ikkita ishongan shogirdi. Biri Oynur bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan. Uning oti esimda yo‘q.

[32]Uzun yillar kechib, Habib Abdullaning so‘zi o‘z isbotini topdi: Orol dengizi quridi, Qizilqumni suv bosdi, Minglab ovullar suv ostida qoldi, million-million qo‘y-tuyalar o‘tloqsiz qoldi.

[33]Uchquloch ota – Quduqdan xiyla yuqorida, tog‘da Uchquloch ota qabri bor. Aytishlaricha, u Uchquloch qudug‘ini ochgan ekan.

[34]Kommunistik tuzum 165 million kishining umriga zavol bo‘lgan. Bu – statistik ma‘lumot.

[35]Omonat – Oynurning sumkachasi, pasporti, puli ko‘zda tutiladi.

[36]O‘zbekiston Kompartiyasining 750 ming a‘zosi bir kunda o‘z partiyasidan voz kechdi.

[37]Uli – fundament.