O‘zbekistonda radioto‘lqinlar bo‘yicha kengash ish boshlagan

28 oktyabr kuni O‘zbekiston prezidentining radiochastotalardan foydalanishni takomillashtirish maqsadi ko‘zlangani aytilgan qarori kuchga kirgan.

Shu paytgacha O‘zbekistonda radiochastotalar bo‘yicha komissiya faoliyat yuritgan, endi bu komissiya o‘rniga kengash tuzishga qaror qilingan.

Ushbu kengash, qaysi telekanal qaysi chastotada o‘z ko‘rsatuvlarini namoyish etadi, qaysi radiostantsiya qisqa, o‘rta yoki FM radioto‘lqinidan foydalanadi, mamlakatdagi mobil aloqa shirkatlariga qaysi chastota beriladi, harbiylar, favqulodda vaziyatlar vazirligi, sog‘likni saqlash va boshqa radiochastotalarga ehtiyoji bor xizmatlarga joy beriladi, qarorlar qabul qiladi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar qilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov radiochastotalar bo‘yicha kengash tashkil qilish qarorini 22 oktyabr kuni imzolagan.

Bu kengashga radiochastotalarga bag‘ishlangan qonunchilikni nazorat qilish va ushbu sohadan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish vazifalari ham yuklatilgan.

Ushbu qaror imzolanishidan bir kun oldin Toshkentdagi to‘rtta telekanal faoliyati to‘xtatilgan edi.

Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli deb ishoniladigan TV Markaz, Forum TV, NTT va Rossiyaning STS Mediasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan "SoftS" telekanallari hech qanday ogohlantirishsiz ko‘rsatuv namoyish qilmay qo‘ydi.

Oradan ikki kun o‘tib esa Zamin FM, A’lo FM va Terra FM radiokanallari efiri to‘satdan uzilgan.

Bir oy oldin esa yangi radiochastotalar kengashi hal qilishi talab etiladigan yana bir hodisa yuz bergan.

O‘zbekiston hukumati o‘zi Qirg‘izistonning foydalanishiga ruxsat berib qo‘ygan Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi O‘ngortepa ustiga o‘rnatilgan tele va radioantennalardan norozilik bildirgan.

Asosan Qirg‘iziston hududiga radio-televizion va mobil aloqa to‘lqinlari tarqatadigan O‘ngortepadagi retranslyator markazini O‘zbek chegarachilari tekshirganlar.

O‘zbek tomoniga ko‘ra, Qirg‘iziston o‘zboshimchalik bilan ikki mamlakat o‘rtasida kelishilmagan antennalarni o‘rnatgan va bu antennalar eshittirishlari O‘zbekiston hududiga ham tarqalgan.

Ushbu masala Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumatlararo komissiyalari o‘rtasidagi muzokaralarga yetaklagan.