Gulnora Karimova O‘zbekiston davlat telekanallarini tanqid qildi

Gulnora Karimova Twitterdagi sahifasida followerlari StyleUz marosimining zo‘r o‘tgani haqidagi maqtovlar bilan birga unga qarashli to‘rt kanalning qachon ochilishi haqidagi savollariga bir qadar javob qaytargan.

Shuningdek, Gulnora Karimova O‘zbekiston davlat telekanallarini tanqid qilgan.

"Madaniyat va Marifat"da umuman Sovet Ittifoqidagi xursandchilik hukmron.., - deb yozadi u.

Toshkent kanalida namoyish etilgan kadrlarni yelimdan yasalganga qiyoslaydi. Abdulla Qodiriyga bunday tarix tushiga ham kirmagan bo‘lsa kerak, deydi.

"O‘zbekiston kanalini yoqqanimda studiyada itlarni saqlash haqida suhbat ketayotgan edi... Mavzuni gapirmasa ham bo‘ladi, studiyada kim s‘yomka qilyapti? Qimmat kranlar bilan".

Keyingi tanqidi "Dunyo"kanaliga qaratiladi: Yana bir kulguli holat, deb yozadi Karimova xonim. - Dunyo davlat telekanalida soat ham geografik jihatdan yolg‘on gapiradi... Parijda 3.00, Dunyoda esa 4.00, Londonda 2.00, kanalda esa 3.00."

RomanPustabaevning "Tomosha qilish mumkin bo‘lgan mahalliy telekanallar TVM, SofTS i FORUM TV edi, ular qachon efirga qaytadi?" - degan savoliga, Gulnora Karimova unga qarata "Siz nima deb o‘ylaysiz?", - degan so‘rovni beradi.

Bir necha yildan buyon Gulnora Karimovaning tadbirlarini keng yoritib kelgan davlatga qarashli ommaviy axborot vositalarida yaqinda bo‘lib o‘tgan madaniy tadbirlar yoritilmagan.

Shou biznes yangiliklarini yoritib boradigan internet nashrlarida ham Gulnora Karimovaning ishtirokini oldingi yillar kabi ko‘klarga ko‘tarish biroz kamaygani kuzatiladi.

Shuningdek, Sayyod.uz saytida Gulnora Karimovaning tadbiriga Lara Fabianning kelmagani, Gulnoraing cho‘ntagidagi pullarni sanaguncha uning xalqqa madaniyatli bo‘lishni o‘rgatayotganini qo‘llab-quvvatlash kerakligi haqidagi maqolasi oradan biroz vaqt o‘tgach olib tashlangan.

Shov-shuv.uz saytida esa 25 oktyabrdan buyon "Gulnora Karimova singlisining BBCga bergan intervyusiga mardona javobi" haqidagi xabarida sarlavhadan boshqa hech narsa yo‘q.

BBCning Gulnora Karimova tadbirlari qanday o‘tgani haqidagi so‘roviga ham yuqoridagi internet nashrlari muharrirlari javob berishni xohlashmadi.