"Hasharchilar ketishi bilan gaz ham, chiroq ham o‘chdi"

Paxtazorlarni to‘ldirgan hasharchilar ketishi bilan gaz va chiroqda uzilishlar boshlangan
Image caption Paxtazorlarni to‘ldirgan hasharchilar ketishi bilan gaz va chiroqda uzilishlar boshlangan

Mintaqaga sovuq havo kirib kelishi bilan O‘zbekistonda har yilgidek gaz va elektr ta‘minotida uzilishlar boshlangan. Hukumatning o‘zi ham gaz ta‘minotida muammolar borligini tan olgan.

Tabiiy gazining bir qismini Rossiya va Xitoyga eksport qiladigan O‘zbekiston ichki iste‘molchilarning ehtiyojini qondira olmayotgani kuzatiladi.

Jizzaxlik ismi o‘zgartirilgan Nodirbek kun sovushi bilan chiroq va gazda uzilishlar boshlanganinin aytadi.

"Chiroq ertalab sakkizda o‘chgan bo‘lsa, shu bilan kechgi 6-7 larga yonadi. Bir soat yonib yana o‘chadi. Keyin 10 da yondirib yana o‘chiradi. Shu bilan tungi 3-4 da yonadi. U vaqti hech kimga kerak bo‘lmaydi", deydi Nodirbek.

Suhbatdoshimizning aytishicha,elektrning yo‘qligi ovqat tayyorlashda ham qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Hattoki deyarli hamma uyda mavjud qo‘l telefonlarini quvvatlantirish ham muammoga aylangan.

"Bitta uyda 3-4 telefon bor. Chiroq yongandan hamma hech bo‘lmasa zaryadni to‘ldirib olaylik deb tokka qo‘yadi. Hozir bitta sim kartani 3-4 telefonga almashtirib suhbatlashayapmiz. Mana hozir siz telefon qilganingizdan keyin, ikkinchi telefonning zaryadkasi o‘chib qoldi. Uchinchi telefonga almashtirdim", - deydi Nodirbek.

Nodirbekning aytishicha, paxta mavsumi vaqtida ular yashaydigan hududga yordamchilar keladi. O‘sha vaqti chiroq ham gaz ham o‘chmagan. Yordamchilar ketishi bilan ikkalasida ham uzilishlar boshlangan. Hozir uydagi bor gazda bir choynak choy 2 soatda qaynamoqda.

"Paxta terilayotgan vaqti yoniq edi. Terimchilarning orasida janjal chiqmasin, deb o‘chirishmaydi. Ikki-uch oy yaxshi bo‘ladi. Uch oydan keyin umuman yo‘q bo‘ladi. Paxta terim tugaganiga 3-4 kun bo‘ldi, yana eski ahvol. Odamlar ham o‘rganib qoldi. Terimchilar ketdi, endi nima qiladi yoqib deydi", - deydi jizzaxlik Nodirbek.

"Bizni gazsiz qoldirgan o‘sha Xitoyni..."

Image copyright AP
Image caption O‘zbekiston yiliga o‘rtacha 20 mlrd kub metr gaz eksport qiladi

Gaz va elektrdagi uzilishlar ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokama qilingan.

"Bir haftadan beri uyda gaz yo‘q. Bizni gazsiz qoldirib o‘zi sotib olayotgan o‘sha Xitoyni ...", - deya so‘kinadi bir foydalanuvchi.

"Tabiiy gaz muamosi boshlandi, agar hamma xo‘jaliklar gazdan oqilona foydalansa kamida 3-4 baravar tejash mumkin. O‘sha gaz bormi:)", deya kinoya qiladi Buxorogi nomli Twitter ishtirokchisi.

U minimal gazdan uyni qanday qilib maksimal isitish mumkinligi haqida tajribasini o‘rtoqlashadi.

Tanqidchi nomli yuzer deyarli 5 oydan beri gaz yo‘qligini endi esa chiroqda ham uzilishlar boshlanganidan yozg‘iradi.

"Gaz yo‘q! Deyarli 5 oydan beri. Odamlarni tokka bo‘lgan ehtiyoji ortgani sabab, chiroq ham shaharga ketvoryapti. Shunda ham rivojlanyapmizmi", - deydi tanqidchi.

Tanqidchi xalq bunday qiyinchiliklardan qachon qutilishi mumkin deya savol beradi.

"Ayting, ayting, qachon kuzni xorg‘in, tushkin kayfiyatda emas, hursandchilikda kutib oladi bu millat? Ayting, ayting, qachon bu millatning mo‘rilaridan o‘tin, tezak, ko‘mir tutini chiqishi to‘xtaydi? Kechirasizu, tagida yo‘q bo‘lsa ekan, ha o‘zimizda yo‘qda, deymiz. Lekin borini ham berishmasa qachon millat millat bo‘ladi", - deya og‘riqli savollar beradi u.

Gaz ta‘minotidagi muammolarni hukumat tan oldimi?

"O‘zbekneftegaz" shirkati matbuot xizmati sal oldinroq ayrim viloyatlarda gaz taqchilligi haqida xabarlar "asossiz mish-mishlar" ekanligini ta‘kidlab maqola yozgan.

Maqolada O‘zbekistonda gaz taqchilligi kuzatilmayotgani va aksincha aholiga yetkazib berilayotgan gaz hajmi yildan yilga ko‘payib borayotganini yozilgan.

Biroq O‘zbekiston prezidentning qarori buning aksini ko‘rsatadi.

Shu yilning 5 iyul kuni chiqarilgan prezidentning "Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2013-2014 yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlashni ta‘minlash to‘g‘risida"gi qarorida tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlar ro‘yxati tasdiqlangan.

O‘zbekiston ovozi gazetasiga intervyu bergan "O‘ztransgaz" aktsiyadorlik kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Fatxulla Axmedjonov, keyingi yillarda respublika hududlarida tabiiy gaz iste‘molchilari sonining ko‘payganligi ham­da aksariyat tabiiy gaz iste‘molchilari nostandart gaz uskunalaridan foydalanishlari oqibatida gaz quvurlarining oxirgi nuqtalarida joylashgan iste‘molchilarga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz bosimi tushib ketish holatlari uchrab turishi haqida gapirgan.

Bundan tashqari ko‘p qavatli uylarda issiqlik tizimining yaroqsizligi sababli xonadonlarni isitishda rejalashtirilmagan hajmdagi gaz sarflanishi bosimlarning kamayishiga sabab bo‘layotgani bildirilgan.

Fatxulla Axmedjonov gaz ta‘minotida muammolar bor bo‘lgan hududlarda ogohlantirish ishlari olib borilayotganini ta‘kidlagan.

"Ushbu ro‘yxatga (Prezident qaroridagi ro‘yxat. BBC tahr.) asosan hududlardagi aholi xonadonlarini qish mavsumidan talofatsiz olib chiqish maqsadida yoz faslining iyul oyidan boshlab qishloq va mahalla fuqarolari yig‘inlari bilan birgalikda aholi o‘rtasida qo‘shimcha yoqilg‘i turlaridan (ko‘mir, o‘tin, suyultirilgan gaz va h.k.) foydalanishlari to‘g‘risida ogohlantirish ishlari olib borildi", - deyiladi suhbatda.

Lekin aholining tabiiy gazdan bir necha barobar narsalarni sotib olishda har doim ham imkoniyati bo‘lavermaydi. Ular Xitoy va Rossiyaga oqib yotgan gazda bizning ham haqqimiz bor deb o‘ylashadi.

Farg‘onalik jurnalist va huquq faoli Bahodir Eliboyev Rishton aholisi o‘tgan qishni gazsiz o‘tkazganini, agar bu yil ham kelmasa xalq haqqini talab qilish niyatida ekanligini aytadi.

"Shu yili chiqsa kerak. Chunki 30 mingdan yiqqan pulga o‘tgan yili gaz berishi kerak edi, hali yo‘q. Endi xalq chiqsa kerak, noyabrni ham kutaylikchi deb turibdi. Hali sovuq suyakka yetib boradigan darajada emas. Sovuq kelganda gaz bermasa, xalq ko‘tarilib ketsa kerak", - deydi Bahodir Eliboyev.