Turkiyada Bosfor bo‘g‘ozi ostidan o‘tuvchi tunnel ochildi

Image caption Bosfor yer osti yo‘li istambulliklarga ancha qulayliklar berishi aytilmoqda

Istanbulning Ovro‘po va Osiyo qismlarini bir-biriga bog‘lovchi tunnelning tantanali ochilish marosimi seshanba kuni bo‘lib o‘tdi.

Turkiya hukumatiga ko‘ra, yer osti yo‘li Istanbulda odamlar uchun qulayliklar yaratadi va hayotni osonlashtiradi.

Ulkan yer osti ko‘prigi shaxsan Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘on quvvatlagan loyiha bo‘lib, uning qurilishiga qariiyb 4 milliard dollar sarflangan.

Erdo‘g‘on hukumati Bosfor tunneli Xitoydan G‘arbiy Ovro‘poga olib o‘tiladigan yuklar uchun muhim yo‘lga aylanishiga umid qilmoqda.

Bu kabi loyihalar Turkiya uchun yangilik emas, unga Usmonli sultonlar hukmronligi davrida ham qiziqishlar bo‘lgani ma‘lum.

Ushbu yer osti yo‘lini qurish ishlari 2004 yilda boshlangan, so‘ngra arxiologik qazishma ishlari bois to‘xtab qolgan edi.

Zilzila tez-tez ro‘y beradigan Turkiya hududida uzunligi 1,4 km keladigan yer osti yo‘li kuchli yer silkinishlariga bardoshli qilib loyihalashtirilgan.

Biroq ba‘zi kuzatuvchilar yer osti yo‘li qurilishini tanqid qilib, bu bosh vazir Erdo‘g‘onning gigantomaniyaga moyilligini namoyish qilishini aytishadi.

Erdo‘g‘onning Geza istirohat bog‘ini qayta qurish rejasi ham tanqidlarga sabab bo‘lgan, yil boshida yirik norozilik namoyishlarini keltirib chiqargan edi.

Muxbirlarning xabar berishicha, Bosfor ostidagi tunnel ochilgan bo‘lsa ham hali to‘liq foydalanishga tayyor emas.

"Foydalanishga ruxsat etilgan qismi cheklangan, to‘liq ishga tushishi hali noma‘lum", deb aytgan Istanbul palatasi raisi Tayfun Qahramon.

Ulkan yer osti yo‘lining ochilish marosimiga Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe ishtirok etgan. Yaponiya tunnel qurilishi uchun Turkiyaga yirik moliyaviy yordam ajratgan.

Istanbul rasmiylariga ko‘ra, Bosfor osti yo‘li shaharda yo‘l harakati tig‘izligi muammosini yengillashtiradi.