AQSh: "Xorij rahbarlari ustidan maxfiy nazorat - asosiy tamoyil"

Image caption Jeyms Klapper josuslik amallarini himoya qildi

AQSh maxfiy xizmatining rahbari o‘zga davlatlar rahbarlarining niyatlarini avvaldan bilib olish AQSh josuslik faoliyatining asosiy maqsadi ekanini aytdi.

Milliy Razvedka agentligining direktori Jeyms Klapper bu kabi amallar AQSh josuslik siyosatining "eng asosiy tamoyillar"idan biri ekanini bildirdi.

Vakillar palatasi oldida chiqish qilgan janob Klapper AQSh yoppasiga hamma xorij davlatlari ustidan maxfiy nazorat olib bormasligini aytdi.

Oxirgi kunlarda AQSh o‘zining xorijiy ittifoqchilari ustidan maxfiy nazorat olib borgani borasida shikoyatlar ko‘paygan.

"Rahbarlarning niyatlari - biz to‘playdigan va tahlil qiladigan asosiy narsa", - dedi janob Klapper.

U boshqa davlatlar ham AQSh rasmiylari va maxfiy xizmatlari ustidan nazorat olib borishini qo‘shimcha qildi.

U Amerika maxfiy amaliyotlarining fosh qilinishi AQShga juda qattiq shikast yetkazganini aytdi.

Vakillar palatasi qarshisida Milliy Xavfsizlik Agentligi (MXA) direktori General Kiyt Aleksandr ham chiqish qilgan. U MXA Frantsiya, Ispaniya va Italiyada millionlab telefon suhbatlarini tinglagani borasidagi xabarlar "mutlaq yolg‘on" ekanini aytdi.

Uning aytishicha, matbuotda fosh qilingan axborotni aslida Ovro‘po maxfiy xizmatlari yiqqan va so‘ngra MXAga uzatgan.

Vashingtondagi BBC muxbiriga ko‘ra, Vakillar palatasi qo‘mitasi a‘zolari ikkovlonni qattiq so‘roq qilishi kutilgandi, biroq bu yuz bermadi. So‘roqqa tutilgan maxfiy xizmatlar rahbarlari kechirim ham so‘ramadilar.

Oxirgi vaqtda xalqaro matbuotda MXA AQShga do‘st deb ko‘rilgan davlatlar, xususan Braziliya, Frantsiya, Olmoniya, Meksika va Ispaniya rahbarlari, diplomatlari va oddiy fuqarolari ustidan maxfiy nazorat olib borgan degan xabarlar chop qilingan.

Mazkur xabarlar hozirda Rossiyada boshpana olgan sobiq maxfiy agent Edvard Snouden fosh qilgan ma‘lumotga asoslangan.

Your contact details
Disclaimer