O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha Jenevada so‘roq qilinayapti

Image caption O‘zbekiston hukumati siyosiy mahbuslar hech qanday shikoyat bilan murojaat qilishmaganini aytadi

Birlashgan Millatlarning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi chorshanba kuni O‘zbekistondagi qiynoqlar masalasini muhokama qilmoqda. Majlisda Inson huquqlari Milliy markazi rahbari Akmal Saidov boshchiligidagi hukumat hay‘ati qo‘mita a‘zolarining qiynoqlar borasidagi savollariga batafsil javob berishlari kerak.

Majlisda ishtirok etayotgan Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti vakili Stiv Sverdlovning BBCga aytishicha, o‘zbek hukumati mulozimlarini qiyin savollar kutmoqda.

Sverdlov: Bu muhokamalarning qiziq jihati shundaki, qo‘mita o‘zbek rasmiylaridan eng so‘nggi qiynoq hollari yuzasidan savol so‘ramoqda. Xususan, siyosiy mahbuslar A‘zam Turg‘unov, Dilmurod Sayyid, Yusuf Ro‘zimurodov va Muhammad Bekjonlarning qiynoqqa solingani bilan bog‘liq faktlar. Yoki Toshkentlik inson huquqlari faoli Gulnoza Yo‘ldoshevaning qiynoq qurboni bo‘lgani yoki Buyuk Britaniya elchixonasining sobiq xodimi Qayum Ortiqovning ishi. Bularning hammasi oxirgi bir-ikki yil ichida sodir bo‘lgan holatlardir. Janob Ortiqov o‘zining qiynoqqa solingani haqida ochiqcha, Britaniya matbuotiga gapirgan. Qiynoqlarga qarshi qo‘mitaning qo‘lida juda ko‘p ishlar, juda ko‘p ismlar bor. Bundan tashqari qo‘mita O‘zbekiston hukumatidan qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar, jumladan, advokatlik faoliyati haqidagi qonun haqida ham so‘ramoqchi. Biz siyosiy tutqunlarning ishlarini olgan Ruhiddin Komilov va Rustam To‘laganov singari advokatlarning litsenziyadan mahrum qilinganini bilamiz.

BBC: Ammo o‘tmishda o‘zbek hukumati bu kabi da‘volarni rad etish bilan cheklangan. Bu safar hukumat mulozimlari ochiq va samimiy javob beradilar, deb umid qilishga biron asos bormi?

Sverdlov: Umid qilamiz, albatta. O‘zbekiston hukumat hay‘ati kecha o‘z hisobotini taqdim etdi va mamlakatda muammolar borligi, qiynoqlar mavjudligini rad etdi. Ular siyosiy mahbuslarning borligini ham qat‘iyan rad etadilar. Ammo, Qiynoqlarga qarshi qo‘mita a‘zolari juda ham jiddiy savollarni qo‘yishmoqda. Masalan, Akmal Saidov boshchiligidagi hukumat mulozimlari siyosiy mahbuslarning o‘zlari hech qanday shikoyat bilan murojaat qilishgan emas, deb da‘vo qilgan paytlari, qo‘mita a‘zolari "Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘zi, masalan, A‘zam Turg‘unovning qiynoqqa solingani haqidagi da‘volarni tekshirishga chaqirib turgan payti qanday qilib, shikoyat qilmadi, deb aytasizlar", deya hukumatning da‘vosini rad etishdi. Bugun esa o‘zbek hukumati bu savollarga jo‘yaliroq javob beradi, deb umid qilayapmiz. Albatta, o‘tgan o‘n yildagi muhokamalar bu kabi umid qilishimizga asos bermaydi. Ammo Qiynoqlarga qarshi qo‘mita O‘zbekiston hukumati jiddiy qabul qiladigan idoralardan bittasi. Unga hukumat har yili o‘zining yuqori darajadagi hay‘atlarini jo‘natadi. O‘ylaymanki, hukumat o‘zining BMTdagi imidji haqida qayg‘uradi.

BBC: Hukumat o‘tgan yilgi tavsiyalarning birontasini bajarganmi?

Sverdlov: Ular tavsiyalarni faqat qog‘ozda bajarishgan. Masalan, hukumat qiynoq qurbonlariga yordam beruvchi Xebiyes korpusni tuzamiz, degandi, tuzdi. Ammo, u amalda faoliyat ko‘rsatmaydi. Albatta, 2008 yilda O‘zbekiston o‘lim jazosini bekor qilgan payt bu jiddiy bir qadam bo‘lgandi. Ammo qolgan tavsiyalar, afsuski, qog‘ozda qolib ketmoqda.