Gulnora Karimova Rustam Inoyatovning prezidentlik ambitsiyalariga sha‘ma qildi

Image caption Gulnora Karimova Inoyatovning prezidentlik uchun urinishlarini "ro‘yobga chiqmaydigan xomxayol" deb atagan

Prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova navbatdagi twitlarida Respublika Milliy Xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatovning ambitsiyalariga sha‘ma qilgan.

U Twitterda shunday deb yozadi:

"Agar maxsus xizmatlarining birinchi odami xursand bo‘lish o‘rniga, aksincha uning (Ya‘ni Gulnora Karimovaning-tahririyat) xalq orasidagi obro‘yidan qo‘rqsa, demakki UNING shaxsiy ambitsiyasi va rejalari bor (g‘amgin yuz belgisi)".

Uning ushbu twitiga javoban Kamil ismli Gulnoraning folloveri: "Siz nima deb o‘ylaysiz? Inoyatov O‘zbekiston prezidenti lavozimini egallash uchun kurashadimi?" - deb so‘ragan.

Gulnora Karimova unga javoban "Kurashadi! U kurashni boshlab yuborgan! Nahotki tashqaridan ko‘rinmayotgan bo‘lsa!" - deb yozadi.

Shu bilan birga Gulnora Karimova Inoyatovning urinishlarini "ro‘yobga chiqmaydigan xomxayol" deb atagan.

Keyingi kunlarda Gulnora Karimova o‘ziga qarashli tele va radiokanallarning uzib qo‘yilishi ortidan ijtimoiy tarmoqda ancha faollashgani kuzatilmoqda.

Uning ketma-ket twitlari davlat telekanallarining mazmun-sifatidan tortib, Stalinning o‘g‘li Vasiliy haqidagi filmdan olgan ta‘surotlarigacha bo‘ldi.

Oxirgi twitlaridan birida Samarqanddagi STV telekanalining yopib qo‘yilishi haqida fikr bildirdi.

U o‘zbek tilida ham Rustam degan folloveriga mana bunday deb yozadi: "xozirgi bulayotgan vokealar aynan shu savob ishlarimizga qarshilik qilib kursatyapti". (imlo GKniki).