Isroil Suriyadagi harbiy bazaga havodan hujum qilgan

Isroil bundan oldin ham Suriyaga havodan hujum qilgan Image copyright getty
Image caption Isroil bundan oldin ham Suriyaga havodan hujum qilgan

Isroil havo kuchlari Latakiya shahridagi Suriya harbiy bazasiga hujum qilgan. Ushbu xabarni AQShdagi rasmiy shaxs tasdiqladi. Hujum nishoni Rossiyada ishlab chiqilgan raketa qurilmalari bo‘lgan.

Amerika rasmiy mulozimlarining aytishicha, uchoqlar Livanning Hizbulloh jangarilariga mo‘ljallangan Rossiyada ishlab chiqarilgan raketa qurilmalarini nishonga olgan.

Isroil va Suriya vakillari ushbu xabarlarga biror izoh bermagan.

Bir kun oldin Latakiya shahridan uncha uzoq bo‘lmagan joyda portlashlar bo‘lgani haqida xabar paydo bo‘lgandi. Bu haqda asosan Britaniyada joylashgan "Inson huquqlarini kuzatuvchi Suriya markazi" xabar bergan. Biroq ushbu portlashlarning sababi borasida ma‘lumot yo‘q edi.

Amerika hukumatining xabariga ko‘ra havo hujumlari chorshanbadan payshanbaga o‘tar tunda sodir bo‘lgan.

Latakiya – Suriyaning muhim bandargoh shahri hisoblanadi. Bu yerda alaviylar jamoati kuchli mavqe‘ga ega. Shahar prezident Bashar Asadning tayanch nuqtasi sifatida ko‘riladi.

Konferentsiya arafasida

Amerika rahbariyatidan ismini oshkor qilmagan rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan maqsad Rossiyada ishlab chiqilgan S-125 "Neva" – kichik radiusli masofaga mo‘ljallanagan zenit-raketa majmuasi bo‘lgan.

Isroil shu yilning hisobidan Suriya hududiga turli ob‘ektlarga havodan kamida 3 marta hujum qilgan.

BBCning Bayrutddagi muxbiri Jim Myuirning ta‘kidlashicha, Isroil havo kuchlarining Rossiya raketa qurilmalariga hujumi AQSh va Rossiya birgalikda Suriyadagi vaziyatni tinch yo‘llar bilan yechishga qaratilgan konferentsiya chaqirayotgan vaqtga to‘g‘ri kelgan.

Isroil harbiylari Suriya qurollari, jumladan, kimyoviy qurollar ekstremist guruhlarning qo‘liga tushib qolishi mumkinligidan voqif bo‘lsa qo‘l qovushtirib o‘tirmasligini bir necha marotaba ta‘kidlagan.

Rossiya Asad rejimining muhim ittifoqchilaridan biri bo‘lib qolmoqda. Rossiya qurollari Suriyada bo‘layotgan urush davomida hukumat kuchlariga yetkazilib berilmoqda.

BMT ma‘lumotlariga ko‘ra Suriyadagi janglar davomida 100 mingdan ortiq odam o‘lgan.