Turkiyada deputat ayollar ishga hijobda kelishdi

Image copyright AFP
Image caption Deputatlar ayollarni ushbu kundan esdalik uchun suratga tushirishgan

Turkiya parlamentining to‘rt deputat ayoli Anqaradagi majlisga boshlarida ro‘mol bilan kirib kelishgan.

Bu 1999 yildan buyon ro‘mollik deputatlar bilan yuz berayotgan birinchi voqeadir.

Bu ayollar islomiy qarashlari bilan taniqli boshqaruvdagi "Adolat va taraqqiyot" partiyasi vakillari hisoblanishadi.

Partiya Turkiyada taqiqlangan Islom partiyasining sobiq mo‘‘tadil konservativ qanot a‘zolari tomonidan 2001 yil tashkil qilingan bo‘lib, uni dunyoviy davlatchilik tamoyillaridan chekinish va islomiylikda ayblashadi.

Sentyabr oyida esa Turkiyada davlat idoralarida ishlovchi ayollarning ro‘mol o‘rab kelishlariga taqiq bekor qilingan edi.

Bu taqiq o‘z vaqtida Turkiyada islomiy huquq normalari va dunyoviy davlat tarafdorlari o‘rtasida qattiq kurashni keltirib chiqargan.

"Men endi hech qachon hijobni tashlamayman, - deb aytadi deputatlardan biri Ko‘nul Bekin Saxkulubey. - O‘ylaymanki, mening qarorim hurmat qilinadi". Hijobga taqiqni quvvatlagan deputatlar fikricha, deputat-ayollarning hijoblarda paydo bo‘lishi Turk jamiyatida hijob o‘rashning bir izga tushishini yengillashtiradi.

Ayni paytda Muxolifdagi Respublika xalq partiyasi vakili Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘on boshqaruvidagi partiyani mamlakatning dunyoviy konstitutsiyaga amal qilmaslikda ayblab chiqdi.

U shuningdek, majlisda ayollarning hijobda kelishi keyingi yilda bo‘lib o‘tadigan saylov oldidan qilinayotgan harakat ekanligini aytdi.

1999 yil deputat ayollarning majlisga hijobda kelishi hukumat tomonidan ma‘qullanmagan.

O‘shanda parlamentga saylangan Marva Kavakchi qasamyodni ro‘mol o‘rab qilmoqchi bo‘lganida majlisdan chiqarib yuboriladi.

Shu yilning sentyabrida Bosh vazir Erdo‘g‘on qator siyosiy islohotlar amalga oshirilishini e‘lon qilgan. Bular jumlasiga kurdlarga yangi fuqarolik huquqlari berish va hijobga taqiq bekor qilinishi bo‘lgandi.

Erdo‘g‘on ushbu qadamni tarixiyligini ta‘kidlagan.

Biroq sud, prokuratura, politsiya va harbiy sohalarda ishlovchi ayollar uchun hijobga taqiq o‘z kuchida qolgan.