"Maski shou" mamlakat qonunlari ishlamasligidan dalolatmi?

Image caption Videoda tadbirkorlarning "jonini olib qo‘ygan" tekshiruvchilarning o‘zlari qattiq tergov qilingan

O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova Twitterda Toshkent shahridagi disklar bilan savdo qiladigan do‘konlarga niqoblilar reyd uyushtirgani tasvirga olingan video linkini tarqatdi.

43 daqiqalik videoda o‘zlarining reydlari bilan tadbirkorlarning "jonini olib qo‘ygan" tekshiruvchilarning o‘zlari qattiq tergov qilinadi.

Ushbu videoning tarqalishi O‘zbekistondagi kuchishlatar tizimlarning naqadar qonun doirasida ish yuritishi muammosiga yana bir bor e‘tiborni qaratgan.

Mamlakat mustaqilligining ilk yillarida terrorizmga qarshi kurash amaliyotlariga jalb qilingan huquqni muhofaza qilish idoralarining maxsus bo‘linmalariga yuzlarini niqoblar bilan to‘sib, qurollangan holda qayergadir "bostirib kirish" huquqi berilgan bo‘lsa, keyingi yillarda bunday guruhlarning soni ko‘paydi.

O‘zbekistonda niqobli shaxslarning do‘kon va bozorlarda to‘satdan reydlar o‘tkazishi oxirgi yillarda rusumga kirdi.

Oddiy xalq orasida bunday reydlar "Maski shou" nomini oldi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda "Maski shou" uyushtirishga qaysi kuch tizimlarining qaysi bo‘limlariga huquq berilgan?

Ular qanday hollarda bunday maxsus amaliyotni o‘tkazishlari mumkin?

Bunday tabdirlar qonunga muvofiq amalga oshiriladimi?

Agar mabodo qaysidir "katta odam" qo‘l ostidagi "maski shou"menlari bilan ana shu yo‘lda talonchilik qilib, kimningdir mol-mulkini o‘zlashtirmoqchi bo‘lsa-chi?

Shu paytgacha O‘zbekiston kuchishlatar tizimlar rahbarlari bu borada jamoatchilik u yoqda tursin, parlament a‘zolari oldida ham hisobot berganlari yo‘q.

Shu sababdan ham oxirgi 3-4 yilda O‘zbekistonning turli burchaklarida zargarlik do‘konlari, savdo markazlariga bo‘lgan niqoblilarning reydlari qonuniyligi borasida shubha-gumonlar ilgari surilgan.

O‘zbekistonlik jurnalist va inson huquqlari himoyachisi Abdurahmon Tashanovning aytishicha, mamlakat kuchishlatar tizimlarining suiste‘molchilikka yo‘l qo‘yishi oldini olish maqsadida 2013 yil boshida qonun qabul qilingan.

Biroq mamlakatdagi boshqa ko‘plab qonunlar singari bu qonun ham ishlamayapti.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi