Qudratdan ketkazilgan Misr prezidenti Mursiy ustidan mahkama boshlangan

Misr poytaxti Qohiradagi politsiya akademiyasi binosiga hokimiyatdan ag‘darilgan prezident Muhammad Mursiy va "Musulmon Birodarlar"ning 14 rahbari keltirilgan.

Misr matbuoti xabar qilishicha, sobiq prezident va safdoshlari ustidan mahkamaning ochiq o‘tkazilishi e‘lon qilingan.

Muhammad Mursiy va "Musulmon Birodarlar"ning boshqa yetakchilarini 2012 yil dekabridagi norozilik namoyishi ishtirokchilari o‘limida ayblashmoqda.

Mursiy tarafdorlari butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlariga chaqirganlar.

Shuning uchun mahkamani boshida rejalashtirilganidek Tora qamoqxonasida emas, norozilik namoyishlari xavfi bois Qohira markazidan ancha uzoq politsiya akademiyasida o‘tkazishga qaror qilindi.

Akademiya qarshisida yig‘ilgan Mursiy tarafdorlari uni quvvatlovchi shiorlar aytib qichqirishgan.

Muhammad Mursiy mahkamaga kundalik kiyimida tikucharda keltirilgan.

Boshqa ayblanayotgan siyosatchilar harbiy qo‘riqchilar avtomobil karvonida olib kelingan.

Siyosiylashtirilgan mahkama

Mursiy tarafdorlari kuch bilan ag‘darilgan prezident ustidan mahkama siyosiylashtirilganini ta‘kidlashmoqda.

Huquq faollari harbiylar va xavfsizlik xizmatini sobiq prezidentni mahkamagacha noma‘lum joyga yashirib qo‘yganda aybladilar.

Misrning "Al-Vatan"gazeti hibsdagi Mursiyning suratlarini bosgan. Suratlarning haqiqiyligini tekshirish iloji yo‘q. Unda Mursiy janoblari kresloda vazmin qiyofada o‘tirgani aks etgan.

Shuningdek Misrning ko‘pgina aholisi yana bir sobiq prezident Husni Muborak tarafdori sanaladi.

Xabar qilinishicha, politsiya akademiyasida Mursiy mahkamasi bilan bir paytda Muborakning ham mahkamasi bo‘lib o‘tishi kerak.

Misrliklar mahkama boshlanishini hayajon bilan kutishyapti. Muxbirlarning kuzatishicha, mahkama jamiyatda bo‘linishni kuchaytirishi mumkin.

Yakshanba kuni Ismoiliya shahri yaqinida ikki politsiyachi o‘ldirib ketilgan. Mamlakatda beqarorlik kuchayishidan xavotirlar mavjud.

Shu boisdan muvaqqat hukumat mahkamaga 20 ming harbiyni jalb qilgani aytilmoqda.

Mursiy mahkamasidan uch kun oldin "Musulmon birodarlar" ishiga bog‘liq Muhammad Badiy doxil ikki hakam iste‘fo berdi.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Muhammad Mursiy va Musulion Birodarlarning 14 yetakchi a‘zolari ustidan boshlangan mahkama vaqtinchalik to‘xtatilishiga to‘g‘ri kelgan.

Bunga sudlanuvchilarning norozilik baqiriqlari va sobiq prezident Mursiyning sudlanuvchilar uchun maxsus kiyimni kiyishdan bosh tortganligi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Mahkama qonunlariga binoan mahkama qarshiga kelganlarga oq kiyim kiydiriladi.

Huquqshunoslar taxmin qilishicha, Mursiyning aybi isbotlansa, unga umbrod qamoq yoki o‘lim jazosi berilishi mumkin.

Muhammad Mursiy Husni Muborakning uzoq yillik boshqaruvidan keyin demokratik saylovlar orqali saylangan, biroq 13 oydan so‘ng harbiy to‘ntarish orqasidan qudratdan ag‘darilgan edi.

Islomiy prezident 3 iyulda hibsga olingach, uning tarafdorlari qatorida muxoliflari ham ommaviy namoyishlar o‘tkazishdi. Politsiya prezident tarafdorlarining namoyishini shafqatsizlarcha bostirishi natijasida yuzlab odamlarni o‘ldirdi.