O‘zbekiston: Niqobli tekshiruvchilarni tergashga kimning haddi sig‘di?

Niqoblilar ishtirokida reydlar O‘zbekistonda odatga aylangan Image copyright none
Image caption Niqoblilar ishtirokida reydlar O‘zbekistonda odatga aylangan

Gulnora Karimova Toshkent do‘konlariga niqoblilar ishtirokida kelgan tekshiruvchilarni fosh qilishga qaratilgan videoni Twitterdagi sahifasi orqali tarqatdi. Tasvirlarda reydlari bilan tadbirkorlarning jonini olib qo‘ygan tekshiruvchilarning ayrimlari qattiq tergov qilinadi.

Hakimzoda nomli Twitter foydalanuvchisining "Hammaga haqiqatni aytish vaqti keldi, shekilli", - deya youtube portaliga qo‘yilgan videoga link keltirdi.

"Haqiqatni?! Haqiqat bo‘lsa haqiqatda! Qanchasini kaltaklashdi va urishmoqda", - deya Karimova xonim ushbu postni o‘zining mikroblogida chop etadi.

43 daqiqalik videoda Toshkent shahridagi disklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi ikki do‘konda amalga oshirilgan reydlar aks etadi.

Tasvirlarda videoga olayotgan ayol kishi tekshirishga kirgan huquq tartibot organi xodimlarini so‘roq qila boshlaydi. Videoda savol beruvchi va tasvirga oluvchi ayolning ovozi maxsus effektlar yordamida o‘zgartirilgan. U tasvirda biror marta ham ko‘rinmaydi.

Tekshiruvchilarning oldinroq kelganini va ularni so‘roq qilayotgan sirli ayol keyinroq paydo bo‘lganini anglash mumkin.

"Familiyangiz kim, qayerdan keldingiz, kim sizlarni yubordi", - deya ushbu ayol tekshiruvchilarga birma bir murojaat qiladi.

Tekshiruvchilar o‘zlarini aybdordek his qilishib, savol egasiga qo‘rquv bilan javob berayotganidan videoga oluvchi shaxs O‘zbekistondagi taniqli va ta‘sirga ega shaxslardan biri ekanligini payqash mumkin.

Shuningdek tasvirda do‘konning bir burchagida niqob taqib olgan ikki xodimni ham ko‘rish mumkin.

Ular ham videoga o‘zlarining familiyasini aytishgan va "Burgut" maxsus xizmatidan ekanligini bildirishgan.

Tasvirlardan shuni anglash mumkinki, ushbu tekshiruvchilar Toshkent shahridagi "CD-PROFI" korxonasiga qarashli 7 do‘konni tekshirishi kerak bo‘lgan.

Unda Davlat soliq idorasi, prokuratura, bojxona, O‘zbekiston intelektual mulk agentligi, "Burgut" maxsus xizmati xodimlari ishtirok etgan.

Reydlarning 19 oktyabr kuni o‘tkanini bilish mumkin. Reydlar Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i asosida o‘tkazilgan.

"Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining "Chakana va xizmat ko‘rsatish sohasida naqd xorijiy valyuta muomalasiga yo‘l qo‘ymaslik ustidan nazorat qilish, qisqa muddatli tekshirishlarni tashkil etish" bo‘limi xodimlari I. Fayziyev, B. Toshmuhammedov, Sh.Eshimovlarga Hamza tumani To‘y-Tepa ko‘chasi 1 – uyda joylashgan "CD-PROFI" korxonasiga qarashli savdo tarmog‘ida savdo qoidalariga rioya etilishi va naqd pul tushirmalariga taaluqli masalalar yuzasidan qisqa muddatli tekshirish uchun xizmat safariga yuborilsin", - deyiladi videoda aks ettirilgan buyruqda.

Birozdan so‘ng videoga oluvchi uskunasini ko‘tarib olgan ta‘sirli ayol "CD-PROFI" ga tegishli yana bir do‘konda paydo bo‘ladi.

Bu yerdagilarni ham so‘roq qila boshlaydi.

Ma‘lum bo‘lishicha, tekshiruvchilar ikki do‘konda ham sotuvchilarga kuch ishlatadi. Ularni yuzi, bo‘yniga o‘zini Sergey Melnikov deb tanishtirgan odam musht tushiradi.

Tekshiruvchilar ushbu do‘konda tovar chekini bermasdan savdo qilayotgani uchun tekshiruvlar o‘tkazganini ta‘kidlashadi.

Ammo sotuvchilar chek berilganini va uni sotilgan disk ichiga solib qo‘ygani, bostirib kirgan odamlar unga qaramaganini ham aytishadi.

Videoda yozilishicha, "bu yerda berilgan ismlar to‘g‘ri emas. Unda MXX ichki xavfsizlik xizmati markaziy apparati vakillari ham bor".

"Tadbirkorlarning joniga aro kirgan Robin Gud" kim?

Video Gulnora Karimovaning Twitterida qayta chop etilishidan ortidan keng muhokamalarga sabab bo‘ladi.

Foydalanuvchilarni o‘zlarining kutilmagan niqobli reydlari bilan tadbirkorlarning jonini olib qo‘ygan ushbu shaxslarni tergov qilishga kim jur‘at etdi, degan savol qiziqtirgan.

"Menimcha, bu ayol Gulnora Karimova. O‘ylashimcha, u xalq yonini oldi", - deydi Asad Asadov.

Video haqidagi twit ostiga yozilgan muhokamalarda Gulnora Karimovaning o‘zi ham faol ishtirok etgan.

Bu sizning do‘koningizmi, degan savolga Gulnora Karimova "yana nimalar meniki? "mening yulduzlarim", "mening grantlarim", kreditli barcha kichik tadbirkorlar va kabobbozlar meniki", - deya javob bergan.

Katarina Richter nomli yuzer, "bechora soliqchi, prokuratura xodimlari. Ikkichi bolalarga o‘xshab turishibdi, hech narsa deyisholmaydi", - deb yozadi.

Unga javoban Gulnora Karimova "Umuman ular kuchli va yengil! Ularga har 3 daqiqada telefon qilib turishdi. Stsenariy muallifi bo‘lgan akalari maslahat berib turishdi", - deydi.

"Kadr ortida yashirin ovoz... Gulnora Islomovna, nahotki bu siz! Siz Robin Gudsiz!!" – deydi Mr James Cook.

Unga javoban Karimova xonim ko‘p miqdordagi tabassum belgisi bilan javob beradi.

Videoda tasvirlarda ham soliq idorasi xodimi o‘zini tergov qilayotgan xonimga do‘kon egalarini "sizning odamlaringiz" deya murojaat qiladi.

"Sizning odamlaringiz ham aldayapti, savdo naqd pulda bo‘lgandi", - deydi tekshiruvchilardan biri.

- Bular meniki emas! Bilasizlarmi, bu haqda (niqobli reydlar, BBC tahr.)butun internetdagilar gapirmoqda. Menga ham bu haqda yozishdi. Meni bu yerga shunchaki keldi, deb o‘ylaysizlarmi? Men bu odamni umuman tanimayman. Hatto birinchi marta ko‘rib turishim. U kirib kelganda, isming nima deb so‘raganimni siz ko‘rdingiz-ku. Bu narsalar mening jonimga tegib ketdi. Shuning uchun shu yerdaman. Qanaqasiga meniki bo‘lsin?

"Bu dunyoda hammasini pul hal qilishini tushunaman. Ammo bunday qilish kerak emas. Nima uchun yuziga urdingiz? Biror narsani muqaddas deb bilasizlarmi? Qalblaringiz ham soliqchi bo‘lib ketmagandir. Hech bo‘lmasa bir marta namozga borasizmi? Uyingizda o‘qiysizmi?", - degan kadr ortidagi ovoz tergovchi ohangda.

"Ularning yonini hech kim olmasa kim oladi", - deydi u.

Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiladigan O‘zbekistondagi ayrim bizneslarning yopib qo‘yilishi va tekshiruvchilar boshlanishi ortidan Karimova xonim internetda yanada faol bo‘lib qoldi.

U bundan oldingi yozishmalarida o‘zi haqidagi mish-mishlar ortida oligarx Usmonov turgani va MXX raisi Rustam Inoyatov prezidentlik kursisi uchun kurashni boshlab yuborganini yozgan edi.

Your contact details
Disclaimer