G‘azablangan Pokiston AQSh bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqmoqchi

Image copyright Getty
Image caption Tolibon rahbarining o‘ldirilishi Pokistonda g‘azabnok qarshilanmoqda

AQSh uchuvchisiz uchog‘i Pokistondagi Tolibon harakati rahbari Hakimulloh Mahsudni o‘ldirganiga javob sifatida Pokiston o‘zining Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqadi, deya ma‘lum qilgan mamlakat bosh vaziri idorasi.

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif mamlakat xavfsizlik xizmatlarini rahbarlarini favqulodda majlisga chaqirgan.

Pokiston hukumatiga ko‘ra, Hakimulloh Mahsudning o‘limi o‘zlarining Tolibon bilan yo‘lga qo‘yayotgan tinchlik muloqotlarini barbod qilgan.

"Hakimullohning o‘ldirilishi tinchlik yo‘lidagi hamma intilishlarni o‘ldirishdir", deb aytgan Pokiston Ichki ishlar vaziri Chaudxri Nisar Ali Xon.

Amerika boshi uchun 5 million AQSh dollari miqdorida mukofot puli e‘lon qilgan Hakimulloh Mahsud 1 noyabr, juma kuni Pokiston shimoli-g‘arbidagi Shimoliy Vaziriston mintaqasining qavmlar nazoratidagi Dande Darpaxel qishlog‘iga otilgan.

Xabarlarga ko‘ra, dron Hakimulloh Mahsud va yana to‘rt kishi harakatlanayotgan avtomobilni nishonga olgan.

Oqibatda avtomobildagi barcha yo‘lovchilar, shu jumladan Pokiston Toliboni rahbarining ikki tan qo‘riqchisi ham halok bo‘lgan.

2 noyabr, shanba kuni Hakimulloh Mahsudning dafn marosimi bo‘lib o‘tgan.

Xabarlarga ko‘ra, Pokistondagi Tolibon harakati Mahsudning o‘limi uchun o‘ch olishga qasamyod qilganlar.

Mahsudning o‘rniga 38 yoshli "Sajna" ismi bilan taniqli Xon Said Pokistondagi Tolibon harakati rahbari etib saylangani haqida bir necha qo‘mondonlar xabar qilganlar.

Ammo hamma qo‘mondonlar ham Xon Saidning Pokiston Toliboni rahbari etib saylanganiga rozi emasliklari haqidagi xabarlar tarqalgan.

Pokistondagi Tolibon bu mamlakatda islomiy davlat barpo etish maqsadini ko‘zlagan.

Harakatning qurolli hujumlari oqibatida minglab tinch fuqarolar va Pokiston xavfsizlik kuchlarining xodimlari o‘ldirilgan.

Biroq shu yil may oyida saylangan Navoz Sharif yetakchiligidagi yangi hukumat Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini istashini aytib kelgan.

Ayni 1 noyabr kuni Pokiston hukumati Shimoliy Vaziristonga hukumat hay‘atini yuborishi haqida e‘lon qilgan edi.

Hakimulloh Mahsudning o‘ldirilganiga o‘zining noroziligini bildirish uchun Pokiston hukumati Islomoboddagi AQSh elchisini chaqirgan.

AQSh Davlat departamenti Pokiston hukumatining aybloviga o‘z munosabatini bildirgan.

Davlat departamenti vakili so‘zlariga ko‘ra, toliblar bilan muzokaralar Pokistonning ichki ishi va buning boshqa mamlakatlarga aloqasi yo‘q.

"AQSh bilan Pokiston ekstremistik zo‘ravonliklarga chek qo‘yishdan strategik manfaatdorlar", deb aytgan Amerika tashqi siyosat idorasi vakili.

Pokistondagi ayrim siyosatchilar Amerikaning Afg‘onistondagi NATO kuchlari uchun ta‘minot yo‘lini to‘sib qo‘yish chaqirig‘i bilan chiqqanlar.