Gulnora Karimova o‘z singlisining BBC intervyusiga "fikr bildirdi"

Gulnora Karimova o‘z singlisi Lola Karimova-Tillayevning BBCga bergan intervyusiga munosabat bildira turib, sharqona oilaviy rishtalarning ahamiyati haqida gapirdi, hamda o‘zi va singlisi haqida "mojaro keltirib chiqarish" harakatlariga aralashmasligini aytdi.

"Kimningdir ojizliklaridan foydalanish - bu insoniy amal emas. Bu qandaydir mojaro keltirib chiqarish, ehtiroslarni qo‘zg‘ash harakatidir. Men bunday yo‘l tutmayman", - deb aytdi u Toshkentda oktyabr oxirida bo‘lib o‘tgan "Art Week Style Uz" tadbirining matbuot anjumanida. Anjuman video tasmasi 5 noyabrda YouTube portalida chop qilindi.

Karimova xonim shov-shuv.uz web sayti jurnalisti Jasur Hamroyevning Lola Karimova-Tillayevaning BBCga bergan intervyusi to‘g‘risida so‘ragan savolini xush qarshi olgan, va jurnalistni "eng qo‘rqmas" deya olqishlagan.

O‘zbekiston Prezidentining kenjasi Lola Karimova-Tillayeva sentyabr oxirida BBC bilan yozishmasida opasi bilan 12 yildirki gaplashmasligini aytib, opasining prezident bo‘lish imkoniyatlarini "katta emas" deya baholagandi.

Gulnora Karimova savolga javob bera turib, BBCning ishlash uslubiga ham to‘xtaldi.

"Har bir xabar agentligi eng oxirgi xabarlarni yoritishga urinadi. Bu boshboshdoq zamonimizda bunday xabarlarni yoritish rusumga aylangan. Ijobiy voqealardan mojaro keltirib chiqarib bo‘lmaydi. Aynan BBCga to‘xtalib o‘tirmayman, chunki bu bir vaqtning o‘zida hammaning yonini oladigan va hammaga qarshi chiqadigan xabar agentligi. Bu uni qiziq, o‘qish maroqli bo‘lgan, mojaroli agentlik qilib ko‘rsatadi. BBCga binoan, men allaqachon 2-3 marta erga tekkanman, lekin bu mening o‘tmishimga mos bo‘lmagan ma‘lumot", - dedi u.

Javobsiz javob

Chaynalib va tutilib besh daqiqadan oshiq gapirgan Karimova xonim o‘z singlisining intervyusi to‘g‘risida fikri borligini aytdi, biroq Sharqona tamoyillariga sodiq qolgan holda buni ochiqlamaslikka qaror qildi.

"Hamma hayron bo‘ldi. Menda bu borada o‘z fikrim bor. Bu fikrimni o‘zimda qoldirsam kerak. Nima uchun? Chunki, Sharqning o‘z odob-axloq qoidalari bor. Biz Sharqda yashar ekanmiz va o‘zimizni shu jamiyat va dunyoqarashning bir qismi deb bilar ekanmiz, bu formatni, Sharqning ta‘mini hurmat qilishimiz kerak. Agar bu tamoyillarni barbod qilsak, odamlarni chegaralab turadigan hech vaqo qolmaydi. Va bunday jamiyatda yashash juda qiyin bo‘ladi", - dedi u.

Ayni damda u oilaviy qadriyatlarni hurmat qilishini aytdi.

Image caption Lola Karimova-Tillayeva o‘zining yagona opasi bilan chiqishmasligini ilk marta BBC bilan yozishmalarida ochiq aytdi

"Men oilaviy rishtalarni juda hurmat qilaman, men o‘zimizdagi mezonlar, tamoyillar va qadriyatlarni hurmat qilaman. Men har doim asrlar osha, avloddan-avlodga o‘z familiyalarini saqlab keladigan, o‘z an‘analari va tamoyillarini uzatib keladigan katta oilalarga har doim havas bilan qarayman", - dedi Gulnora Karimova.

Jurnalistning savolini olqishlagan, biroq bir ma‘noda uni javobsiz qoldirgan Karimova xonim o‘z nutqini do‘stona chaqiriq bilan yakunladi.

"Okudjava "Keling, bir-birimizga xushomad qilaylik" deb aytgan. Lekin, ba‘zida xushomad qilish qiyin, shunga qaramay, u o‘zini hurmat qiladigan insonlar uchun bu kabi butkul keraksiz, o‘tkinchi narsalardan ko‘ra ko‘proq kuchga ega", - deya falsafiy chaqiriq bilan o‘z javobiga yakun yasadi u.

Ritorikaga munosabat

Biroq, Gulnora Karimovaning seshanba tongida yozgan twiti uning insoniy qadriyatlar va o‘zaro hurmat haqidagi falsafiy chaqiriqlaridan biroz farq qildi.

Jahongir ismli followerining: "Gulnora Karimova, siz o‘zingiz tanqid qilayotgan odamlardan nima bilan ajralib turasiz? Savolim ritorik savol emas, balki ochiq savol", - deb qilgan murojaatiga, prezidentning qizi quyidagicha javob berdi:

"Jahongir Yo‘ldosh, Sevganlarimni sevaman va Xudo meni sevadi! Sizning ritorikangizga esa, ochig‘i, chich.. qo‘ydim. Tushunarli bo‘ldi deb umid qilaman. Bekorga vaqtimni olmang".

Bu kabi javobdan Jahongir aftidan biroz bezovta bo‘ldi.

"Gulnora Karimova, sahargi 4dan qo‘pol ekansiz-ku! =) Men axir savol yo‘llagandim xolos. Endi meni buning uchun SNB emas, sizning odamlaringiz urib ketishmasa bo‘ldi", - deya gap qaytardi.

Your contact details
Disclaimer