Hindiston Mirrix sayyorasini zabt etgan to‘rtinchi davlat bo‘lmoqchi

Image copyright 1

Hindiston o‘z tarixida ilk bor Mirrix sayyorasiga o‘zining fazogirsiz apparatini uchirdi.

Hind Fazo Agentligi rahbarining BBCga aytishicha, yangi loyiha Hindistonning Mirrix orbitasini zabt etib, u yerda tajriba o‘tkazishga qodirligini ko‘rsatadi.

Fazo apparati Grinvich vaqti bilan soat ertalabki 9:08 da Shrixarikot kosmodromidan Hindistonning o‘zida ishlab chiqarilgan raketa tashuvchi yordamida fazoga yo‘l oldi.

Agar, apparatning parvozi rejaga muvofiq kechsa, u 300 kunda, ya‘ni kelasi yilning sentyabr oyida Mirrixga yetib boradi.

Ayrim kuzatuvchilar so‘nggi yangilikka Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa Osiyo davlatlari orasidagi fazo poygasining navbatdagi ko‘rinishi sifatida baho berishmoqda.

Bizning tadqiqotlarimiz

"Sayyoralararo tadqiqotlar - ma‘nisizlik emas. Hindiston o‘rganishga arzigo‘lik bir talay jihatlarni topdi", - deydi "Mullard" Britaniya ilmiy tadqiqotlar markazidan professor Endryu Kouts.

Professorning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, hindistonlik olimlar Mirrix sayyorasida metan gazi bor-yo‘qligi va undan ochiq fazoga gazlar qanday sur‘atda chiqayotganini aniqlashmoqchi.

Chunki Yerdan turib va orbitaga chiqarilgan turli apparatlar vositasida olib borilgan tadqiqotlar Mirrix sayyorasida metan gazi borligini ko‘rsatgan.

Ammo NASAning Mirrixning sirtida ishlayotgan "Kyuriositi" apparati hozircha u yerda bunga to‘qnash kelmagan.

Ayon bo‘lishicha, metan Mirrix atmosferasida uzoq saqlanib turmaydi. Bu esa, uning manbasi borligiga dalolat qiladi.

Yer sayyorasidagi metanning 95 foizi bakteriyalar yordamida ishlab chiqariladi.

Ammo metan biologik bo‘lmagan jarayonlar, jumladan, vulqonlarning faoliyati ta‘sirida ham paydo bo‘ladi.

Mirrixga fazo apparati uchirish loyihasi Hindistonda o‘tgan yil ma‘qullangandi.

Hindistonlik olimlar Yer va Mirrix bir-biriga yaqin bo‘lgan paytda fazoga uchirish uchun uni bir yilning o‘zida yasab bitkazishdi.

Murakkab vazifa

Lozim yo‘nalishga tushib olib, Mirrixgacha bo‘lgan 780 million chaqirim yo‘lni bosib o‘tishi uchun fazo apparati 30 noyabrgacha barcha dvigatellarini ishga tushirib olishga ulgurishi kerak.

Hindistonlik olimlar ham buning qanchalik qiyinligini anglab turishibdi: Chunki shu paytgacha Mirrixga amalga oshirilgan parvozlarning faqat yarmiga yaqini muvaffaqiyatli bo‘lgan, xolos.

Ayrimlar esa, Mirrixga parvoz uchun 100 million dollar sarflash qanchalik oqilona ish bo‘lganini savol ostiga olishmoqda.

Chunki Hindiston qorni to‘yib ovqat yemaydigan bolalarning soni bo‘yicha dunyodagi eng peshqadam davlatlardan biri sanaladi.

Ammo loyiha tarafdorlariga ko‘ra, bu unchalik ham katta mablag‘ emas va Hindiston iqtisodiga talaygina foyda ham keltirishi mumkin.

"Hindistonda nochorlar ko‘p. Ammo iqtisodi jadallik bilan rivojlanib bormoqda va "Katta yigirmalik"ka ham kiradi. Aksariyat hollarda odamlar qashshoqlik mavjud ekaniga qaramay, dunyoda o‘z o‘rnimiz borligini anglab yetishmaydi. Biz nafaqat kambag‘allar haqida qayg‘urishimiz, balki dunyo ilm-faniga ham o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim", - deydi "Oxfam" xayriya tashkilotidan Nisha Agraval.