Ilk bor poytaxt Kobulda O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari qo‘lga olindi

Image copyright BBC World Service

Afg‘onistonlik xavfsizlik mas‘ullariga ko‘ra, hibsga olingan bu ikki shaxs Kobulda terrorchilik amaliyoti uyushtirish rejasida bo‘lishgan.

Ularning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, Fahim va Ibodulloh Pokistonda 40 kunlik tayyorgarlikdan o‘tib, ayni shu maqsadda Afg‘oniston poytaxtiga kelishgan.

Hibsga olingan ikkovlon bundan avval Afg‘onistonning qo‘shni Tojikiston bilan chegaradosh Badaxshon viloyatida kechgan so‘nggi qaqshatqich janglarda ham faol ishtirok etganliklariga iqror bo‘lishgan.

Ammo, xabarlardan ayon bo‘lishicha, ular, hatto, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Islomiy Harakati qayta faollashgani aytilayotgan Afg‘oniston shimolidan ham emaslar.

Ikkovlonning ham Afg‘onistonning poytaxt Kobulga yaqin markaziy Maydon Vardak va Parvon viloyatlaridan ekanliklari ma‘lum bo‘lgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakati faollarining tashviqoti bilan unga a‘zo bo‘lib kirishgan.

Mintaqaviy kuzatuvchilar ham so‘nggi ikki-uch yil ichida harakatning Afg‘onistondagi faoliyati kengayib borayotganini ta‘kidlashadi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati

O‘zbekiston Islomiy Harakati AQSh boshchiligidagi harbiy ittifoq kuchlarining 2001 yilgi harbiy amaliyotlari ortidan qo‘shni Pokistondan boshpana topib kelayotgandi.

Oxirgi yillarda esa, harakatning Afg‘onistonning Markaziy Osiyo bilan chegaralariga yaqin shimoliy mintaqalarida qayta faollashishga muvaffaq bo‘lgani kuzatiladi.

Mahalliy mas‘ullar yaqinda mintaqada chuqur ildiz otgan ishsizlik va nochorlik bois, afg‘on yoshlari orasida harakat saflariga o‘tib ketayotganlar soni keskin ortib borayotganidan ham xavotir izhor etishgandi.

So‘nggi hodisa esa, O‘zbekiston Islomiy Harakatining hozirga kelib, hattoki, poytaxt Kobulga ham kirib borayotganiga dalolat qiladi.

Shu yil boshida Kobuldagi prezidentlik saroyiga uyushtirilgan yirik hujum ortida ham O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari turganliklari gumon etilgandi.

Harakatning hozir yana Markaziy Osiyo qolib, Qofqoz mintaqasidan ham yangi jangarilar yollashga urinayotgani haqida xabarlar bor.

O‘tgan yaqin yillar ichida mahalliy va xalqaro ittifoq kuchlari tomonidan Afg‘onistonning bir qancha shimoliy viloyatlarida harakatning oddiy a‘zolari qolib, qator yuqori martabali qo‘mondonlari ham qo‘lga olinishgan.

Ammo shu kunga qadar hibsga olingan shaxslarning qayerda saqlanishayotgani yoki ularning ustlaridan biror bir mahkama jarayoni bo‘lib o‘tganmi-yo‘qligi borasida deyarli xabarlar yo‘q.

Mintaqadagi muxbirlarimizga ko‘ra, ular aksariyat hollarda afv etib, qo‘yib yuborilishadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakati O‘zbekistonga hujum qilish va rejim bilan kurashish maqsadidan voz kechmagan.

Ammo, ularning ta‘kidlashlaricha, harakatning rejimni yiqitish potentsiali mavjud emas va O‘zbekiston uchun ko‘proq bezovtalik omili bo‘lib qolaveradi.