Peterburgda "rus marshi" o‘zbekistonlikning o‘limi bilan yakunlandi

Tadbir avvaliga tinch o‘tgan, keyinchalik bosqin va do‘pposlashlar bilan yakunlangan
Image caption Tadbir avvaliga tinch o‘tgan, keyinchalik bosqin va do‘pposlashlar bilan yakunlangan

Peterburg shahri metro stantsiyalarining birida o‘zbekistonlik migrantning jasadi topilgan. Huquq tartibot organlari migrant millatchilik sababidan o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Rossiyaning eng yirik shaharlaridan bo‘lmish Peterburgdagi "rus marshi"da mingdan ortiq odam qatnashgan.

O‘zbekistonlik ekanligi aytilayotgan migrantning jasadi 4 noyabr kuni soat 15:30 da "Rыbatsskoye" metros tantsiyasida topilgan. Bu haqda fontanka.ru sayti huquq tartibot organlariga tayanib ma‘lumot berdi.

Noma‘lum shaxslar o‘zbekistonlikka bir necha marotaba pichoq bilan jarohat yetkazgan. Jarohat natijasida erkak kishi voqea joyida jon taslim qilgan. Uning shaxsi borasida hozircha ma‘lumot berilmagan.

Ayni vaqda huquqni muhofaza qilish organi xodimlari jinoyat sodir etilgan hududga o‘rnatilgan kuzatuv kameralarini ko‘rib chiqmoqda, deya yozadi fontanka.ru.

Tergov qo‘mitasidagi manbaaning jurnalistga aytishicha, qotillikning sabablaridan biri milliy adovat bo‘lishi mumkin. Video tasvirlarda pichoq urayotgganlarning millatchilarga xos kiyinib olgani e‘tiborni tortgan.

4 noyabr kuni boshqa shaharlarda bo‘lgani kabi mingdan ortiq millatchilar Peterburgda ham namoyishlarga chiqqan.

"Rus marshi" deya nom olgan ushbu yig‘in avvaliga tinch o‘tgan. Ammo bir necha guruhga bo‘linib olgan millatchilar metro va bozorlarda slavyan ko‘rinishida bo‘lmaganlarni do‘pposlagan.

"Udelnaya" metro bekatida 40 dan ortiq millatchilar slavyanlarga o‘xshamaganlarni bir boshdan do‘pposlay ketishgan.

Keyinchalik internetda paydo bo‘lgan videoda poyezd "Udelnaya" bekatida to‘xtaganida sport kiyimidagi yoshlar qo‘shni vagonga yugurib o‘tishadi va ruslar o‘xshamagan yo‘lovchilarni ura ketadi.

Hujum uyushtirganlar "O‘ldiringlar", "Hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun" deya baqirishadi.

Guvohlar jarohat olganlar borligini aytishgan. Yo‘lovchilar vahimaga tushgan holda vagonlar qochib boshqasiga kirishgan.

Politsiya ushbu bekatda to‘qnashuv bo‘lganini tasdiqlagan.

Shundan so‘ng millatchi yoshlar Udel bozoridagi bosqinlarda ishtirok etish uchun chiqqani taxmin qilinadi.

Guvohlar millatchilar Udel bozorida bosqin uyushtirganini va o‘q ovozlari eshitishganinin aytishgan.

Politsiya "Rus marshi"dan so‘ng turli tartibsizliklar bilan 54 kishining qo‘lga olinganini bildirgan.

Rossiyadagi millatchilar amaliyoti ularning o‘zi ta‘kidlashicha, tub aholining eng katta yurishi hisoblanadi.

"Russkiy marsh" harakatining ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi sahifalari rus xalqini yurishga qo‘shilishga chaqiriqlar, hamda rus bo‘lmagan aholi, xususan Markaziy osiyolik muhojirlar va Qofqozlik fuqarolarga qarshi millatchi bayonotlar va shikoyatlar bilan to‘lgan.

Ayni paytda rossiyalik inson haqlari faollari hukumatdan Rossiyadagi rus bo‘lmagan aholi, xususan mehnat muhojirlarini diskriminatsiya qilinishiga chek qo‘yishni so‘ramoqda.

Your contact details
Disclaimer