Gul Muhammad sunniylikdan voz kechib, nima ish qildi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

35 yoshli Gul Muhammad aka musulmon o‘zbek. Yaqin-yaqingacha mazhabi ham sunniy bo‘lib kelgan.

U kishi hozir Afg‘onistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh shimoliy Mozori Sharif shahridagi Balxi Bo‘ston mahallasida yashaydi.

Gul Muhammad yaqinda yashirincha o‘z mazhabidan voz kechib, shialikni qabul qilgan.

Ammo uning bu qarori mahalladoshlarining keskin noroziliklariga sabab bo‘lgan.

Ular Gul Muhammadni, hatto, dindan chiqanlikda ham ayblashgan.

Qarindoshlari esa, noma‘qul ish qilganligini aytib, u kishi bilan aloqalarini shart kesishgan.

Gul Muhammad Mozori Sharifdagi muxbirimiz Hayotulloh Shaybon bilan suhbatida aytishicha, kimningdir puli yoki aldoviga uchib, shia mazhabiga o‘tmagan.

U o‘qimishli, savodxon kishi.

Gul Muhammadga ko‘ra, shia mazhabi ta‘limotini o‘qib, o‘rganib, yoqtirib qolgach, sunniylikdan voz kechishga qaror qilgan.

"Yo‘q, agar birov menga pul bergan bo‘lsa, 200 rupiyaga mardikorchilik qilarmidim", - deydi Gul Muhammad.

Agar, yaqinlarining so‘zlariga qaralsa, Gul Muhammadni bu yo‘ldan qaytarishga rosa urinishgan, ammo bunga muvaffaq bo‘lishmagan.

"Bir kecha Oqchadan, Fayzoboddan, hamma qarindoshlar bir yerga yig‘ildik. Ammo u shialikdan voz kechmasligi, jannatga borishini aytib, turib oldi. Sizlar hammalaringiz kofirsizlar, do‘zaxga ketasizlar dedi", - deydi uning qaynog‘asi hamkorimiz bilan suhbatda.

Uning aytishicha, o‘sha kundan buyon Gul Muhammad bilan ham, uning onasi bilan ham bordi-keldilarini uzishgan.

Muxbirimizga ko‘ra, Gul Muhammadning qaroriga Shariat nima deydi, degan savoliga mahalliy ulamolarning javoblari ham bir xil bo‘lmagan.

"Ulamolardan biri Gul Muhammad sunnatni tark etibdi, boshqasi esa, u gunohkor bo‘lmagan, har bir odam qaysi mazhabni xohlasa, o‘ta oladi, bunga to‘sqinlik yo‘q deyishdi", - deydi.

Uning lavhasidan ayon bo‘lishicha, ba‘zi ulamolar esa, o‘z javoblarini ochiq ayta olmasliklari, aks holda so‘zlari janjalga sabab bo‘lishi mumkinligini ta‘kidlab, o‘zlarini olib qochishgan.