Vladivostok tug‘ruqxonasiga o‘zbekistonlik ayolni qabul qilishmagan

Image caption Politsiya xodimlari ayolni tug‘ruqxonaga olib kirishgandan bir necha daqiqa o‘tib chaqaloq tug‘ilgan

Rossiya axborot vositalari xabar berishicha, Vladivostokdagi 1-tug‘ruqxonaga dardi tutib kelgan o‘zbekistonlik muhojir ayol dastlab qabul qilinmagan.

Guvohlarning aytishicha, mahalliy tug‘ruqxona xodimlari ayolning puli va hujjatlari yo‘qligini ro‘kach qilib qaytarishgan.

Tug‘ruqxona xodimlari ayolni ko‘chaga haydashgach, og‘riqning zo‘ridan yo‘l chetida yotib qolgan ayolni o‘sha atrofda yashaydigan kishilar ko‘rib qolib, politsiyaga xabar berganlar.

Guvohlar soat birlarda tug‘ruqxona eshigini taqillatib, yordam so‘raganlarini, ruxsat berishmagach MChS va politsiyaga xabar berishganini aytganlar.

Politsiya xodimlari ayolni tug‘ruqxonaga olib kirishgandan bir necha daqiqa o‘tib chaqaloq tug‘ilgan.

Ayni paytda politsiya tug‘ruqxona xodimlarining harakatlari qanchalik qonuniyligini tekshirayapti.

Shifokorlar o‘zlarining noinsoniy harakatlarini ayolning yonida shaxsini tasdiqlaydigan hujjat va tug‘ruq uchun puli yo‘qligi bilan oqlashgan.

Voqeaga tegishli hujjatlar surishtiruv idoralariga topshirilgani aytilmoqda.