Tojikistonda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bugun, Tojikistonda prezidentlik saylovlari o‘tayotgan 6 noyabr chorshanbada qator internet nashrlari va YouTube video tarmog‘iga to‘siq qo‘yilgani aytilmoqda.

Markaziy Saylov Komissiyasi xabar berishicha, saylov maskanlari ochilgan dastlabki soatlardayoq saylovchilarning 40 foizi ovoz berib bo‘lgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bunday bo‘lishi mumkin emas.

Mustaqil Saylov Komissiyasi ertalabki 10 gacha 1,7 million saylovchi ishtirok etganini ma‘lum qildi.

"Saylovlar hamma huquqiy me‘yorlar asosida o‘tmoqda. Hozircha Mustaqil Saylov Komissiyasiga qonunbuzarliklar haqida birorta ham shikoyat tushgani yo‘q. Saylovchilarning o‘ta faolligi kuzatilmoqda", - deb aytgan Tojikiston komissiya raisi Shermuhammad Shohiyon.

Muxolifat vakillari rasmiy ma‘lumotlarning haqiqiyligiga shubha bildirishmoqda.

Kuzatuvchilarning fikricha, Tojikistondagi prezidentlik saylovlaridan "syurpriz" kutmasa ham bo‘ladi.

20 yildan ortiq Tojikistonni boshqarayotgan janob Rahmonning 2006 yildagi saylovda 79 foiz ovoz to‘plagani xabar qilingan, bu yilgi saylovda esa u faol kampaniya yuritmagan.

Aksincha, u mamlakatning turli hududlariga safarlar uyushtirgan, Tojikiston matbuoti esa bu ishchi safarlarini juda keng yoritgan.

Buni esa Prezident Rahmon muxoliflari bir yoqlamalik deb tanqid qilganlar.

Poytaxt va boshqa shaharlarda katta-katta suratlari osilgan janob Rahmonni Tojikistonda shaxsga sig‘inishni paydo qilishda ham ayblashmoqda, uning o‘zi bu ayblovlarni rad etadi.

Amaldagi Prezident Imomali Rahmon saylovlarda g‘olib chiqishiga shubha qilinmayapti.