Olimpiada mash‘alasi Bayqonurdan fazoga olib chiqildi

Image copyright Reuters
Image caption Xavfsizlik tufayli parvoz davomida mash‘ala yoqilmagan

"Soyuz" fazo kemasi bortida Sochi Olimpiadasi mash‘alasi bilan Qozog‘istonning "Bayqonur" fazo stantsiyasidan parvoz qildi.

Olimpiada mash‘alasi birinchi bor fazoga olib chiqilmoqda.

2014 yil Qishki O‘yin tashkilotchilari mash‘alaning an‘anaviy estafetasiga fazo bosqichini ham qo‘shishga qaror qilishdi.

Fazo kemasi parvozi uchun 1961 yil Yuriy Gagarin osmonga ko‘tarilgan joy tanlangan.

Raketaga maxsus olimpiada ramzi va Sochi olimpiadasi belgisi chizilgan.

"Soyuz" kemasi shuningdek, 38-ekspeditsiya a‘zolari bo‘lgan yaponiyalik Koichi Vakata, rossiyalik Mixail Tyurin va amerikalik Richard Mastrakkioni Xalqaro fazo stantsiyasiga yetkazadi.

Xavfsizlik tufayli parvoz davomida mash‘ala yoqilmasligi aytilgan. Havo bo‘lmagan ochiq fazoda esa olov yonmasligi ma‘lum.

Shu boisdan mash‘alaning fazoga olib chiqilishi ramziy ma‘noda ega.

Shanba kuni rossiyalik fazogirlar Oleg Kotov va Sergey Ryazanskiy ochiq kosmosga chiqishadi va mash‘alani qo‘lma-qo‘l uzatib suratga tushishlari kutilmoqda.

Shu bilan birga mash‘alaning ochiq kosmosda nafaqat uzatish, balki suratga tushirish va videoga olish ancha murakkab vazifa bo‘lib, fazogirlar bunga bir necha oy fazodagi kabi turli sharoitlarda tayyorlanishgan. Mash‘ala ochiq kosmosga uchib ketmasligi uchun u fazogirlarga bog‘lanadi.

Olimpiada mash‘alasi 11 noyabrda Yerga olib tushirilishi kerak. U mash‘ala bilan 2014 yil fevralda Sochi olimpiadasi olovi yoqiladi.