Suriya armiyasi Damashq yaqinidagi isyonchilar anklavini qayta ishg‘ol etdi

Image copyright Reuters
Image caption Suriyadagi janglarda bugunga qadar rasman 100 mingdan oshiq inson halok bo‘lgan

Suriya qo‘shinlari Damashq yaqinida isyonchilar nazorat etayotgan muhim shaharni qayta ishg‘ol etdi, deya xabar bergan davlat matbuoti va faollar.

Suriya davlat televideniyesiga ko‘ra, hukumat kuchlari Sbeynehni ishg‘ol etgan va "terrorchilar" shahardan siqib chiqarilgan.

Britaniyada joylashgan Suriya Inson haqlari kuzatuvchilari guruhining aytishicha, Sbeyneh isyonchilarning Damashq yaqinidagi eng muhim istehkomi bo‘lgan.

Ayni damda, nozirlar Suriyada qolgan yana ikkita kimyoviy kombinatni tekshirib chiqqanliklarini ma‘lum qilganlar.

Ular hozirga qadar 23 kimyoviy inshootdan 21 tasini nazoratdan o‘tkazgan esalarda, qolgan ikki inshootni ko‘zdan kechirish nihoyatda qiyin bo‘layotgandi.

Nozirlarning aytishicha, Halab yaqinidagi kimyoviy inshoot bo‘sh bo‘lgan.

Sbeynehning davlat nazoratiga o‘tgani haqidagi xabar payshanba kuni davlat televideniyesi orqali e‘lon qilingan.

"Bizning jasur armiyamiz Damashq viloyatining Sbeyneh va G‘azalah mintaqalari ustidan nazorat o‘rnatdi... Terrorchilarning u yerdagi oxirgi istehkomlari yo‘q qilindi", - deya xabar bergan Suriya davlat televideniyesi.

Suriya hukumati isyonchilarni "terrorchilar" deb ataydi.

Suriya Inson huquqlari kuzatuvchilari guruhining direktori Rami Abdul Rahmon hukumatga Livandagi Hizbulloh jangchilari va boshqa hukumatparast qurolli guruhlar yordab berishgan.

"Damashq janubidagi isyonchilar barcha ta‘minot yo‘llaridan ayrilib qolishdi", - deb aytgan u.

Ikki yil muqaddam Suriya prezidenti Bashar al-Assadga qarshi qurolli isyon boshlanganidan buyon 100 mingdan oshiq inson halok bo‘lgan va ikki millionga yaqin odam mamlakatni tark etgan.