"Yosir Arofat poloniy bilan zaharlangan"

Image copyright Getty

Falastinning sobiq rahbari Yosir Arofat radioaktiv poloniy moddasi bilan zaharlangan bo‘lishi mumkin.

Shvetsariyalik patologoanatomlar xulosasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lgan"Al-Jazira" telekanali shunday xabarni bermoqda.

Yosir Arofatning kasallik tarixida aytilishicha, u 2004 yil insultdan vafot etgan.

Shifokorlar Arofat leykemiyaga chalingan deb taxmin qilishgandi.

Biroq uning o‘limidan so‘ng Arofat zaharlab o‘ldirilgani haqida gumonlar bildirildi. Shu shumonlar orqasidan Arofatning jasadi eksgumatsiya qilingan edi.

Shvetsariyalik mutaxassislar keltirishicha, jasadda yuqori miqdorda radioaktiv poloniy moddasi topilgan. Bu esa Arofat zaharlangan bo‘lishi mumkin, degan fikrni beradi.

Shu bilan birga shvetsariyaliklarning ta‘kidlashicha, tadqiqot uchun manbalarning yetarli emasligi va o‘limdan buyon sakkiz yil o‘tgani hamda boshqa sabablar mushkulliklar tug‘dirgan.

Ayni paytda Parijda chiqish qilgan Arofatning bevasi Suxa Arofat shifokorlar xulosasi siyosiy qotillik sodir etilganini tasdiqlashini aytgan.

"Ular bizning shubhalarimizni tasdiqlashdi. Arofat tabiiy sabablar tufayli vafot etmagan, u o‘ldirilgani, siyosiy qotillik sodir etilganini rasman tasdiqlandi", degan Suxa Arofat.

Image copyright Getty
Image caption Arofatning bevasi Suxa shifokorlar xulosasi eriga nisbatan siyosiy qotillik sodir etilganini tasdiqlashini aytgan

Shvetsariyalik mutaxassislar Arofatning kiyimi, ro‘moli va tish cho‘tkasida "favqulodda yuqori" darajadagi poloniy-210 borligini aniqlashgan.

Shuningdek uning tanasidan chiqqan ajralmalarda ham poloniy bor.

Shunga qaramasdan, tekshiruvchilar "o‘lim poloniy-210 tufayli sodir bo‘lgani" haqida ehtiyotkorlik bilan tasdiqlaydi.

Reyter agentligiga ko‘ra, Suxa Arofat erining o‘limida aniq bir shaxslarni keltirmagan, faqat erining dushmanlari ko‘p bo‘lganini aytgan.

Arofatning o‘limi yuzasidan patologoanatomik tadqiqotlarni bir vaqtda Frantsiya va Rossiya mutaxassislari ham olib borishgan. Oktyabr oyida Rossiya vakillari Arofat jasadida hech qanday poloniy moddasi topilmaganini bildirishdi.

Isroil hukumati mutaxassislarning oxirgi xulosasiga shubha bilan qaragan.

Ko‘pgina falastinliklar Yosir Arofat isroil josuslik xizmati tomonidan zaharlanganiga ishonadi.

Arofatning jasadi qoldiqlari 2012 yil Ramallada qazib olingan va tashhis uchun kerakli manba olingandan so‘ng darhol o‘rniga qaytib qo‘milgan.

Poloniy-210 yuqori darajadagi radioaktiv modda bo‘lib, 2006 yil xuddi shu moddadan rossiyalik sobiq josus Aleksadr Litvinenko Londonda zaharlanib o‘lgan edi.