"Yosir Arofatning o‘limida yagona gumon Isroil"

Falastindagi tergov qo‘mitasidan aytishlaricha, Falastinning sobiq rahbari Yosir Arofatning o‘limida faqat Isroil gumon qilinmoqda.

Tergov qo‘mitasidan aytishlaricha, oxirgi ilmiy tekshiruvlardan ma‘lum bo‘lishicha, 2004 yilda janob Arofat yoshi keksaligi, salomatligi yoki tabiiy sababdan hayotdan ko‘z yummagan.

Ramalloh shahrida matbuot anjumani o‘tkazgan Falastin tergov qo‘mitasi rahbari Tavfiq Tiraviy aytishicha, ushbu tergov Yosir Arofatning o‘limi uchun Isroil javobgarligini aniqlashiga ishonadi.

"Yosir Arofatni o‘ldirishda poloniydan foydalanilganmi yoki boshqa moddadan, bu men uchun muhim emas. Xavfsizlik va tibbiy komissiya a‘zosi sifatida mening ixtiyorimda bo‘lgan element menga Yoqir Arofatning o‘ldirilganini aytayapti va Isroil Yosir Arofatni o‘ldirgan. Buni men o‘ylab chiqarayotganim yo‘q. Bu bayonotlar, bular Isroil liderlari o‘z vaqtida qilgan Yosir Arofat ketishi kerak, yo‘q bo‘lishi kerak, degan bayonotlar. Mikrofonlar o‘chirilgan deb o‘ylab telefonda so‘zlashgan (Bosh vazir Ariyel) Sharon va (Isroil Mudofaa vaziri Shaul) Mofaz Afrofat g‘oyib bo‘lishi kerak deganlarini eshitamiz. Bu Isroil aytgan so‘zlar. Men yana bir marta takrorlamoqchimanki, Arofatning qoni uchun Isroil javobgar", deb aytgan Tavfiq Tiraviy.

Image copyright Getty

Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, tekshirishlar yana davom ettirilishi kerak va haqiqatning tagiga yetish lozim.

Isroil Yosir Arofatning o‘limiga o‘zining aloqasi borligini inkor etib keladi.

Shu hafta boshida Shveytsariyada o‘tkazilgan tekshirishlar natijasi e‘lon qilindi.

Tekshirish natijalariga ko‘ra, Ramallohdagi maqbarasidagi Yosir Arofatning jasadi eksgumatsiya qilinganida uning tanasida poloniy radioaktiv moddaning darajasi 18 baravar baland bo‘lgan.

Falastin muxtoriyatining asoschisi va birinchi rahbari Yosir Arofatning salomatligi 2004 yil oktyabrida yomonlashgan va u Ramallohdagi shifoxonaga yotqizilgan.

Ahvoli tobora yomonlashaverganidan keyin Frantsiyadagi shifoxonaga o‘tqazilgan.

Barcha davolashlarga qaramasdan, Yosir Arofat komaga tushgan va 2004 yilning 11 noyabrida 75 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.

Yosir Arofatning zaharlab o‘ldirilgani haqidagi ko‘plab da‘volar ilgari surilgan.